Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda III asrga oid noyob ustaxona topildi

Buxoroda III asrga oid noyob ustaxona topildi

«Poykent - nurafshon sharq osmoni sifatida ko‘zimga qadimiy sirli olam darvozasiday ko‘rinadi. Jamiki tangrilar va afsonalarning vatani og‘ushiga chorlayotgandek entikdim»,- degan edi qadimgi Poykentning birinchi amerikalik tadqiqotchisi Rafael Lampelli.

Qadimiy kent sanalgan Poykent Buxorodan 50 km janubi-g‘arbda, Jondor va Qorako‘l tumanlari tutashgan hududda, Zarafshon daryosining quyi oqimida Movorounnahr muzofotining janubiy qismida joylashgan.

Poykent shahri eramizdan avvalgi IV-III asrlarda Eron va Turon chegarasidagi istehkom shahar sifatida qad ko‘targan. Buxoro vohasini o‘rab olgan Kampir devor qurilishi tugallangunga qadar So‘g‘dning himoyasidagi ulkan qal’a vazifasini o‘tagan.

Poykent har doim arxeologlarni qiziqtirib kelgan.

Buxoro viloyat tarixchilar jamiyati raisi Azalshoh Hamroyevning bildirishicha, bir necha oy ilgari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti va Rossiya davlat Ermitaji Sharq bo‘limi tomonidan qadimiy Poykent shahri xarobalarida arxeologik qazishma ishlari boshlangan. Qazishma ishlarining navbatdagi jarayonida hududdan sopoldan yasalgan qozon topilgan. Mutaxassislar tomonidan mazkur noyob topilma taxminan eramizning II asriga tegishli ekanligi aniqlangan.

Tarixiy manbaaga ko‘ra, eramizning III – IV asrlarining ikkinchi yarmida Sosoniylarning bosqinchilari bilan bog‘liq siyosiy voqealar natijasida O‘rta Osiyo janubida joylashgan Poykent shahri qal’asi yangi devor bilan o‘rab olingan. Qal’a mudofaasi, mudofaa devori yonida xona va dahliz yo‘lagi tomi shiftidagi maydonchadan shinaklar orqali amalga oshirilgan. Devor yorar qurollariga dosh beradigan mustahkam tagkursi qal’a devorlarini o‘z yelkasiga ko‘tarib turgan.

Kuni kecha ana shunday mustahkam Poykent devorlari bo‘ylab olib borilgan izlanishlar davomida yana bir tarixiy topilma topilgani ma’lum qilindi.

Poykent muzeyi rahbari Normamat Sobirovning ma’lum qilishicha, arxeologik qazishmalar jarayonida yosh arxeolog Elbek Sobirov tomonidan metalgan ishlov berish ustaxonasi, ya’ni xumdon topilgan. Xumdon miloddan avvalgi III-asrga taalluqli eng qadimiy topilma, deb hisoblanmoqda.

1981-1982-yillarda Poykent janubiy shahar darvozasidan boshlangan markaziy ko‘chada X asrga oid temirchilik ustaxonasi qazib topilgan. Egasi metallga ishlov berish bilan shug‘ullangan. Bu yerdan metallsozlik hunarmandchiligiga oid ish asboblari: metall bilan ishlash uchun arra, iskana va zarb, qurol-aslaha, xo‘jalik pichoqlari, o‘roq, tesha, taqa, eshik qismlari, tamba, qulf, kalit, mix va hokazolar qiladigan asboblar topilgan. Bu arxeologlarda Poykent – metalni qayta ishlash markazi, degan taxmin uyg‘otib kelgan.

Xumdonning topilishi esa shu ilmiy farazni haqiqatga aylantirdi. Xumdondan tashqari, ekspeditsiya a’zolari tomonidan so‘g‘d yozuvi tushirilgan idishlar parchasi, Sosoniylar davrida zarb etilgan tanga va o‘q-yoylar uchlari ham topilgan. Idishlardagi so‘g‘d yozuvlari nusxasi so‘g‘d yozuvini o‘qiy oladigan mutaxassisga jo‘natilgan.

Sayohatchilarning esdaliklarida Poykent - «Mo‘’jizalar va ertaklar shahri» deya tilga olinadi. Bu mashhur antik shaharning atrofida ko‘plab qo‘rg‘onlar barpo etilgan. Poykent atrofida ko‘plab rabotlar qurilishidan ham uning hududi yanada kengayib borgan. Umumiy maydoni 20 gektarni tashkil etadi. Poykent atrofida 3000 ta rabot bo‘lganligi yozma manbalar asosida isbotlangan. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu shaharni qadimgi Xitoy tarixchilari «Pati-yan», arab tarixchilari At-Tabariy, Ibn al-Xordadbeh va Ibn Faqihlar «Madina at-tujjor»- savdogarlar shahri, Muhammad Narshaxiy «Shahristoni roin»-Bronza shahristoni yoxud «mis shahar» deya ta’riflaganlar. O‘rta asr yozma manbalarida esa shahar Boykand, xitoy solnomalarida Bi nomlari bilan yuritilgan. Uning nomlari «Quyi shahar» ma’nosini anglatadi. Poykent mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘rab olinganligi sababli «jezdan qurilgan shahriston» (jez shahar) nomi bilan ham shuhrat topgan. Qadim Poykentdan tarixiy ustaxonaning topilishi hali bu maskanning yanayam hayratlanarli yangiliklar borligidan dalolat,-dedi yosh tarixchi Shavkat Bobojonov.

Poykentda arxeologik qazishmalar davom etmoqda.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring