Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jumanazar aka yagona emas. O‘zga sayyoraliklarni ko‘rgan mashhur insonlar

Jumanazar aka yagona emas. O‘zga sayyoraliklarni ko‘rgan mashhur insonlar

Kollaj: Xabar.uz

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir hamyurtimizning MY5 kanali muxbiriga bergan intervyusi ko‘p muhokama qilindi. Suhbatda Jumanazar aka uni o‘zga sayyoraliklar olib ketishgani haqida jiddiy ohangda so‘zlab bergan. U noma’lum uchar jismga (NUJ) duch kelganini aytgan yagona kishimi? Yo‘q!

Albatta, bunday hikoyalarning aksariyati jiddiy qabul qilinmaydi. Ammo, agar biron bir mashhur kishi bunday voqeani baham ko‘rsa, unga ishonuvchilar ham topiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, shou-biznes va siyosat sohasidagi taniqli shaxslar ham NUJ bilan uchrashuv holatlarini boshdan kechirishgan. Ular Yerga o‘zga sayyoraliklar yoki boshqa mavjudotlar tashrif buyurib turishadi, degan nazariyaga qat’iy ishonadilar.

1974 yilning avgust oyida «Bitlz» vokalchisi Jon Lennon Nyu-Yorkdagi kvartirasining tomida 100 metrga yaqin uchib yurgan disk shaklidagi NUJni ko‘rgan. Sherigi bilan ular uchar terelkani kameraga suratga olishga muvaffaq bo‘lishadi. Ammo keyinchalik ular g‘ayrioddiy ob’yekt fotolarda aks etmaganini aniqlaydilar. Lennon politsiyani ham chaqirdi. Aniqlanishicha, o‘shanda Nyu-York ustidan bir vaqtning o‘zida boshqa NUJ signallari bo‘lgan. Keyinchalik Lennon intervyuda bu haqda batafsil gapirib bergan.

«Rolling Stones» solisti Mik Jagger ham bunday hodisaga duch kelganini o‘rtoqlashgan. 1968-yili Glastonberi shahriga safari chog‘ida Jagger osmonda NUJni ko‘radi. U buni to‘rtburchak shaklidagi kema deb ta’riflagan. Yillar o‘tib, u konsert paytida ikkinchi marta NUJni ko‘radi. Ushbu uchrashuvlar qo‘shiqchini shunchalik hayratda qoldirdiki, u Angliyadagi mulkiga NUJ detektorini o‘rnatadi.

Marhum bokschi Muhammad Ali umrining oxirida o‘zga sayyoralik musofirlar borligiga ishongan va bunday noodatiy buyumlarni 10 martadan ko‘proq ko‘rganligini aytgan. Bir holatda yorqin nur taratuvchi tana unga juda yaqin keladi. Uning o‘zi ham bu hikoyalariga ishonadigan odamlar juda oz bo‘lganini tan oladi, ammo u o‘z so‘zida qat’iy edi.

NUJ bilan uchrashgan boshqa taniqli shaxslar orasida Devid Boui, Elvis Presli, Viktoriya Bekxem va boshqalar ham bor. Rus estradasi vakillari orasida Katya Lel, Layma Vaykule, Alla Pugacheva bor. Ba’zilari hatto ular o‘zga sayyoraliklar tomonidan o‘g‘irlangan deb da’vo qilishadi. Masalan, Xalqaro shaxmat federatsiyasining sobiq prezidenti Kirsan Ilyumjinovning NUJ bilan bog‘liq hikoyalari alohida maqola bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring