Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Katta emas, ammo murakkab muammo. 28 yoshga to‘ldi, lekin pasporti yo‘q...

Katta emas, ammo murakkab muammo. 28 yoshga to‘ldi, lekin pasporti yo‘q...

Foto: «Xabar.uz»

Respublika ishchi guruhi Bo‘z va Ulug‘nor tumanida o‘ta chigal bir vaziyatning ustidan chiqdi. Muammo u qadar katta emas, ammo o‘ta murakkab...

Ulug‘nor tumani «Bobur» MFY raisi Gulnoraxon O‘sarovaning aytishicha, 2017-yilda uyma-uy yurishi natijasida Pillakashlik ko‘chasi 1-uyda yashovchi Madaminjon Mustafoyevning uyiga ijtimoiy muhit va tomorqadan qanday foydalanilayotganini bilish uchun kiradi. Bu yerda bir notanish qizni ko‘rib qoladi va undan kimligini so‘raydi. O‘zini Malika Akimjonovna Ro‘ziyeva deb tanishtirgan qiz bu oilada bir yildan buyon yashayotganini aytib qoladi.

Foto: «Xabar.uz»

— Men Namangandan keldim. Bir oydan buyon shu yerda yashayapman degan qizning yuzida qo‘rquv va hadik zohir edi, — deydi mahalla raisi. — Pasportini so‘raganimda hech qanday hujjati yo‘qligini bildirdi. Ota-onasi haqida qiziqqanimda esa Namanganga Qozog‘istondan bir o‘zbekistonlik yigit olib qochib kelganini aytdi. Ulug‘norda ishlashga kelgan chog‘ida Madamin akaning o‘g‘li uni ko‘rib qolgan va yordamga muhtoj qizni uyiga olib kelgan ekan. Men albatta shubhalanib, shaxsini aniqlash maqsadida profiklaktika inspektoriga ma’lum qildim.

Mahalla raisining qo‘shimcha qilishicha, Madaminjon aka oilasi Ulug‘nordagi hovlisiga asosan qish paytlari ko‘chib keladi. Bahordan kuzgacha esa dala ishlari bilan shug‘ullanish maqsadida Bo‘z tumani Sariqjo‘ga mahallasi Ostona ko‘chasida yashashadi.

«Shahriobod» va «Bobur» mahalla fuqarolar yig‘inlariga xizmat qiluvchi profilaktika inspektori, kapitan Hayotullo Usmonov bilan muloqot chog‘ida u bu yerga ishga o‘tganiga endi bir oy bo‘lganini aytdi. Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan, hozir O‘zbekistonda yashab kelayotgan Malika Ro‘ziyeva shaxsini aniqlash va u bilan bog‘liq tezkor ma’lumotlarni olish borasida profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazilgan.

— Qizning shaxsiga aniqlik kiritish, ilgari jinoyat sodir etgan yoki etmaganini oydinlashtirish maqsadida tezkor qidiruv ishlari olib borilgan, — deydi kapitan mazkur vaziyatga aniqlik kiritib. – Ushbu shaxs biror-bir faoliyati bilan shug‘ullanmagan, ijtimoiy xavfi yo‘q. O‘zi bilan bevosita suhbatlashganimizda ushbu oilada qolish va O‘zbekiston fuqaroligini olishni istashini aytdi. Tuman pasport bo‘limi bu borada ishlamoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Qizni izlab Bo‘z tumani Sariqjo‘ga mahallasi Ostona ko‘chasiga bordik. Bizni uy egasi Madaminjon aka qarshi oldi.

— Malika 28 yoshga to‘layapti. Qozog‘istondan kelib qolgach, Namangan viloyatidagi ikkita oilada jami 8 yil yashagan, — deydi otaxon uning holiga kuyunib. — 2015 yil avgust oyida mening uyimga kelib qoldi. Bechoraning bu dunyoda bir tirgovichi yo‘q. Qiynalib, sarson-sargardon yurganida hech bir xonadon qabul qilmagan. Hech qanday hujjati yo‘q. Boradigan joyi bo‘lmagach, qish paytlari ko‘chalarda, oshxona qorovulxonalarida, xullas, qayer to‘g‘ri kelsa yashab yurgan ekan. Men yordam bermasam, u yordam bermasa, axir bu ojiz qizga kim ko‘mak beradi? Yolg‘iz boshi bilan qayerga boradi? Asrab oldim nihoyat. O‘zimning 3 o‘g‘lim, 2 qizim bor. Ammo o‘tgan davr mobaynida menga qizday bo‘lib qoldi, biror-bir nojo‘ya harakatini sezmadim. 2017-yil 13-aprel kuni avvalgi profilaktika noziri Doniyor Zuhriddinov bilan uchrashib, unga qizning hujjatlarini tayyorlash borasida yordam berishini so‘radim. Andijon shahriga olib ketishib, bir oy davomida aniq yashash va ishlash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazida yotdi. O‘zim borib olib keldim. Qiz o‘zingizda turaversin, so‘rov yuborganmiz, hujjat kelsa, aniqlashtirib sizga aytamiz deyishdi. Haligacha bir tayinli gap aytishmadi. So‘rovga bir yildan buyon javob kelmasa... Toshkentdan kelgan ishchi guruh xonadonimga kirgach, barcha holatlarni o‘rgandi, ichki ishlar vakillariga topshiriqlar berishdi. Shundan keyin meni ichki ishlar bo‘limiga chaqirishdi. Hujjatlarini tezda rasmiylashtirib beramiz deyishayapti. Bilmadim, yana qancha cho‘ziladi? Maqsadim ezgulik — shu qizning haqiqiy hujjatini olib berish, tengi chiqsa uzatish. Hozir sonda boru hisobda yo‘q. Axir u ham ko‘cha-ko‘yda erkin harakatlanishni, mehnat qilishni, baxtli bo‘lishni istaydi. Bizning millat katta urush vaqtlarida ham ming-minglab boshqa millat vakillariga yordam qo‘lini cho‘zgan. Endi bir qizga kelganda loqaydlik qilsak hech bir insoniylikka to‘g‘ri kelmasa kerag-ov.

— Yoshligimda Qozog‘istondan O‘zbekistonga kelib qolganman, — deya savolimizga aniqlik kiritish uchun javob beradi uyalchang va dardli Malika Ro‘ziyeva. – 13 yoshlarimda bir namanganlik yigit meni oilamdan olib qochib ketdi. Keyin Namangan shahridagi bozor chetiga tashlab ketdi. Oltinchi sinfgacha o‘qiganman. Shu bilan u yigitni topa olmadim. Yuraverib-yuraverib, Ulug‘norga, ushbu oilaga kelib qoldim. Bu xonadondan mehr va oqibat, hech kimda ko‘rmagan himmatni topdim. Mening ham odamlarga, jamiyatga qo‘shilgim keladi. Ko‘chaga hamrohsiz chiqishga, birovga bir gap aytishga juda qo‘rqib qolganman. Yana yo‘qolib qolishdan, yomonlar qo‘lida qolishdan cho‘chiyman.

– Ota-onangizni sog‘inmadingizmi? Ularning yoniga qaytishni istamaysizmi?

– Xohlayman. Ammo ularni qayerdan ham topaman? Telefonlari ham yo‘q. Ichki ishlarga aytgan edik, yordam qilamiz deyishdi. Kutib o‘tiribmiz, – deydi qizning ko‘zi yoshlanib.

– Qozog‘istonning qayerida tug‘ilganingizni eslay olasizmi?

– Olmaota viloyati Komxoz qishlog‘i Quyoshli ko‘chasi 24-uyda yashaganmiz. Otam Ro‘ziyev Akimjon. Onam Ro‘ziyeva Izzatbuvi. Opam Zarina Ro‘ziyeva turmushga chiqqan edi. Yana bir opam Xichama Ro‘ziyeva. Ularning taqdiri menga noma’lum. Lekin barchasini juda sog‘inganman. Agar yurtimga qaytib borsamu yaqinlarimni u yerdan topa olmasam-chi? Keyin qayerga boraman? O‘zbekistonda menga non-tuz bergan oilamni ham yo‘qotishni sira istamayman. Iltimos, menga pasport olib beringizlar, akajonlar.  

Malikaning ko‘zlaridan yosh tinimsiz oqqaniga toqat qilib bo‘lmasdi. Tumanda pasport tizimi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ko‘plab muammolar aniqlandi. Yigirma birinchi asrda inson 28 yoshga to‘lsa-da, shaxsini tasdiqlovchi bir hujjatga ega bo‘lmasa? Bir oila vasiylikka olib, o‘z farzandi kabi qabul qilib, uning istiqboli uchun qayg‘ursa-yu, nega mutasaddi idoralar bunga haligacha jiddiy e’tibor qaratmayapti? Olmaota dunyoning narigi chekkasi emaski, uning yaqinlarini bir yildan buyon aniqlashtirishning imkoni bo‘lmasa? Uning Qozog‘istonda ham ota-onasi bo‘lsa, yo‘qolgan qizini intizorlik bilan kutishayotgandir axir.

Bu masalaga yana qaytamiz.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring