Mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratgan, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi – Prezident
Bu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar hisobiga quvvatlar bundan ham oshadi.
Dunyoda ham mazkur xomashyoga bo‘lgan talab kundan kunga ortib borayotgani ta’kidlandi. Chunki mis bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «yashil» taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib bo‘ldi.
«Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.
Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik», – dedi Prezidentimiz.
Misol uchun, «Yoshlik-1» koni. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik «Bu konni o‘zlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, eplay olmaymiz» deb o‘ylardi. Vaholanki, joriy yilning o‘zida ushbu kondan 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.
Umuman, «Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasi borligi ta’kidlandi. Ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi bo‘ladi.
Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi.
Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng ilg‘or texnologiyalari joriy qilinmoqda.
Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter