Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Bolasini o‘ldirganni vahshiy deymiz... Nogiron farzandiga qaragan onaga esa ish stajini hisoblamaymiz

Bolasini o‘ldirganni vahshiy deymiz... Nogiron farzandiga qaragan onaga esa ish stajini hisoblamaymiz

Foto: «Xabar.uz»

Qo‘qon shahri «Sunbula» mahalla fuqarolar yig‘ini Sarkor ko‘chasi 27-uyda yashovchi Sayyora Botirova to‘rt qiz va ikki o‘g‘ilning onasi. Turmush o‘rtog‘i Botirov Adhamjon ustachilik bilan shug‘ullanadi. Oilada bitta nogiron qiz katta bo‘lmoqda.

– Ikkinchi farzandimiz Sanobarxon Botirova 1984-yil 31-mayda tug‘ilgan. Dunyoga kelganida to‘rt muchasi sog‘ edi. 1985-yili ikkinchi – poliomiyelitga qarshi emlashdan keyin bir kun ichida oyoqlari kutilmaganda orqasiga qayrilib, ko‘kragi oldinga bo‘rtib chiqdi. Qo‘llari esa buralib, hech qayeri ishlamay qoldi, — deydi Sayyora opa ko‘zlariga yosh olib. – Ko‘rsatmagan joyimiz qolmadi. Toshkentga ham olib bordik. Professorlar bu bola nogiron bo‘lib qolibdi, doimiy muolajalar olib turilsa, ehtimol yaxshi ham bo‘lib ketar, ammo umid yo‘q deyishdi. Biz esa umidimizni uzmadik. O‘n besh yoshga to‘lguncha Toshkent shahriga ikki-uch oyda bir davolatish uchun doimiy qatnab turdik. Keyin esa bunga qurbimiz yetmay qoldi-da.

– Qizingiz tuzalib ketmadimi?

– Afsuski, yo‘q. Emlashdan keyin fojiali jabr chekkan kam sonli onalardanman. U organizmga turlicha ta’sir qilishi mumkin ekan. Men shifokor emasmanu, lekin og‘ir faktni boshimdan o‘tkazdim. Emlashni sog‘lom bolaga qilish kerakdir, muddati o‘tmaganini qilish kerakdir. Nimjon va kasalmand bolaga qilishdan tiyilinglar deyman onalarga.  Emlash shifokorning vazifasidir, ammo ona jinday hushyor bo‘lishi kerak ekan. Azobi kelganida hech kim yordamga kelmaydi. Kasal bo‘lib qolmasdan oldin o‘n oylik bolam xontaxta atrofida aylanib, erkin yurardi. Og‘ziga pechene solib bersak yer edi, o‘tirardi. Qo‘zimiz quvnardi, dilimiz yayrardi, munchoqday bir qizim bor edi. O‘zining yoshiga barcha harakati mos-monand edi.

– Dori-darmon qiynab qo‘ymayaptimi?

– O‘zi ertalab yaxshi gapirib turadi, tushdan keyin birdan gapini tushunib bo‘lmay qoladi-da. Tili aynalmay, imo-ishora qila boshlaydi. Qizim hozir 1-guruh nogironi. 336 ming so‘m nafaqa oladi. Vaholanki, davolatish xarajatlariga 400 ming, ayrim oylarda esa 500 ming so‘m ketib qolayapti. O‘zi mustaqil o‘tira olmaydi, qo‘li umuman ishlamaydi. Hozir buyragi va yuragida og‘riqlar kuchaydi. Turib-turib boshimning orqasi qattiq og‘riyapti, onajon deydi. Olti yoshida nogironlik aravachasini olib bergan edim, 2017-yil yana yangirog‘ini oldik. Ilgari, qizlarimni uzatmagan chog‘imda birgalikda aravachaga ortib berishsa, ko‘chalarni aylantirib kelar edim. Uchta qizni uzatib yubordik. Erkaklar esa doim ishda. Kechki payt kelishadi. Katta o‘g‘lim Akbar Botirov bizni boqaman deb Turkiyaga ketgan. Mebel fabrikasida ishlayapti. Uylangan. Kelinim tikuvchilik sexida ishlaydi. Ikkinchi o‘g‘limni hali uylantirmaganman. Ishsiz, kollejni tugatgan.

– Xonadoningizga kirgan respublika ishchi guruhiga bularni aytdingizmi?

– Bolaning ahvolini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Menga chuqur xayrixohlik bildirishdi. Uyni ta’mirlash bo‘yicha tegishli mutasaddilarga ko‘rsatma berishdi. Bir martalik moddiy yordam berishdi. Muammolarni bir amallab o‘zim hal qilib olaman.

– Balki taklifingiz bordir?

– Agar bizning taklif fikr o‘rniga o‘tsa albatta bor. Mana men 1980 — 2005-yillarda ko‘nchilik zavodida ishlab, 25 yillik ish stajiga egaman. O‘zi pensiyaga ellik yoshdan imtiyozli ravishda chiqishim kerak edi. Ammo 2012-yilda pensiya jamg‘armasi bunga qarshi bo‘ldi va pensiya tayinlashni rad qildi. Sizning stajingiz uch yilu bir oy va istagan joyingizga borib murojaat qilavering deyishdi. Shundan keyin adolat istab bu tashkilotning o‘sha vaqtdagi boshlig‘i Ravshan akaning, familiyasi esimda qolmabdi-da, oldiga kirdim. 30 yil kasal boqdim, axir davlatning menga birorta imtiyozi bordir, bolam dedim. Oltita bolangiz bor ekan, o‘zlari boqib olishaveradi, sizga hech qanday imtiyoz yo‘q, oltmish besh yoshingizda ham pensiya tayinlanmaydi, xonani bo‘shatib qo‘ying, vaqtimni ko‘p olmang dedi.

– Bu bo‘yicha sudga murojaat qilmadingizmi?

– Qildim albatta. Yomon o‘tib ketdi. Toshkentdagi deputatga yozdim. Ular arizamni Farg‘onaga o‘tkazishibdi. Ular ham shahar chiqargan qarorni ma’qullab berishdi. Natija bo‘lmadi. Prokuraturaning 007 ishonch telefoniga chiqdim. Qo‘qon prokuraturasiga chaqirishdi. Menga ish stajim yetmagani sababli yordam berishingizni so‘rayman deb ariza yozdirib olishdi. Sizga yordam qilamiz deyishdi. Ammo hech qanday yordam bo‘lmadi. O‘rtada qizim juda og‘ir bo‘lib qoldi. Uch yil yotib berdi. Yonidan qimirlolmay qoldim.

– Muammo yechim topmadimi?

– Mirziyeyov kelmasa topmay yotuvrarkan. O‘zi shu inson xalqning dardiga malham bo‘lib keldi. 2016-yilning oxirida prezident portaliga murojaat qildim. Bugun murojaat qilgan bo‘lsam, ertasi kuni ertalab pensiya jamg‘armasidan vakil yetib keldi. Ular mehnat daftarchamni noto‘g‘ri yuritgani uchun ko‘nchilik zavodini sudga berishdi. Sud menga 12 yil staj qo‘shdi, shundan keyin jami 15,5 yil ish stajiga ega bo‘ldim. 2017-yil mart oyida meni pensiyaga chiqarishdi.

Hozir 340 ming so‘m pensiya olaman. Ammo taklifim o‘zim uchun emas, biz kabi qiynalgan onalar uchun. Kasal farzandimga qaragan 33 yillik davrim-chi? Bu mehnat stajimni hisoblash uchun asos bo‘lmaydimi? Pensiya katta bo‘lganida hech kim norozi bo‘lmasdi-ku. O‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalarning nogironlik nafaqasi bir xil qilib belgilangan. Undan keyin guruhlarga ajratilgan holda to‘lanadi.

Birinchi guruh nogironining yonida qarovchisi bo‘lmasa bo‘lmaydi. Unga butunlay boshqa parvarish kerak. Aslida bu toifa nogironlarga qarovchi yaqinlarga qonunda qandaydir imtiyozlar yaratilishi kerak emasmi? Ilgari moliya vazirligi ruxsat bermaydi deyishardi. O‘sha vallomatlarning o‘zi kimligini prezident ham bilib yurgan ekan. Kelgandan olib tashladi. Mayli, pulni tejash kerakdir, lekin ijtimoiy yordamga muhtojlardan tejalgani yuqarmidi? Nogiron boqqan aybdormi?

O‘zingiz sog‘lom aqlga o‘ylang, ikki yoshli nogiron bola bilan o‘n yetti yoshli 1-guruh nogironining ehtiyojlari bir xilmi? Juda katta farq qiladi-ku. O‘n olti yoshga to‘lmagan bolani bemalol ko‘tarib qarashingiz mumkindir, undan keyin-chi? Qarovchi odamga talab yanada ortadi, qiyinlashadi. Ularning borgan sari kasalligi kuchayib boradi va xarajati ham ortaveradi. Balki ochilayotgan ijtimoiy dorixonalarda nogiron shaxslarga katta chegirmalarda dori-darmonlarni berishni yo‘lga qo‘yish kerakdir.  

Men imtiyoz uchun emas, Ollohning ajri uchun ishlayapman. Lekin qonunlar adolatli va ijtimoiy yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Agar xudo ko‘rsatmasin, avji yigirma yoshida bir insonning bolasi 1-guruh nogironi bo‘lib qolsa-yu, agar ona uning yonida doimiy bo‘lsa (biror joyda ishlamasa), ish stajiga ega bo‘la olmaydi. Faqat oltmish yoshga to‘lganidan keyingina eng kam oylik ish haqi bilan pensiyaga chiqishi mumkin. Bu esa sodda qilib aytganda, hech narsasiz qolding degani.

– Demak, noilojlikdan nogironlar uyiga olib borib topshirishadimi? Sizning xayolingizdan ham hech shunday fikr o‘tganmi?

– Yangi kelinlik davrimda bir-ikkita «aqlli odam» menga shunday taklifni ham aytgan. Bolani nogironlik uyiga berish sira xayolimga kelmagan. Unga qattiq bog‘lanib qolganman, juda yaxshi ko‘raman. Men mehr ichida yashadim. Qaynotam-qaynonam ham menga juda katta yordam berishgan. Qarindoshlarimizning barchasi qizimni yo‘qlab turishadi. Shu qiz nimani xohlasa, ko‘ngli o‘ksimasin deb muhayyo qilamiz. Yegani non topilmasa ham otasi albatta dori olib keladi.

Ba’zan kimdir aqli yetmay masxara qiladi, kimdir hazar qiladi. Shukri yo‘q, tarbiyasi yo‘q ayollar soppa-sog‘ bolasini o‘ldirayotganini ko‘rsam, o‘shaning o‘zini o‘ldirib qo‘ygim keladi. Yaqinda Andijonda o‘z bolasini bo‘g‘ib o‘ldirgan ayolni eshitib, o‘zimga kelolmay yuribman. Uning vijdoni yo‘q, Ollohning qahriga uchraydi. Ayollik sha’niga dog‘ tushirmaylik. Bo‘riyam bolasini og‘zida tishlab asraydi, muhofaza qiladi. Hayvondan ham battar bo‘lib qolmaylik.

Ammo ota-onadan keyin nogiron farzandlarning taqdiri qanday kechadi?! Bu meni ko‘proq tashvishga solmoqda. Agar shuni o‘ylasam, yurak bag‘rim ezilib ketadi. Biz ota-onalar farzandlarimizni, aka-ukalar, opa-singillarni bir-biriga oqibatli qilib tarbiyalashimiz kerak.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring