Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish

Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish

Ramazon oyida noto‘g‘ri ovqatlanish inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’kidlashicha, ro‘zadorlar sog‘lom ovqatlanish tavsiyalariga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin.

Iftorlik va saharlik oralig‘ida ko‘p miqdorda suv ichish tavsiya etiladi. Kunduzi havo harorati yuqori bo‘lganda ko‘p terlashni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bois kun davomida yo‘qotilgan suyuqlik o‘rnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa ko‘proq  suv ichish tavsiya etiladi.

Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu me’yorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin dessert sifatida ho‘l mevalardan yeyish foydali.

«Achiq-chuchuk» salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv ne’matlar hisoblanadi.

Sho‘rva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham iste’mol qilish mumkin.

Tarkibida kofein mavjud bo‘lgan mahsulotlar — kofe, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan ma’qul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishiga olib keladi.

Kun davomida juda doimiy harakat qilish organizmning ko‘p miqdorda suv yo‘qotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun bo‘yi harakatsiz o‘tirish ham tavsiya qilinmaydi.

«Og‘izni yopish»dan oldin ovqat yeyish lozim. Saharlik paytida yengil taomlanish, ayniqsa, ro‘za tutishni maqsad qilgan katta yoshdagi insonlar, o‘smirlar, homilador ayollar, emizikli farzandi bor onalar hamda bolalar uchun juda muhim!

Yengil nonushta sifatida sabzavotlar, tarkibida uglevod bo‘lgan donli nonlar yoki bulochkalar, sut mahsulotlari (tuzsiz pishloq, suzma, sut) yoki tuxum kabi oqsilga boy ne’matlarni iste’mol qilish foydali.

Ammo shunday toifadagi bemorlar borki, ro‘za tutish ularning salomatligi uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini talab qiluvchi va operatsiyadan keyingi davrda bemorlar ro‘za tutishi maqsadga muvofiq emas.

Bundan tashqari, doimiy ravishda dori ichishi kerak bo‘ladigan yurak-qon tomir, buyrak va jigar xastaliklarining og‘ir ko‘rinishlari hamda qandli diabetda ham ushbu amalni bajarish tavsiya etilmaydi.

Qolaversa, og‘riq bilan kechadigan va og‘riq qoldiruvchi dorilarni muntazam qabul qilishi talab qilinadigan, xususan, sil va onkologik kasalliklarining ayrim turlarida ham ro‘za tutish mumkin emas.

Ular ro‘za tutish niyatida bo‘lsalar, avvalo, shifokor bilan maslahatlashishlari lozim, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tavsiyasida.

Eslatib o‘tamiz, ertadan yurtimizga muborak Ramazon oyi kirib keladi (taqvim).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring