Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston JSTga qo‘shilish yo‘lida 2025-yilda nimalarga erishdi?

O‘zbekiston JSTga qo‘shilish yo‘lida 2025-yilda nimalarga erishdi?

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan kelishuvlar haqida qisqacha post qoldirdi.

Urunovning ta’kidlashicha, 2025-yil O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida hal qiluvchi va aniq natijalarga boy yil sifatida tarixga kirdi. Yil davomida muzokaralar jadallashdi, qonunchilik JST talablariga chuqur moslashtirildi va eng yuqori siyosiy darajada faol ishtirok ta’minlandi.

Shuningdek, yilning asosiy natijalari quyidagilardan iborat:

Muzokaralar jarayoni
2025 yil yakuniga kelib, O‘zbekiston JSTga a’zo davlatlarning 34 tasidan 33 tasi bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Jami 40 dan ortiq muzokara raundlari hamda Ishchi guruh yig‘ilishlari o‘tkazilib, 200 dan ziyod yozma savollarga javob berildi. Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Avstraliya kabi yirik savdo hamkorlari bilan kelishuvlarga erishildi. Hozircha faqat bitta ikki tomonlama muzokara ochiq qolmoqda.

Xalqaro va yuqori darajadagi muloqot
Yil davomida JST Bosh direktori bilan yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazildi, Nyu-York va Jenevadagi muhim xalqaro tadbirlarda ishtirok etildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlangan uchta xalqaro anjuman tashkil etildi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Jenevaga rasmiy tashrifi esa JSTga qo‘shilish jarayoniga kuchli siyosiy irodani yana bir bor namoyon etdi.

Qonunchilikni moslashtirish va institutsional islohotlar
2025-yilda JST talablariga muvofiq 30 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Ular qatorida O‘zbekiston Respublikasining 4 ta qonuni, 8 ta Prezident farmoni va qarori, 12 ta Vazirlar Mahkamasi qarori hamda 6 ta idoraviy hujjat mavjud. Shu bilan birga, yana 29 ta qonun hujjati loyihasi tayyorlandi. Bojxona tartibga solish, eksport bojlari, savdo himoya vositalari, intellektual mulk, texnik reglamentlar, sanitariya va fitosanitar hamda texnik to‘siqlar sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

Salohiyatni oshirish va texnik ishlar
Yil davomida 30 ta ixtisoslashtirilgan o‘quv seminari o‘tkazilib, 60 nafardan ortiq davlat xizmatchilari JST bitimlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tdi. 1200 dan ziyod normativ hujjatlar ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqildi va JST kotibiyatiga 65 ta rasmiy bildirishnoma hamda hujjat taqdim etildi.

Bozorga kirish va sohaviy majburiyatlar
Tovarlar va xizmatlar bo‘yicha majburiyatlar jadvallari yuzasidan sezilarli ilgarilash qayd etildi va ularni yakuniy mustahkamlash bosqichiga o‘tildi. Eksport bojlari, tranzit erkinligi va savdoni yengillashtirish masalalari bo‘yicha JST qoidalariga muvofiq yakuniy muhokamalar boshlandi. Shuningdek, sohaviy JST kelishuvlarida faol ishtirok ta’minlandi.

2026-yilga rejalar

Kelgusi yilda asosiy e’tibor quyidagi vazifalarga qaratiladi:

  • qolgan yagona ikki tomonlama muzokarani yakunlash;
  • ko‘p tomonlama muzokaralar va Ishchi guruh hisobotini tugatish;
  • qonunchilikni to‘liq moslashtirish hamda JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qat’iy yakunga yetkazish.

«2025-yil O‘zbekistonning qoidalarga asoslangan savdo tizimiga, ochiqlikka va jahon iqtisodiyotiga integratsiyaga bo‘lgan qat’iy intilishini yaqqol namoyon etdi. Qo‘lga kiritilgan natijalar izchil institutsional hamkorlik, kuchli siyosiy qo‘llab-quvvatlash va JST a’zolari bilan konstruktiv muloqot samarasi bo‘ldi», – deb yozadi Azizbek Urunov. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring