Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda yangilik: «Ezgulik kutubxonasi» haqida eshitdingizmi?

Samarqandda yangilik: «Ezgulik kutubxonasi» haqida eshitdingizmi?

Foto: «Xabar.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kitob va kitobxonlik borasida aytgan fikrlari, qabul qilgan qarorlaridan ilhomlangan samarqandlik bir guruh tashabbuskorlar ezgu ishga qo‘l urishdi. Ular «Alisher Navoiy» nomli istirohat bog‘i kiraverishida antiqa kutubxona o‘rnatishdi. Yaxshi niyat bilan «Ezgulik kutubxonasi» deb nomlangan bu kutubxona bir qarashda avtobus bekatiga ham o‘xshab ketadi. Bunday «mobil kutubxona»ni qurish ham, kerak bo‘lib qolganda ko‘chirish ham qiyin emas.

Mazkur mobil kutubxonalar shunday ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Loyiha mualliflari Xayrulla Mamasoliyev, Oybek Ostonov, Dilshod Alimov Samarqand shahrining oliy o‘quv yurtlari, bozorlar, avtoshohbekatlar, vokzal va aeroport, bog‘lar, mahalla markazlari kabi odamlar gavjum yerlarida jami 35 ta ana shunaqa «Ezgulik kutubxonasi»ni o‘rnatishmoqchi.

— Bu kutubxonalar uncha qimmat bo‘lmagan, yengil qurilish materiallaridan yasaladi, ularni yig‘ish, o‘rnatish ham qulay bo‘ladi, — deydi loyiha rahbari Xayrulla Mamasoliyev.

— Hozircha «Ezgulik kutubxonasi»ni o‘z hisobimizdan kitoblar bilan to‘ldiramiz, ammo, e’tibor bergan bo‘lsangiz, kutubxona «devori»ga «Bitta kitob olsang, bitta kitob qo‘y!» degan shiorimizni ham yozib qo‘yganmiz, umidimiz borki, «Ezgulik kutubxonasi»ning mijozlari ezgulik qila oladigan, bitta kitob olsa, bitta, hatto ko‘proq ham kitob qo‘ya oladigan insonlar bo‘lishadi, — dedi Dilshod Alimov. — Kutubxonalar soni ko‘paysa, shahardagi, viloyatdagi kutubxonalar, kitob do‘konlari, shahar rahbarlari ham bu ezgu ishdan chetda turishmaydi, bu mobil kutubxonalarni kitoblar bilan boyitishda o‘z hissalarini qo‘shishadi, degan umidimiz bor.

«Ezgulik kutubxonasi» ochilgach, buning eshiklari ham bo‘lmasa, qulflab qo‘yib bo‘lmasa, istagan odam kirib-chiqishi mumkin bo‘lsa, kechasi ahvoli nima bo‘lishi bilan qiziqdik.

— Savolingiz o‘rinli, ammo buning ham chorasini ko‘rib qo‘yganmiz, — dedi Xayrulla Mamasoliyev. — Avvalo, «Ezgulik kutubxonasi» kechasi yaxshigina yoritiladi, undan tashqari «IP kamera»lar o‘rnatililib, nazorat qilinadi, bundan tashqari, ichki ishlar boshqarmasining patrul-post xizmati xodimlari kutubxonalar qo‘riqlanishini nazorat qilishmoqchi.

Bugun barchani Samarqanddagi birinchi «Ezgulik kutubxonasi»ning ochilishiga taklif qilamiz!

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring