TEPSCO O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirmoqchi
Yaponiyaning Tokyo Electric Power Services Co. (TEPSCO) kompaniyasi O‘zbekistonda energetika tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shirkat vakillari ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri.
«O‘zbekistonda so‘nggi 15 yilda ko‘plab loyihalarni amalga oshirdik. Jumladan, 2015-2022-yillarda To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishida munosib darajada konsalting xizmati ko‘rsatdik. Navoiy issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihada ham ishtirok etdik. Kompaniyamiz texnik-iqtisodiy asoslash, loyihalashdan tortib qurilish va xizmat ko‘rsatishga qadar bo‘lgan xizmatlarni qamraydi. O‘zbekiston bilan hamkorlik ijobiy natija bermoqda. Biz ushbu hamkorlikni izchish davom ettirish niyatidamiz», — dedi TEPSCO kompaniyasining xalqaro loyihalar bo‘limi bosh menejeri Shinsaku Yoshimizu.
Ma’lumot o‘rnida: Navoiy IESda bunyod etilayotgan navbatdagi 3-sonli bug‘-gaz qurilmasining o‘rnatilgan quvvati 650 MVtni tashkil etadi. Moliyalashtirish manbai JICA (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) mablag‘lari bo‘lib, loyihaning shartnoma qiymati 128,2 mlrd iyenani tashkil etadi.
Yapon shirkati, shuningdek, energetika sektori salohiyatini oshirish yo‘nalishida Toshkent, Navoiy va To‘raqo‘rg‘on IESlarida kadrlar tayyorlash va ekspluatatsiya ishlarini optimallashtirish loyihasida ham qatnashmoqda. Loyiha texnik xizmat va samarali boshqaruvni ta’minlash uchun inson resurslarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi. 36,6 mlrd iyenalik kredit shartnomasi 2021-yil 14-apreldan 2027-yil 14-iyunga qadar amalga tatbiq etiladi.
«Ushbu loyiha bo‘yicha TEPSCO o‘zbekistonlik mutaxassislarni Yaponiyada o‘qitmoqda. Biz ish faoliyatimizda yagona oyna tamoyiliga asoslangan kompleks yondashuv orqali yuqori xizmat ko‘rsatishga intilamiz», — dedi kompaniyaning jamoatchilik bilan aloqalar ofisi bosh menejeri Hiro Hasegava.
TEPSCO dunyoning 20 ga yaqin davlatida, jumladan, Ozarbayjon, Vetnam, Misr, Malayziya, Bangladesh, Indoneziya, Uganda, Mozambik, Myanma va Tayvanda ofis hamda sho‘’balarga ega.
Elektr energetikasi sohasida yetakchilardan biri deb tan olingan kompaniya JICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi donorlar ko‘magida butun dunyoda, xususan, Osiyo, Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropada energetika bo‘yicha loyihalarni amalga tatbiq etmoqda.
Ma’lumki, 2015-yilning sentyabr oyida BMT sammitida 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari tasdiqlangan edi. TEPSCO o‘z faoliyati mobaynida mazkur maqsadlar ro‘yobiga hissa qo‘shishni ham ko‘zda tutadi.
Kompaniya faqat issiqlik elektr stansiyalari bilan cheklanib qolmay, gidroenergetika, elektr tarmoqlari, qayta tiklanuvchi energiya, raqamli yechimlar bo‘yicha ham faoliyat yuritadi.
Kompaniyaning ko‘plab loyihalari ODA (Official Development Assistance) — Yaponiya hukumatining rasmiy yordami hisobidan amalga oshiriladi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 20-dekabr kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammitida Yaponiyaning zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni to‘liq bartaraf etishga erishish borasidagi tajribasini e’tirof etib, Yaponiya tomoni bilan «yashil» energetikani rivojlantirish bo‘yicha samarali issiqlik stansiyalari, quyosh va shamol energiya qurilmalarini barpo etish loyihalarini birgalikda ishlab chiqishni taklif etgandi.
Ikki davlat o‘rtasida shakllantirilgan qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi kooperatsiya loyihalari portfelida ham ko‘plab sohalar qatori energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratilgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter