Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon madaniyat vaziri Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytdi

Ozarbayjon madaniyat vaziri Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytdi

Foto: O‘zA

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumani davom etmoqda. Unda dunyoning 73 davlatidan san’atshunos olimlar, mutaxassislar, xonanda va sozandalar, hukumat vakillari ishtirok etmoqda. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Abulfas GARAYeV, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri:

– Avvalo, katta musiqiy anjumanning ochilishi yuksak darajada tashkil etilgani bilan tabriklamoqchiman. O‘zbekiston bu kabi xalqaro musiqiy anjumanlar o‘tkazish bo‘yicha yaxshi tajribaga ega mamlakat. Bu bayramning Amir Temur tug‘ilgan yurtda o‘tkazilishi ham tarixiy, ham me’moriy, ham musiqiy merosni jipslashtirishda g‘oyat katta o‘rin tutadi. Shu jihatdan maqom anjumanini har tomonlama qiziqarli va xalqlar o‘rtasida madaniy muloqotni kengaytirishda juda foydali, deb hisoblayman.

Ozarbayjon delegatsiyasi anjumanda ko‘p sonli vakillar bilan qatnashmoqda. Ular orasida musiqachilar, hay’at a’zolari, Ozarbayjon milliy mug‘om san’atini tanishtirish uchun olimlar tashrif buyurgan. Bizning mamlakatda mug‘om hayot tarziga aylangan. Usiz madaniyatimizni, tariximizni tasavvur qila olmaymiz. Mazkur anjuman maqom va bizning an’anaviy hamda zamonaviy mug‘om yo‘nalishidagi yangiliklar haqida o‘zaro fikr almashish, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mug‘om mamlakatlarimizni do‘stlashtiruvchi, xalqlarimizni, madaniyatimiz va an’analarimizni birlashtiruvchi kuchdir.

Men Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu yuksak darajadagi xalqaro anjumanni tashkil etish tashabbuskori bo‘lgani va go‘zal Shahrisabzda bizning delegatsiyamizga ko‘rsatilgan katta ehtirom uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Anjuman qatnashchilariga yangi ilmiy-ijodiy izlanishlar va go‘zal maqomning musiqaviy ifodasini topishlarida muvaffaqiyat tilayman.

Shamsiddin O‘RUMBEKZODA, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri:

– Maqom san’ati tojik xalqida ham e’zozlanadi. Mamlakatimiz rahbari Emomali Rahmon, ayniqsa, bu san’atni juda qadrlaydi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat hayotining barcha jabhalarida tub islohotlarni amalga oshirish jarayonida milliy madaniyat, san’at, xususan, maqom san’atini yanada rivojlantirish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratayotgani xorijlik san’atkorlar va mutaxassislarni ham xursand qilmoqda. Shahrisabzga kelib, maqom O‘zbekistonda juda yuksak e’zozlanishi, uning rivoji yo‘lida ulkan ishlar boshlangani va bu o‘z samaralarini ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘ldik.

Maqom – butun dunyoda e’tirof etiladigan san’at. Shuning uchun ham YuNESKO uni nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritgan. Biz tadbir doirasida “Shashmaqom” va “Shashmaqom sharhi” nomli kitoblarni sovg‘a qildik. Kelajakda ushbu nufuzli anjuman butun dunyo miqyosida katta shuhrat qozonishiga tilakdoshmiz. O‘zbekiston zaminida o‘tayotgan ushbu anjuman qancha ko‘p rivojlansa, bizning xalqimiz ham shuncha xursand bo‘ladi. Chunki biz etu tirnoqmiz. Birimizning yutug‘imiz, ikkinchimizniki hamdir. Binobarin, maqom san’ati umumiy milliy boyligimiz hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring