Yangi Toshkent 2 million nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi
Davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan va istiqboldagi yirik qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Mazkur shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan edi. Loyiha uchun Yuqori va O‘rta Chirchiq tumanlaridan jami 19 ming 700 gektar yer maydoni ajratilgan. Konsepsiya Britaniyaning “Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni paytda bu yerda 100 dan ziyod katta-kichik loyihalar jadal olib borilmoqda. Har bir tashabbus xalqaro me’yorlar va zamonaviy shaharsozlik tendensiyalariga asoslanadi.
Hozirga kelib, dastlabki inshootlar mahobati ko‘rina boshladi. Yakuniga yetayotgan 2025-yilda yangi shaharda olib borilayotgan qurilish maydonlari 3 million kvadrat metrga yetdi.
Bir qancha uy-joy massivlari qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Infratuzilma ob’yektlarida ishlar jadal bormoqda.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlari bajariladi. Natijada 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishi belgilangan. Loyiha to‘liq yakunlanganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi.
Bunday ko‘lamdagi qurilish uzoq muddatli va barqaror infratuzilmani talab qiladi. Hozirgi paytda hududda yirik yer osti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilib, issiqlik, suv, elektr energiyasi va telekommunikatsiya kabi barcha tarmoqlarning yer ostidan o‘tkazilishi ta’minlanmoqda.
Transport qatnovini yengillashtirish maqsadida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tunnel va yer osti avtoturargohlarining barpo etilishi shaharning kelajakdagi harakatlanish tizimi uchun muhim ekani qayd etildi.
Hududda o‘n kilometrlik sohil bog‘i tashkil etildi. Bir million tup buta va ko‘chatlar ekildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan shaharsozlikda “yashil” tamoyillar muhim o‘rin tutishi lozimligi aytildi. Bunda metro va elektrobuslar harakatini muvofiqlashtirish, piyoda va velosipedchilar uchun xavfsiz, to‘siqsiz yo‘laklar barpo etilishi bo‘yicha mas’ullarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Hududda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun zamonaviy ma’muriy binolar quriladi. Ayni vaqtda qator vazirlik va idoralar vaqtincha majmualarda faoliyat boshlagan.
Investorlarning faolligi ham yuqori. Auksion orqali sotilgan 24 ta tijoriy lot bo‘yicha 2 milliard dollarlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Bu mablag‘lar hisobidan mehmonxonalar, restoranlar, servis markazlari va o‘ziga xos arxitekturaga ega zamonaviy binolar barpo etiladi.
Ayni paytdagi qurilish jarayonining o‘zida 10 ming nafar insonning bandligi ta’minlangan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan keyin esa innovatsion texnologiyalarga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Prezidentimizga Yangi Toshkentda barpo etilayotgan turizm ob’yektlari, xizmat ko‘rsatish va dam olish majmualari, shuningdek, mamlakatimizning boshqa hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari har bir tashabbusda ilm-fan yutuqlariga tayanish, loyihalarda mahalliy ruhni aks ettirish, eng asosiysi, ular xalq manfaatiga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter