Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Agar Koreyada bo‘lganida... yoki vatanparvarlik haqida

Agar Koreyada bo‘lganida... yoki vatanparvarlik haqida

Hamma bir-biri tomon qadam tashlashi lozim.

Foto: «Rolitforums.net»

Yon qo‘shnilarimiz bilan chegaralar ochilganidan boshlab ko‘cha-ko‘yda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham asosan har ikkala davlatdagi narxlarni solishtirish bilan, qaysi davlatda nima arzonu nima qimmatligini muhokama qilish bilan bandmiz.

Tojikistonda bo‘lib qaytgan tanishlardan, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan shuni bildikki, Tojikistonda oziq-ovqatlar bizdan biroz qimmat, xalq tilida «bitovaya texnika» deb ataluvchi uy-ro‘zg‘or buyumlari esa bizdan arzon ekan. Shuningdek yon qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham ahvol shunday.

Yo‘llar ochilib, qo‘shni davlatlarga bemalol, emin-erkin borib kelish imkoni bo‘layapti. Ma’lum summadagi turli mahsulotlarni mamlakatimizdan qo‘shni davlatlarga, qo‘shni davlatlardan yurtimizga bemalol olib kirish mumkin. Bojxona nazorat-o‘tkazish punktlarini odam bosib ketgan.

Qo‘shni davlatlardan «uyoqda arzon ekan» deb turli buyumlarni yurtimizga olib kirayotgan odamlarni ko‘rib kecha bir hamyurtimiz «bularda vatanparvarlik yo‘q» deb ayblabdi. To‘g‘ri-da, agar odamlarimiz o‘sha davlatlardan olib kirayotgan buyumlarini o‘zimizdan xarid qilsalar bu bilan o‘zimizning iqtisodiyotimizga munosib hissa qo‘shgan bo‘lar edi. Ammo tirikchilik, «sendan ugina, mendan bugina» degan gaplar bor.

Esimda, 1990-yillarning oxirida dunyo bo‘ylab iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi. O‘shanda inqiroz Janubiy-Sharqiy Osiyodagi bir qator mamlakatlar qatori Janubiy Koreyani ham chetlab o‘tmadi. Mamlakatda oltin-valyuta zaxiralari kamayib, chet el valyutalarining narxi tez oshib ketaverdi. Shunda mamlakat prezidenti o‘z xalqidan yordam so‘rab murojat qildi. O‘sha murojaatdan keyin janubiy koreyaliklar qo‘llaridagi ortiqcha valyuta va tilla buyumlarni olib borib bankka topshira boshladilar. Albatta, o‘sha valyuta va tillalar shunchaki yordam sifatida emas, qarz sifatida olindi. Janubiy Koreya aholisi o‘z hukumatiga ishondi. Hukumat ham ularning ishonchini oqladi va keyinchalik mamlakat iqtisodiy inqirozdan chiqib olganidan keyin olingan tilla va valyutalar aholiga foydasi bilan qaytarib berildi.

Janubiy koreyaliklarning o‘sha vatanparvarligi bilan yurtdoshlarimizning o‘z iqtisodimizga zarar yetkazib bo‘lsa-da biroz arzonligi uchun qo‘shni davlatlardan qandaydir buyumlarni tashishlari o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Koreyslarning o‘sha vatanparvarligi har qanday tahsinga loyiq. Ular vatanparvarligi uchun hukumat ham munosib javob bera olishiga ishonadi. Ularda mabodo biron tabiiy ofat yuz berganda ham hukumatning roli bilinadi va hukumat o‘z fuqarolariga imkoni boricha yordam beradi.

Xo‘sh, bizda-chi? Odamlar va hukumat o‘rtasida Janubiy Koreyadagiday ishonch bormi? Unchalik emas. Odamlar mutasaddilarga ishonishmaydi. Bunga esa ularning yetarlicha asoslari bor.

Uzoqqa bormay, o‘tgan yilning kuzida, shu yil bahorda mamlakatimizning ayrim hududlarida qattiq shamol ba’zi odamlarning uylarnining tomini, hatto to‘sinlari bilan ag‘darib tashlagan holatlar bo‘ldi. Birgina mahallamizning o‘zida o‘ndan oshiq xonadonning tomini shamol uchirgani, to‘sinlari bilan ag‘darib tashlaganining guvohi bo‘ldim. Qishlog‘imiz, tumanimiz miqyosida bu ancha katta raqam edi. O‘shanda tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan insonlarning holidan na hokimiyat xabar oldi, na boshqa tashkilot. Zarar ko‘rganlar orasida qo‘li qisqaroq insonlar ham bor edi. Ularga hech bir mutasaddi yordam bermadi. Yaxshi ham xalqimiz og‘ir kunlarda bir-birini tashlab qo‘ymaydigan xalq. Ko‘pchilik bo‘lib hasharga borishdi. Tomlarni qaytadan yopib berishdi.

Hozir shularni yozayapmanu, aslida tabiiy ofatlarda mahalliy hokimiyatlarning aholiga yordam bergani yo dalda bo‘lganini eslay olmadim.

Faqat bir marta, So‘x yoki Shohimardonda odamlarning uylarini sel oqizib ketganida aholiga hukumat darajasida yordam berilganini bilaman. Boshqa holatlarni eshitmaganman yoki bexabarman.

Hammamiz ko‘rib turibmiz, bu yil qishda tuzuk qor yog‘madi. Bahorda yomg‘ir ham kam yog‘di. Daryolarimizda suv ozligi tufayli ko‘p joylarda anhor va kanallarga suv kam olinayapti. Ba’zi joylarda olinmayapti ham. Shu sababli tomorqalarda turli ekinlarni yetishtirish bu yil judayam og‘ir bo‘lmoqda. Xo‘sh, vaziyatning og‘irligini ko‘rib turgan mutasaddilar kerakli idoralarga murojat qilib, taklif kiritib, aholidan olinadigan tomarqa solig‘ini yoki fermerlardan olinadigan daromad solig‘ini hech bo‘lmaganda yarmiga qisqartirsa maqsadga muvofiq bo‘lmasmidi? Ammo hozircha bu ish hech kimning xayoliga kelmayapti.

Ana shunday holatlarda chegaraning uyog‘idan buyoqqa bizdan arzonligi va ozgina foyda uchun buyum tashiydigan odamlardan vatanparvarlik talab qilish uchun kishining kallasi katta bo‘lishi kerak.

Aholining ishonchini tiklash uchun avvalambor rasmiylar, mutasaddilar, joylardagi hokimlar birinchi qadamni tashlashi lozim. Chunki o‘rtada ishonch yo‘qligi uchun odamlar hech qachon birinchi qadamni tashlamaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring