O‘zbekistonda yo‘llarga qariyb 5,5 mingta kamera o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Ichki ishlar vazirining avtomobil yo‘llaridagi foto va video qayd etish qurilmalarining samaradorligi hamda yo‘l harakati sohasiga axborot texnologiyalarini joriy etish ishlariga oid parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda respublika bo‘yicha 5 425 ta foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatilgan. Ularni joylashtirishda yo‘l-transport hodisalari tahlili, harakat intensivligi, yo‘l infratuzilmasi holati va aholi murojaatlari inobatga olingan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2022–2025-yillarda yo‘l chiziqlarini chizish, texnik vositalar o‘rnatish va infratuzilmani rivojlantirishga 978,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Bu davrda 78 844 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilgan, 49 380 ta belgi yangisiga almashtirilgan hamda 1 081 ta svetofor obyekti yangidan qurilgan.
Parlament so‘rovi deputatlarning hududlarda aholi bilan uchrashuvlari davomida kelib tushgan murojaatlar asosida yuborilgan. Xususan, fuqarolar ko‘chma fotoradarlar faoliyati, sun’iy yo‘l notekisliklari va yo‘llardagi ba’zi cheklovlar yuzasidan e’tiroz bildirgan.
Shundan so‘ng, yo‘llarda o‘tkazilgan xatlovlar natijasida 132 ta harakatni cheklovchi belgi va 202 ta to‘xtash hamda to‘xtab turish belgisi olib tashlangan.
Bundan tashqari, yo‘llarda noqonuniy o‘rnatilgan 203 ta turli to‘siq va 308 ta sun’iy notekislik bartaraf etilgani ma’lum qilindi.
Vazirlik hisobotiga ko‘ra, mazkur choralar natijasida joriy yilning dastlabki to‘rt oyida yo‘l-transport hodisalari 17,7 foizga kamaygan.
Majlisda mazkur yo‘nalish bo‘yicha tizimli parlament nazorati olib borilishi qayd etildi. Ichki ishlar vazirining javobi esa ma’lumot uchun qabul qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter