Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oksford, Harvard, Kembrij, Prinston: dunyoning eng yaxshi oliygohlari haqida nimalarni bilamiz?

Oksford, Harvard, Kembrij, Prinston: dunyoning eng yaxshi oliygohlari haqida nimalarni bilamiz?

Foto: «The Sun»

Dunyoning eng ilg‘or universitetlarida tahsil olishni ko‘pchilik istaydi. Lekin, buning uchun o‘ziga yarasha bilim, shuningdek, mablag‘ ham kerak. Bundan tashqari, oliygohlarga kirish uchun zarur hujjatlar haqida bilib qo‘yish ziyon qilmaydi. Quyida shu haqda ma’lumot beramiz.

Jon Nesh tahsil olgan universitet (AQSh)

Professor Jon Nesh ushbu universitetda o‘qigan.
Foto: «Times»

1746-yili asos solingan Prinston universiteti AQShdagi to‘rtinchi qadimiy oliygoh hisoblanadi. Bu yerda Nobel mukofotining 30 nafardan ortiq laureatlari tahsil olgan bo‘lib, ularning orasida mashhur iqtisodchi va professor Jon Nesh ham bor («Tafakkur o‘yinlari» badiiy filmi bosh qahramoni, rolni Rassell Krou ijro etgan). «Tayms» nashrining talqiniga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingida Prinston 7-o‘rinda bormoqda. Oliy o‘quv yurtida jami 36 ta bo‘lim mavjud.

Hujjat topshirish

Universitetga ikki xil usulda hujjat topshirish mumkin. Birinchisi, faqat bir oliygohga kirish harakatida yurganlar uchun bo‘lib, dedlayn 1-noyabrgacha, lekin universitet qarori dekabr o‘rtalarida e’lon qilinadi. Ikkinchisi, bir necha OO‘Yulariga hujjat topshirishni istaganlar uchun dedlayn 1-yanvargacha, ammo rektorat qarori 31-martgacha ma’lum etiladi.

Prinston universitetiga kiruvchi abituriyentlar kerakli anketa ma’lumotlarini to‘ldiradilar. Xorijliklar esa qo‘shimcha ravishda xalqaro so‘rovnomani ham to‘ldirishlari lozim bo‘ladi. Shuningdek, oxirgi yarim yillik baholari aks etgan maktab attestati, ikki xil fan o‘qituvchisidan tavsifnoma va SAT (Scholastic Aptitude Test) yoki ACT (American College Testing) imtihonlari natijalarini taqdim qilishlari talab etiladi. Ona tili ingliz tili bo‘lmagan va ingliz tili maktablariga bormagan xorijlik abituriyentlar esa TOEFL natijalarini ko‘rsatishlari joiz.

Ta’lim uchun to‘lov va stipendiya

2016-2017-yilda o‘qish uchun o‘rtacha 63420 AQSh dollari (bir yilga), shundan kurs uchun to‘lov 45150, yashash uchun esa 8285 dollar mablag‘ belgilangan.

Universitetda talabalar uchun stipendiya ham ajratilgan, faqat buni belgilaydigan maxsus dastur bor. Financial Aid Programme dasturiga fuqaroligidan qat’i nazar, barcha talabalar kirishi mumkin, lekin ushbu dastur ularning iqtisodiy muhtojligini inobatga oladi. Prinston universiteti rasmiy saytida maxsus kalkulyator xizmati mavjud bo‘lib, u orqali dasturda qatnashish imkoniyatini tekshirib ko‘rish mumkin.

O‘qish muddati 4 yil.

Kampus (talabalar shaharchasi)

Qadim tarixga ega universitetlar qatori Prinstonda ham kampus faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda oliygoh shaharchasi hududida o‘quv binolaridan tashqari, kutubxona, muzey, cherkov, xiyobon, bir nechta teatr, kinoteatr, restoran, kafe va barlar mavjud. Talabalar Prinston kolleji deya nomlanadigan umumiy yotoqxonalarda yashaydilar.

«Harri Potter» suratga olingan universitet
(Buyuk Britaniya)

Oksford universitetida Buyuk Britaniyaning 26 nafar bosh vaziri tahsil olgan.
Foto: «The Telegraph»

Dunyoga mashhur Oksford universitetida Nobel mukofotining 26 nafar laureati va Buyuk Britaniyaning 26 nafar bosh vaziri tahsil olgan. Qadimiyligi bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda turadigan ushbu oliygohga kirish uchun bir o‘ringa o‘rtacha 5 kishi da’vogarlik qiladi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 91 foiz bitiruvchilar o‘qitish sifatidan rozi bo‘lishgan. Eng qizig‘i, Oksfordga hujjat topshirgan abituriyentlar oliygohning azaliy raqobatchisi Kembrij universitetiga bir vaqtda hujjat taqdim etolmaydilar.

Universitetga yoshidan qat’iy nazar, istalgan odam qabul qilinadi. U yerda asosan, maktabda olingan bilimga e’tibor qaratiladi. Shu paytgacha oliygohda 140 mamlakatdan kelgan talabalar tahsil olishgan. Hozirda bir nafar xorijlik talabaga ikki nafar britaniyalik to‘g‘ri keladi.

Oksford universiteti qachon ishga tushgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. U haqdagi ilk xotiralar 1096 yilga borib taqaladi. 1167-yilda qirol Henri II farmoniga ko‘ra, angliyalik talabalar fransuz universitetidan chiqib, Oksfordda tahsil olishga majbur bo‘lishgan.

Hujjat topshirish

Oksford universitetiga hujjat topshirish muddati 15-oktabrgacha etib belgilangan, imtihon natijalari esa keyingi yilning o‘rtalarida e’lon qilinadi.

Avvalo a’lo baholar va ingliz tilini a’lo darajada bilish talab etiladi. Xorijlik abituriyentlar uchun talablar turlicha. Boshqa universitet bakalavriatidagi bir yillik tahsil hujjat topshirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Talab etiladigan minimal ballar quyidagicha: Internet-TOEFL —100 ball, IELTS — 7.0, A-Levels — AAA yoki AAA*, IB — 38, SAT-Critical Reading — 1400, SAT-Math — 1400, SAT-Writing — 700, SAT-Subject Test — 700.

Ta’lim uchun to‘lov va stipendiya

Oliygoh rasmiy saytidagi maxsus kalkulyator orqali talaba mutaxassisligi, fuqaroligi va necha yil o‘qishiga qarab, to‘lovni hisoblab olishi mumkin. Misol uchun, ushbu o‘quv yilida kimyoviy biologiya bo‘limidagi doktorlik darajasi uchun xorijlik talabalar 21703 funt sterling to‘ladilar.

Talabalar uchun stipendiya ajrataman degan xayriya jamg‘armalari juda ko‘p. Lekin talabalarning o‘zlari ixtiyoriy ravishda ularni topishga ancha qiynalishadi. Yaxshisi, universitet taklif etgan fondlardan birini tanlash kerak.

O‘qish muddati 3 yil.

Kampus

Oksford universitetida taniqli va mashhur shaxslar tahsil olganidan tashqari, bir qator sirli voqealar ham tilga tushib ulgurgan. Aynan shu yerda Harri Potter haqidagi filmlar suratga olingan, yozuvchi Lyuis Kerroll «Alisa»ni yozgan, yozuvchi Tolkiyen esa «Uzuklar hukmdori» filmidagi qal’alarni shu yerda tasvirlagan.

Universitet atrofidagi ko‘chalarda Oksfordning eng mashhur pablaridan biri joylashgan. Bu yerda o‘z vaqtida Richard Berton, Elizabet Teylor va AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton vaqtini chog‘ o‘tkazishgan. Shuningdek, 100 ta kutubxonadan iborat katta tarmoq bor bo‘lib, shundan 30 tasi Yevropadagi eng qadimiy kutubxonalar sirasiga kirsa, Angliyada kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Bodlean kutubxonasi ham joylashgan. Uning arxivida 12 milliondan ortiq namunalar mavjud.

Kembrijda joylashgan Harvard universiteti (AQSh)

Xorijliklar ham AQSh fuqarolari bilan bir xil mavqeda hujjat topshiradilar.
Foto: «New York Times»

Yana bir mashhur oliygoh — Harvard universitetiga 1636-yili asos solingan bo‘lib, AQShning eng qadimiy OO‘Yularidan biri hisoblanadi. Bu yerda boshlang‘ich ta’lim Harvard kollejida amalga oshiriladi. Har bir nomzodni qabul komissiyasining ikki xodimi ko‘rikdan o‘tkazadi. Oliy ma’lumot bilan Harvard bakalavriatiga kirish mumkin emas. Xorijliklar ham AQSh fuqarolari bilan bir xil mavqeda hujjat topshiradilar.

1900 yildan boshlab Harvard universiteti va Massachusets texnika instituti (MTI) talabalari o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi. Lekin bu do‘stona raqobat keyinchalik hamkorlikka aylanadi: ikki oliygoh talabalari bir-birinikidagi o‘quv kurslariga bepul qatnashishlari yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjat topshirish

Arizalar 1-noyabr va 1-dekabrgacha qabul qilinadi, vaqtliroq va hamma bilan birga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar uchun ikkita muddat belgilangan.

Hujjat topshirishning ikki xil yo‘li bor: Universal College Application yoki Common Application anketalari to‘ldiriladi. Arizani sayt orqali to‘ldirish yoki ko‘chirib olib, nashrdan chiqarib, pochta orqali ham yuborish mumkin. Ammo ariza berish tekin emas, atigi 75 dollar. Arizada test va imtihonlar natijalari ham ko‘rsatilishi kerak.

17 yoshdan yuqori bo‘lgan abituriyentlardan a’lo baholarga to‘la maktab attestati va kirish imtihonlarining yuqori ballari talab etiladi. Eng kam ball rasman belgilanmagan, ammo aksariyat talabalar SAT I va SAT IIning har bir qismini 600 dan 800 balgacha topshirishgan.

Ta’lim uchun to‘lov va stipendiya

Harvard universitetida bir yil o‘qish uchun to‘lov o‘rtacha 45278 dollar etib belgilangan, boshqa xarajatlar bilan summa 69600 dollargacha oshishi mumkin.

Universitet o‘qish pulini to‘lay olmaydigan talabalar uchun moliyaviy yordam ko‘rsatadi. To‘liq miqdorda stipendiya olish uchun talaba oilasining yillik xarajati miqdori 65000 dollardan oshmagan bo‘lishi lozim.

O‘qish muddati 4 yil.

Kampus

Harvardda jami uchta kampus bor, ularning orasida transport harakati yo‘lga qo‘yilgan. Sakson besh gektar maydonga ega birinchi kampus Massachusets shtatidagi Kembrij shaharchasida joylashgan. Uning hududida ma’muriy bino, kutubxona, muzey, o‘quv binolari va yotoqxonalar joylashgan. Qolgan ikkita kampus Ellston va Longvudda joylashgan.

Oksforddan haydalgan olimlar ochgan oliygoh
(Buyuk Britaniya)

Bu yerda 700 yildan beri eng kam ball olgan talabaga yog‘och qoshiq taqdim etiladi.
Foto: «Daily Mail»

Kembrij — Buyuk Britaniyaning eng qadimiy tarixga ega yana bir universiteti bo‘lib, dunyo bo‘yicha barcha reytinglarda yetakchilik qiladi. Bundan 800 yil oldin qotillikda ayblangan talaba tufayli Oksford universitetidan haydalgan olimlar ushbu oliygohni tashkil qilishgan. Bu yerda ko‘hna an’analarga sodiq qolingan: 700 yildan beri eng kam ball olgan talabaga yog‘och qoshiq taqdim etiladi.

Hujjat topshirish

Arizalar UCAS umumuniversitet tizimi va Kembrij ichki shakli orqali har yili 15-oktabrgacha qabul qilinadi. Aprel-may oylarida universitet tomonidan taklif etilgan dasturlarni abituriyentlar o‘zlari o‘qib olishlari lozim. Sentyabr-dekabr oylarida esa xorijlik abituriyentlar yoki oliygohning o‘zida yoki Kembrij belgilagan biror mamlakatda suhbatdan o‘tishlari kerak (bu yil Avstraliya, Kanada, Xitoy, Hongkong, Singapurda bo‘lib o‘tdi).

Qabul komissiyasining asosiy e’tibori abituriyentning ixtisoslik fanidan Britaniya tizimi bo‘yicha a’lo bahoga o‘qiganiga qaratiladi. Shuningdek, ma’lum muvaffaqiyatlar ham hisobga olinadi: olimpiada va tanlovlarda g‘oliblik, tadqiqot ishlarida faollik, konferensiyalarda qatnashish. Bundan tashqari, IELTS shkalasi bo‘yicha 7.0 ball olish talab etiladi.

Ta’lim uchun to‘lov va stipendiya

2016-2017-o‘quv yilida xorijlik talabalar o‘quv uchun to‘lov miqdori 15816 dollardan boshlandi. Bundan tashqari, bunga yiliga 9400 funtdan to‘g‘ri keladigan yashash uchun to‘lovni ham qo‘shish darkor.

Xorijlik talabalar uchun grantlar miqdori juda kam bo‘lib, bu haqda batafsil ma’lumot olish uchun ma’muriyatga murojaat etish kerak. Ko‘p grantlar aspirant va magistrantlar uchun atalgan.

Kampus

Kembrij universiteti tarkibida 31 ta kollej bo‘lib, har bir kollej o‘z hududi, infratuzilmasi va boshqaruv tarikibiga egadir. Universitet kampusida bir qator mashhur muzeylar va 100 tadan ortiq kutubxonalar mavjud.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring