Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentning yangi farmoni qabul qilindi

Prezidentning yangi farmoni qabul qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan hujjat qabul qilindi

Prezidentining «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. 

Mazkur Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-fevraldan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va «Kambag‘al oilalar reyestri» negizida yangi Ijtimoiy reyestr joriy etiladi. 

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib quyidagi toifalarga ajratiladi: 

 — davlat ta’minotidagi oila - mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan, har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar; 

 — kambag‘al oila - mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar; 

 — kambag‘allik chegarasidagi oila - bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha bo‘lgan oilalar. 

Yangi Ijtimoiy reyestr davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordamni manzilli, adolatli va ehtiyojga mos tarzda tashkil etishga xizmat qiladi.

Qabul qilingan Farmonga muvofiq,«Mahalla yettiligi» ga og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayrim oilalarni tavsiya asosida «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga kiritish huquqi berildi. 

Mazkur toifaga quyidagi oilalar kiritilishi mumkin: 

 — I va/yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yoki bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs mavjud oilalar; 

 — boquvchisini yo‘qotgan yoki bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan oilalar; 

 — o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar; 

 — oila a’zosi muddatli harbiy xizmatda yoki jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oilalar; 

 — oila a’zosi psixiatriya, narkologiya, sil kasalliklari dispanserlarida hisobda turgan, onkologiya markazlarida ro‘yxatda bo‘lgan yoki gematologiya, immunologiya, jigar va buyrak yetishmovchiligi kabi og‘ir kasalliklarga chalingan a’zosi mavjud oilalar; 

 — yong‘in, baxtsiz hodisa, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyatlardan jabrlangan oilalar. 

Mazkur mexanizm og‘ir vaziyatga tushib qolgan oilalarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga davlat tomonidan tezkor hamda manzilli yordam ko‘rsatishga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring