Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurafshon shahrida Navro‘z sayli bo‘lib o‘tmoqda (foto)

Nurafshon shahrida Navro‘z sayli bo‘lib o‘tmoqda (foto)

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

18-mart kuni Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimligi tomonidan o‘tkaziladigan joriy yilgi Navro‘z shodiyonalari boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Shahar markazidagi Toshkent yo‘li ko‘chasining ikki tomoni bo‘ylab viloyatning barcha tuman va shaharlari o‘ziga xos udumlari, urf-odatlari, madaniy qadriyatlaridan kelib chiqib muhtasham pavilon tashkil etildi.

Shu kuni Nurafshon shahrining markaziy ko‘chalaridan birida havaskorlar ishtirokida velomarafon, yoshlar o‘rtasida ommaviy yugurish musobaqasi ham o‘tkazildi. Asosiy maydon yaqinidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida voleybol, futzal bo‘yicha kichik turnir tashkil qilindi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Shuningdek, yana O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tashabbusi bilan «Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar» festivali o‘tkaziladi. Festival davomida varrak uchirish, xalq o‘yinlari ko‘rgazmali tomoshasi, kitob sayli kabilar bo‘ladi.

Navro‘z sayli o‘tadigan maydonda arzonlashtirilgan mahsulotlar savdosi tashkil qilinadi, bahoriy taomlar – sumalak, halim tadbir ishtirokchilariga tarqatiladi.

Asosiy sahnada san’at ustalari ishtirokida 80 daqiqa davom etadigan badiiy dastur taqdim etiladi. Unda xalqimizning qadimiy urf-odatlari tarannum etilgan kuy va qo‘shiqlar, folklor namunalari, boshqa millat va elatlar madaniy markazlarining badiiy chiqishlari kutilmoqda.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Ma’lumot uchun: Viloyat bo‘ylab ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazish ishlari  doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatidan qariyb 16 million tup o‘tqazildi. Viloyatda istiqomat qiluvchi 7 ming 302 ta ijtimoiy himoyaga muxtoj oila, 864 nafar yakka-yolg‘iz qariya, 30 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxsga moddiy yordam ko‘rsatilayapti, oziq-ovqat mahsulotlari – Navro‘z sovg‘alari tarqatilmoqda.

21-mart kuni viloyatdagi ikkita Mehribonlik uyida va maktab internetlarda, «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida bayram dasturxoni yoziladi, ularga maxsus sovg‘a-salomlar topshiriladi.

Shuningdek, bayram arafasida 119 nafar bolajonning sunnat to‘yi Nurafshon shahrida katta to‘y-tomosha bilan o‘tkazildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring