Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugundan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlandi

Bugundan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlandi

2026-yil 15-yanvar soat 00:00 dan O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining birinchi bosqichi rasman boshlandi.

Mazkur bosqich doirasida 17 kun davomida fuqarolar census.stat.uz rasmiy veb-sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijda vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarimiz uchun ham mavjud bo‘lib, ular istalgan joyda yagona identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi bo‘yicha videoqo‘llanma ushbu havola orqali taqdim etilgan.

Ma’lumot uchun: Prezidentning 2025-yil 19-sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoni asosida mazkur tadbir 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkaziladi. Aholini ro‘yxatga olish aholi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni prognoz qilish uchun zarur bo‘lgan muhim ko‘rsatkichlarni aniqlash imkonini beradi.

Ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy, ochiq va shaffof tarzda tashkil etiladi. Jumladan, savollar soni dastlab rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirilib, so‘rov jarayonining samaradorligi ta’minlandi. Ro‘yxatga olish natijasida 38 million aholiga oid yosh tarkibi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi hamda daromad manbalari bo‘yicha yagona va yaxlit ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida yerdan foydalanish holati, chorvachilik va parrandachilikka oid asosiy ko‘rsatkichlar ham aniqlanishi belgilandi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda, ya’ni 15–31-yanvar kunlari aholiga internet orqali ma’lumotlarni mustaqil ravishda kiritish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun fuqarolar census.stat.uz portali orqali OneID tizimi yordamida ro‘yxatdan o‘tib, o‘zi va oila a’zolari haqidagi savolnomani to‘ldirishi mumkin bo‘ladi.

Keyingi bir oy davomida esa «mahalla yettiligi» a’zolari ishtirokida uyma-uy yurish orqali aholidan ma’lumotlar yig‘iladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring