Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Osiyo madaniy merosi alyansi Kengashiga qabul qilindi

O‘zbekiston Osiyo madaniy merosi alyansi Kengashiga qabul qilindi

Xitoyning Chunsin shahrida Osiyo madaniy merosi alyansining II Bosh assambleyasi hamda 3-Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston nomidan Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov ham ishtirok etgan. 

Osiyo madaniy merosi alyansi ilk bor 2021-yil 27-oktyabr kuni Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo madaniy merosi forumi doirasida Xitoy tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Alyansning asosiy maqsadi – Osiyo mamlakatlari o‘rtasida madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy almashinuv, restavratsiya, konservatsiya va arxeologik tadqiqotlar sohasida hamkorlikni kuchaytirishdir. Bugungi kunda Osiyoda madaniy meros sohasidagi birinchi va yagona hukumatlararo tashkilotning bosh qarorgohi Pekin shahrida joylashgan bo‘lib, tarkibida jami 24 ta a’zo, hamkor va kuzatuvchi davlat mavjud. Shuningdek, uning faoliyati Osiyodan tashqariga, ya’ni Afrika, Yevropa, Lotin Amerikasi va Okeaniya mintaqalarigacha kengaygan.

O‘zbekiston Osiyo madaniy merosi alyansi doirasidagi hamkorlikka va kuzatuvchilik maqomiga 2023 yilda qabul qilingan. Alyans doirasida kadrlar tayyorlash, restavratsiya va konservatsiya, arxeologik tadqiqotlar, ilmiy almashinuv va ko‘rgazma loyihalari bo‘yicha amaliy hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Assambleya doirasida O‘zbekiston uchun muhim qaror qabul qilindi: Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joylashgan «Chinortepa» madaniy meros ob’yektida arxeologik qazishmalar o‘tkazish uchun 140 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratildi.

Yig‘ilishning yana bir muhim natijasi — O‘zbekistonning ushbu alyans Kengashi tarkibiga qabul qilinishi bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning madaniy meros sohasidagi xalqaro nufuzini oshiradi hamda mintaqaviy qarorlar va strategiyalarni shakllantirishda faol ishtirok etish imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring