Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlashga IIV va Milliy gvardiya javobgar bo‘ladi

Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlashga IIV va Milliy gvardiya javobgar bo‘ladi

Foto: «President.uz»

Kecha, 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani va unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qilgani haqida xabar bergan edik.

— Butun dunyoda mamlakat ichida tartib-intizom va jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan armiya emas, Mudofaa vazirligi emas, balki alohida tuzilmalar shug‘ullanadi. Ma’lumki, bugungi kunda biz “Xavfsiz shahar – xavfsiz mamlakat” konsepsiyasi asosida yurtimizda jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Shu munosabat bilan mana shu yangi tuzilma, ya’ni, Milliy gvardiya tashkil etildi, — dedi Prezident. — Endi bundan buyon har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya mas’ul va javobgar etib belgilanadi. Bu vazifalarni bajarish uchun Milliy gvardiya joylardagi davlat hokimiyati idoralari, jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatovga tashkiliy ishlarni tezroq yakunlab, o‘zining bevosita vazifasi bo‘lgan jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasi bilan yaqindan shug‘ullanish topshiriladi. Bundan buyon mamlakatda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasiga ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov shaxsan javobgar bo‘ladi.

Hozirgi paytda Milliy gvardiya tomonidan qo‘shinlar faoliyatining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda, shuningdek, o‘z Vataniga sadoqatli, yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.