Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bizning mintaqada uchraydigan xantaviruslar odamdan odamga yuqmaydi» — Fanlar akademiyasi

«Bizning mintaqada uchraydigan xantaviruslar odamdan odamga yuqmaydi» — Fanlar akademiyasi

Foto: Reuters

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mutaxassislari xantavirus bilan bog‘liq vaziyatga ilmiy jihatdan izoh berdi.

Kemadagi voqea: «Andes» shtammi nimasi bilan farq qiladi?

May oyi boshida Atlantika okeanida harakatlanayotgan xalqaro kemalardan birida xantavirus tarqaldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bu holatga xantavirusning faqat Janubiy Amerikaga xos bo‘lgan «Andes» (Andes virus) shtammi sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu shtamm haqiqatdan ham odamdan odamga yuqish xususiyatiga ega. Biroq buning uchun oddiy yo‘tal yetarli emas. Virus faqat o‘ta yaqin va uzoq muddatli muloqotda — masalan, bitta kayutda yashaganda yoki himoyasiz bemorni parvarish qilganda yuqishi mumkin. U gripp yoki COVID-19 kabi havo orqali tez tarqalmaydi. Xalqaro ekspertlar dunyo aholisi uchun xavf darajasini juda past deb baholamoqda.

O‘zbekistonliklar xavotir olishi kerakmi?

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda odamdan odamga yuquvchi «Andes» shtammi umuman mavjud emas va hech qachon qayd etilmagan.

Mahalliy viruslar xavfsiz: mintaqada uchraydigan xantaviruslar odamdan odamga yuqmaydi. Infeksiya manbai faqat yovvoyi kemiruvchilar — sichqon va kalamushlar hisoblanadi. Virus ularning chiqindilari aralashgan changni nafas orqali yutish yoki sifatsiz saqlangan oziq-ovqat iste’moli orqali yuqishi mumkin.

Fanlar akademiyasi olimlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatdagi tabiiy o‘choqlarni doimiy nazorat qilib bormoqda. Xabarda aytilishicha, vaziyat to‘liq barqaror.

Nima qilish kerak?

Mutaxassislar fikricha, vahimaga berilmasdan, oddiy gigiyena qoidalariga amal qilish kifoya:

  • Uzoq vaqt yopiq turgan dala hovli yoki yerto‘lalarni tozalaganda albatta niqob taqish va chang ko‘tarilmasligi uchun namlab tozalash;
  • Oziq-ovqat mahsulotlarini kemiruvchilar yeta olmaydigan yopiq joylarda saqlash.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring