Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Yer o‘zi xatlanganmi? Baliqchidagi bu xarobani tadbirkor obod qilishi mumkin edi

Yer o‘zi xatlanganmi? Baliqchidagi bu xarobani tadbirkor obod qilishi mumkin edi

Foto: «Xabar.uz»

Respublika ishchi guruhi Andijon viloyatining Baliqchi tumaniga safari davomida «O‘lmas» MFY Gulobod ko‘chasida joylashgan sobiq Mashina-traktor parki (MTP) garaji hududida fuqarolar — G‘.Usmonov, B.Jalolov va Durdona Ergashevaga tegishli 10 sotixdan jami 30 sotix yer foydalanilmasdan, xarob ahvolda yotganini aniqladi. MTPning asosiy binolari esa nurab tushgan, qarovsiz va qo‘rqinchli bir holatga kelib qolgan.  

Durdona Ergasheva «O‘lmas» MFY Gulobod ko‘chasidagi 34-uyda yashaydi. U eski MTP hududidagi 10 sotix yerni maishiy xizmat ko‘rsatish, sartaroshxona va go‘zallik saloni qurish uchun, Baliqchi tumani hokimi O‘tkirbek Bektemirovning qaroriga ko‘ra, 2016-yil 20-sentyabrda tender tanlovida yutib oldi. G‘olib sifatida unga 3,4 million so‘mga yer doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan. Ammo buning uchun tadbirkor bir yil davomida 20 ta ish o‘rnini yaratgan holda qurilishga 220 million so‘m investitsiya kiritishi lozim edi.

Shundan so‘ng tadbirkor 2017-yil 16-avgustda ajratilgan yerda qurilish ob’yektini loyihalash uchun «Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i 5-32 ART-1-2»ni tasdiqlatadi. Biroq shu vaqtga qadar bu yerda, suratga ko‘rib turganingizdek, hech narsa qurilmagan, bino tugul uning poydevori ham qo‘yilmagan.

Aslida bu qarovsiz yerda sartaroshxona va go‘zallik saloni bo‘lishi kerak edi. Foto: «Xabar.uz»  

Hali 30 yoshga ham to‘lmagan tadbirkor Durdona Ergashevaga mazkur masalaga oydinlik kiritish yuzasidan ayrim savollarni berdik.

— Nega shu vaqtgacha mazkur yerda va’da qilingan qurilish ishlarini amalga oshirmagansiz?

— Savolingizga javobni sal uzoqroqdan boshlasam. O‘zim Andijon sanoat-pedagogika kollejini mehnat o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha 2007-yili tamomlaganman. 2008-yili Baliqchi tumanidagi 9-maxsus suyak kasalliklari internatiga tarbiyachi bo‘lib ishga kirdim. Internatda yoshlar ittifoqi yetakchisi ham edim. Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ilk davridan boshlab tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bildirgan qator fikrlar menga kuch va rag‘bat bag‘ishladi. Qo‘shnilarimizdan yetti ayol Turkiya va Qozog‘istonga borib ishlab keladi. Hatto emizikli bolalarini ham qaynonasiga tashlab olis yurtlarga ketishganida o‘ksinib ketaman.

Otam va ukam ham Rossiyaga borib og‘ir qurilish ishlarida mehnat qilishadi. O‘zimizda ishlab ro‘zg‘or tebratishga sharoit bo‘lsa kim ham oilasi bag‘ridan uzoqqa ishlashga ketadi?..

D.Ergasheva: «Mablag‘ muammoligidan qurilish ishlari boshlanmasdan qolib ketdi». Foto: «Xabar.uz»  

Shu sababli men bankdan kredit olib, shu joyda go‘zallik saloni, sartaroshxona, paypoq sexi ochmoqchi edim. Qurilish qilish maqsadida 2017 va 2018-yilda «Mikrokreditbank», «Hamkorbank», «Agrobank»ka 50 million so‘m kredit so‘rab bordim. Mutasaddilar kredit olish uchun garov qo‘yishimni, to‘lovlar yillik 30 foiz asosida bo‘lishini, shunda ham 3 yilga 47 milliondan ortiqcha ololmasligimni aytishdi. Men garovsiz yo‘li yo‘qmi deb so‘radim. Faqat 6 million so‘m garovsiz imtiyozli kredit olishim mumkinligini aytishdi. Shundan so‘ng mablag‘ muammo bo‘lib qoldi, qurilish ishlari esa boshlanmasdan qolib ketdi.

Ishchi guruhi o‘rganishga kelgach, bu masala bilan qiziqdi. Shundan keyin bir kun ichida «Hamkorbank» mutaxassisi bilan jiddiy muzokara qildik. Oiladagi uch kishi nomiga eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdoridan jami 51 million so‘m 7 foizli imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi. Kredit ajratilishi bilan qurilishni boshlayman. Yigirma nafar ayol-qizni ish bilan ta’minlayman. Menga qolsa o‘zbek ayollari qora mehnat uchun chetga umuman bormaganlari yaxshi.

Xatlovdagi ob’yekt qachon auksionga chiqariladi?

Mashina-traktor parkidagi holatni yanada chuqurroq tahlil qilar ekanmiz, narigi tomonida mulkdan unumli foydalanilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Adliya vazirligi huzuridagi sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentining Andijon viloyat boshqarmasi sud ijrochilarining Baliqchi tuman bo‘limi tomonidan auksionga qo‘yilgan garaj hududidagi omborxona binosi o‘z egasini topgan edi. 2016-yil 26-fevralda yakka tartibdagi tadbirkor Sherzod Niyozov 4 million 590 ming so‘mga uni sotib oladi. Bino Andijon viloyati xo‘jalik sudining 2013-yil 26-avgustdagi 17-1311/7189-ijro varaqasiga asosan xatlangan bo‘lib, umumiy qurilish maydoni 233,28 kvadrat metrga teng. Shunga asoslanib, 2016-yil 24-iyunda Baliqchi tuman hokimining xususiylashtirilgan omborxona binosiga tegishli 450 kvadrat metr yer doimiy foydalanish huquqi bilan biriktirib berilgan.

Mulk qo‘lga kiritilishi bilan tadbirkor vaqtni boy bermay 2016-yil mart oyida Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidan 10 million so‘mlik yog‘och kesish uskunasini olib kelib o‘rnatdi. Uning yoniga 5 million so‘mga to‘garak arrali dastgoh qo‘shildi. Bugun uch kishi ish bilan ta’minlangan sexda uzoq-yaqindan mijozlar olib kelayotgan yog‘ochlar uy-joy qurish uchun qurilishbop mahsulotga aylantirib berilmoqda. Bir kunda 10 kub metrgacha yog‘och qayta ishlanayapti.

Sh.Niyozovga qarashli bu korxona bir kunda 10 kub metrgacha yog‘och qayta ishlanyapti. Foto: «Xabar.uz»  

— Shukurki, ishimni ancha yo‘lga qo‘yib oldim. 2017-yili 30 million so‘m foyda oldim, — deydi 30 yoshli tadbirkor Sherzod Niyozov. — Oilada olti jonmiz. Tirikchiligimiz yomon o‘tmayapti. Uch xodimga ham oyiga 700 ming so‘mdan maosh berayapman. Ularning ham qora qozoni qaynayapti.

Ammo faoliyatimni kengaytirishim uchun yer va qo‘shimcha bino yetishmayapti. Shu sababli ishchi guruhiga tuman yer resurslari balansida bo‘lgan, hozir 37 million so‘mlik qarzi sababli sud tomonidan xatlab qo‘yilgan MTP hududidan 12 sotixli yerni foydalanishga so‘ragan edim. Bu yerga men paxta titish sexi, tegirmon, sholini oqlash dastgohi, yog‘och mahsulotlarini sotish uchun savdo maydonchasi qurish istagida edim. Bu orqali olti odam ish bilan ta’minlanadi.

Sh.Niyozov faoliyatini kengaytirishi uchun yer va qo‘shimcha bino yetishmayapti. Foto: «Xabar.uz»  

Shu masala bo‘yicha 2017-yil 28-fevralda Baliqchi tuman hokimiga ariza bilan murojaat qilgan edim. 2017-yil 6-mart kuni tuman bosh arxitektori vazifasini bajaruvchi R.Jabborov yuborgan javob xatini oldim. Xatda so‘ralgan binolar Oxunboboyev MMTP tasarrufida bo‘lganligi, hozir binolar sobiq shirkat xo‘jaligining faoliyati davomida vujudga kelgan qarzi evaziga Baliqchi tumani sud ijrochilari bo‘limi tomonidan xatlanganligi ma’lum qilingan.

«Shu munosabat bilan ushbu binolar hozir taqiqda bo‘lganligi sababli tasarruf etish mumkin emasligi ma’lum qilinadi. Ushbu murojaat yuzasidan Baliqchi tumani sud ijrochilari bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkinligi bildiriladi», — deyilgan.

Bu xatni qo‘ltiqlab, sud ijrochilari idorasiga borib, Dilshodbek degan yigitga uchrashdim. «Shu yerni olmoqchi edim, qarzi bo‘lsa auksionga qo‘yiladimi? Agar qo‘yilsa, men unda ishtirok eta olamanmi?», — deb so‘radim. Ular esa bu masala bo‘yicha tuman hokimligiga uchrashimni, muammo bu yerda hal bo‘lmasligini aytib yana ortimga qaytarishdi. Boshimni egib yana tuman hokimligiga bordim. Ular sud ishlariga aralasha olmasliklarini aytib, tarvuzimni qo‘ltig‘imdan tushirishdi. Hafsalim pir bo‘ldi. Bino haligacha qarovsiz va egasiz ekanligidan afsusdaman. Agar bu yerlar o‘z egasini topsa qancha odam ishli bo‘lib, budjetga qancha mablag‘ tushar edi deb o‘ylab qolaman. Ishchi guruhi kelgach shu fikrimni ularga ochiq aytdim.

Azmi qat’iy yigitning kuyunishida jon bor albatta. Xabaringiz bor, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yil 29-may kuni eksport-import, mahalliy budjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi tadbirlarni samarali o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Nima uchun mahalliy hokimliklar, sektorlar rahbarlari hanuzgacha budjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va jalb qilishdan ko‘zlangan maqsadni chuqur tushunib yetmayotgani kishini ajablantiradi.

Ular qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash, faoliyat ko‘rsatmayotgan yuridik shaxslar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga e’tiborsizlik qilishda davom etmoqda. Hayhotdek binoni xatlovga olgan sobiq sud ijro departamenti voris bo‘lgan Majburiy ijro byurosidan bu masalaga aniqlik kiritishini kutamiz.

Majburiy ijro byurosining Baliqchi tuman bo‘limi rahbari Shavkatjon Temirovning ma’lum qilishicha, bu masalada yosh tadbirkorga uning xodimlari yordam qilishgan. Ammo xodimlar ularda bunday xatlov hujjati mavjud emasligini, lekin tadbirkorga yordam berishga tayyorligini aytishdi. Demak, hali yerning kimga tegishli ekanligiga oydinlik kiritishga to‘g‘ri keladi. Xatlangan bo‘lsa ham uni yillab ushlab o‘tirmasdan, belgilangan tartibda auksionga chiqarish kerak emasmidi? Javobini kutib qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring