Ilon Mask OpenAIʼga qarshi sud ishida yutqazdi
Ilon Mask OpenAIʼga qarshi mashhur da’vo ishida yutqazdi.
Kaliforniya sudi Ilon Maskning OpenAI va uning bosh direktori Sem Altmanga qarshi da’vosini rad etdi, deb xabar beradi BBC. Hakamlar hay’ati ishni bir ovozdan rad etdi, chunki Mask da’vo muddati tugaganidan keyin ish qo‘zg‘atgan.
OpenAI ishi bilan bog‘liq boshqa da’volar (Microsoftʼga qarshi) ham rad etildi.
Milliarder kompaniyani o‘zining asl notijorat g‘oyasidan voz kechganlikda aybladi. Mask sun’iy intellekt texnologiyalari foyda uchun emas, balki «insoniyat manfaati uchun» rivojlanishiga umid qilib, OpenAIʼga 38 million dollar sarmoya kiritganini da’vo qildi.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, Altman OpenAIʼni tijorat loyihasiga aylantirish orqali uni yo‘ldan ozdirgan. Biroq, kompaniyaning muvaffaqiyatga erishishiga uning dastlabki moliyalashtirishi yordam bergan.
Da’voda Microsoft bosh direktori Satya Nadella ham tilga olingan (da’vogar uni sxemada ishtirok etganlikda ayblagan).
Mask 2018-yilda direktorlar kengashidan ketganidan so‘ng, OpenAI Microsoft bilan yaqindan hamkorlik qila boshladi va katta investitsiyalarni jalb qildi. Keyinchalik u milliardlab dollar daromad keltirgan ChatGPTʼni chiqardi. Ilon Maskning hisob-kitoblariga ko‘ra, OpenAIʼning bugungi qiymati 500 milliard dollarga yetishi mumkin.
Mask oxir-oqibat kompaniyadan 65 milliard dollardan 109 milliard dollargacha, Mikrosoftdan esa 13 milliard dollardan 25 milliard dollargacha kompensatsiya talab qildi.
OpenAI operatsion modeldagi o‘zgarish sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun mablag‘ jalb qilish uchun zarur ekanligini da’vo qildi. Maskning o‘zi ham bir vaqtlar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan va hatto kelajakda kompaniya ustidan nazoratni saqlab qolishni xohlagan edi.
Uch hafta davomida hakamlar hay’ati ichki yozishmalarni ko‘rib chiqdi va sud ishtirokchilarining ko‘rsatmalarini tingladi. Ularning qaror chiqarishi uchun ikki soatcha vaqt ketdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter