O‘zbekiston tajribasi xalqaro darajada e’tirof topmoqda
2025-yilning 1-dekabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga start berilgan edi.
Bugun, 3 dekabr kuni haftalik doirasida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi Milliy ma’ruza taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Mahallalar uyushmasi va Milliy media birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
Yangi O‘zbekiston rivojlanishi bosqichida ilk bor tayyorlangan ushbu ma’ruza mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning chuqur tahlili sifatida e’tirof etildi.
Milliy ma’ruzaning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda demokratik islohotlar natijasida shakllangan fuqarolik jamiyatining bugungi qiyofasini xolis baholash, erishilgan yutuqlar, zamonaviy chaqiriqlar va istiqboldagi strategik yo‘nalishlarni belgilashdan iborat.
Milliy ma’ruzada fuqarolik jamiyati institutlari (FJI)ning rivojlanish dinamikasi va tendensiyalari, ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan huquqiy va institutsional sharoitlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi ishtiroki kabi muhim masalalar tahlil qilingan.
Tadbirda har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan mazkur haftalik FJI faoliyatini rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va ushbu yo‘nalishdagi islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun muloqot maydoni vazifasini o‘tayotgani e’tirof etildi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash sohasida butunlay yangi bosqich boshlanishiga asos bo‘ldi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya FJI maqomini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib, unda ilk bor “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlangan maxsus XIII bob kiritilishi tarixiy voqelik bo‘ldi.
Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari tizimi aniq tasniflanib, ularga jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) hamda ommaviy axborot vositalari kiritildi.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga solishga yo‘naltirilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda. Jumladan, 2021 yil “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlanib, Konsepsiya sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi, mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgiladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini islohotlarga keng jalb qilish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish maqsadi belgilandi.
Yana bir muhim o‘zgarish. 2024 yil 26 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan sohada muhim institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti, subsidiya va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha bosqichlarni qamrab oluvchi va inson omilini keskin kamaytiruvchi yagona elektron platforma ishga tushirildi.
2025 yilda fuqarolik jamiyati institutlari muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ jalb qilindi.
Shuningdek, O‘zNNTMA raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqi berildi.
Ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash natijasida bugun O‘zbekistonda 9 627 ta NNT, 9 008 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 2 490 ta ommaviy axborot vositalari hamda 3 000 ga yaqin turli jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Ularda 150 mingdan ortiq shaxslar mehnat qilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimizning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi tajribasi va qadriyatlari xalqaro e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, O‘zbekistonning “mahalla tizimi”ni isloh qilish bo‘yicha noyob tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida “Mahalla — ijtimoiy boshqaruvning samarali modeli” sifatida e’tirof etilib, Markaziy Osiyo va boshqa rivojlanayotgan davlatlar tomonidan namuna sifatida o‘rganilmoqda.
Ta’kidlash zarurki, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izlanish va harakatlar davom etmoqda. Erishilgan natijalar keyingi maqsadlarning muqaddimasiga aylanmoqda.
Buni bugun bo‘lib o‘tgan davra suhbati misolida ham ko‘rish mumkin. Unda ishtirokchilar fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari hamkorligini mustahkamlash, NNTlar faoliyatiga oid axborot ta’minotini kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish kabi masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Shuningdek, NNTlarning ijtimoiy innovatsiyalar va grant menejmentidagi raqobatbardoshligini, jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalariga oid qator takliflar ilgari surildi.
Davra suhbatida ishtirok etgan Belgiyalik mutaxassis, “Diplomatic World” institutining loyihalar direktori Alberto Turkstra qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati sohasidagi ildam odimlar, islohotlar amalda o‘z samarasini yaqqol namoyon etayotganini ta’kidladi.

– O‘zbekiston bu yo‘lda YeI va boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgandi, ammo uni ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olmadi. Islohotlar milliy davlatchilik an’analari, mentalitet va mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqib moslashtirilgani ularning hayotiyligini ta’minladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Bryusselda imzolagan hujjatlarida ham fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, jamoatchilik ishtiroki va institutsional hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi vazifalarni o‘z ichiga olgan. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikka ochiqligi va demokratik islohotlarga sadoqatini tasdiqlaydi, – dedi Alberto Turkstra.
Qizg‘in munozaralarga boy bo‘lgan davra suhbati misolida, fuqarolik jamiyati haftaligi – yangi tashabbus va loyihalar taqdimotlari uchun ochiq maydon vazifasini o‘tamoqda deb aytish mumkin. Ushbu maydon yangi g‘oyalarga, hamkorlik rishtalariga, innovatsion loyihalarning ishga tushishiga xizmat qimoqda.
Davra suhbati yakunida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” to‘g‘risidagi Milliy ma’ruzaning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha aniq taklif va xulosalari keng jamoatchilikka yetkazilishi qayd etildi.
Abdumutallib O‘KTAMOV, jurnalist.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter