Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Rossiya: Sog‘liqni saqlash vazirlari uchrashdi

O‘zbekiston va Rossiya: Sog‘liqni saqlash vazirlari uchrashdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Avval xabar berganimizdek, Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziriligining delegatsiyasi mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida delegatsiya a’zolari bilan vazirlik rahbariyatining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova tibbiyot va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari hamda bu boradagi yangi loyihalarni atroflicha muhokama qildilar, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Uchrashuvda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov prezident Vladimir Putinning taklifiga binoan Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi doirasida vazirliklar o‘rtasida bir qator hujjatlarning imzolanishi sog‘liqni saqlashda ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish borasidagi hamkorlikka zamin yaratganini ta’kidlab o‘tdi. Kadrlar malakasini oshirish yo‘nalishida yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yillar davomida 600 dan ziyod mutaxassislarimiz Rossiyada malaka oshirishgan bo‘lsa, Rossiyaning 300 nafar nufuzli mutaxassislari yurtimizda mahorat darslari, ko‘rgazma va ma’ruzalar tashkil etish hamda murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishdi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot universitetlar o‘rtasida ham faol aloqalar mavjud. 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab yurtimizda I.M.Sechenova nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu borada qo‘shma fakultetlarni tashkil etish, bakalavriat, magistrlik va klinik ordinaturada ta’lim dasturlarini tayyorlash borasida shartnomalar tuzildi.

Shuningdek, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida «Pediatriya ishi» va «Davolash ishi» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etiladi.

Joriy yil sentyabrdan Rossiyaning Xalqlar do‘stligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti birgalikda «Dermatovenereologiya» yo‘nalishida qo‘shma fakultet ochish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida «Davolash ishi» va «Klinik psixologiya» yo‘nalishida ham qo‘shma fakultetlar tashkil qilinadi.

Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali bilan birgalikda esa oltita: «Akusherlik va ginekologiya», «Bolalar jarrohligi», «Travmatologiya», «Pediatriya», «Stomatologiya» va «Onkologiya» yo‘nalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilish ham ko‘zda tutilgan.

V.Skvorsova O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zgarishlarni, xususan, majburiy tibbiy sug‘urta tizimini tatbiq etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, bolalar va keksalarni sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalarida «har bir davolangan holat» uchun klinik harajat guruhlari bo‘yicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimining joriy etilayotganini e’tirof etdi. Mehmon o‘zaro tajriba almashish va sohada olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’limni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Qayd etilishicha, delegatsiya a’zolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalar hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga tashrif buyuradilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring