O‘zbekistonda aholini onlayn ro‘yxatga olishda rekord qayd etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi 173-son farmoniga muvofiq, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlari ikki bosqichda o‘tkazilmoqda.
Ro‘yxatga olishning birinchi — onlayn bosqichi 2026 yilning 15–31 yanvar kunlari census.stat.uz portali orqali amalga oshirildi. Ushbu bosqichda aholining faol ishtiroki va raqamli xizmatlarga bo‘lgan yuqori ishonchi natijasida kutilganidan ancha yuqori qamrovga erishildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 17 kun ichida mamlakatdagi jami xonadonlarning 82,3 foizida istiqomat qiluvchi 30 milliondan ortiq aholi onlayn tarzda savolnomani to‘ldirib, ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida rekord sifatida qayd etildi. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonda 60 kunda aholining 40 foizi, Belarusda 25 kunda 22 foizi, Rossiyada esa 31 kunda 16 foizi onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Qisqa muddatda bunday natijaga erishilgani aholining raqamli savodxonligi, elektron xizmatlardan foydalanish madaniyati va raqamli platformalarga bo‘lgan ishonchi oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Ro‘yxatga olish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish maqsadida maxsus axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, u jismoniy shaxslarni identifikatsiya raqami asosida aniqlaydi, takroriy ma’lumotlarni avtomatik ravishda saralaydi hamda xatoliklar bilan to‘ldirilgan savolnomalarni ajratib oladi.
Onlayn bosqichda ishtirok etmagan yoki ma’lumotlarni noto‘g‘ri kiritgan fuqarolar uchun ro‘yxatga olishning ikkinchi bosqichi 4–28 fevral kunlari o‘tkaziladi. Bu davrda “mahalla yettiligi” vakillari uyma-uy yurib, ma’lumotlarni planshetlar orqali census.stat.uz platformasiga kiritadilar.
Tayyorgarlik jarayonida 2025 yil dekabr oyida respublika bo‘yicha 7,6 milliondan ortiq turar joy ob’yektlarining GPS-koordinatalari aniqlashtirildi. Bu esa ro‘yxatga olish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatish va ma’lumotlar sifatini nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” tizimidagi 55 mingdan ortiq xodim uch bosqichli maxsus treninglar orqali tayyorlandi. Natijalarning ishonchliligini ta’minlash maqsadida 10–15 foiz hajmda qayta tekshiruv ishlari amalga oshiriladi.
Axborot tizimining barqaror ishlashi uchun yetarli server quvvatlari ajratilgan, axborot va kiberxavfsizlik choralari ko‘rilgan. Fuqarolar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar qonunchilikka muvofiq muhofaza qilinadi, maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda foydalaniladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter