“Bahorni quvib”. O‘zbek filmi yana bir nufuzli sovringa loyiq deb topildi

Ssenariy muallifi Erkin A’zam va rejissyor Ayub Shahobiddinov filmning maxsus namoyishida. Toshkent, 2024 yil dekabr.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam ssenariysi asosida rejissyor Ayub Shahobiddinov tomonidan suratga olingan “Bahorni quvib” badiiy filmi yana bir karra xalqaro miqyosda e’tirof etildi.
22-24 avgust kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan VI “Lendoc Film Festival” (LEFF) xalqaro kinofestivali tanlovi yakuniga muvofiq, “Bahorni quvib” kartinasi “Eng yaxshi ssenariy” (Erkin A’zam) va “Eng yaxshi ayol roli” (Ra’no Shodiyeva) nominatsiyalarida g‘olib deb topildi.
Nufuzli kinofestivalda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Hindiston, Xitoy va mezbon davlat kinoustalari suratga olgan kartinalar namoyish etilgan.
“Rossiyskaya gazeta” nashri xabariga ko‘ra, festival doirasida Rossiyaning shimoliy poytaxtida xalqaro kinotashkilotlar rahbarlarining mashvarati ham o‘tkazilgan.
O‘zbekiston kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan psixologik drama janrida suratga olingan “Bahorni quvib” badiiy filmi so‘nggi vaqtlarda bir qator xalqaro kinofestivallarda e’tirof qozondi. Jumladan, 6-10 avgust kunlari Moskva shahrida o‘tkazilgan II xalqaro “Antares” kinofestivalida “Eng yaxshi film” (Gran-pri), “Eng yaxshi ssenariy” va “Eng yaxshi ikkinchi plandagi rol uchun diplom” (Anvar Kartayev) nominatsiyalarida g‘olib deb topildi.
Joriy yil iyul oyida Xitoyning Chunsin shahrida tashkil etilgan ShHTga a’zo davlatlar kinofestivalida esa film “Eng yaxshi aktrisa” (Ra’no Shodiyeva) nominatsiyasida covrindor bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: Xabar.uz’da o‘tgan yil dekabrda chop etilgan maqolada “Bahorni quvib” shubhasiz xalqaro kinotanlovlarda g‘olib bo‘lishga munosib ekani ta’kidlangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter