O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Londondan keltirilgan noyob islomiy artefaktlar taqdim etildi (foto)
18-may — Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom sivilizatsiyasi tarixi va muqaddas maskanlar bilan bog‘liq noyob artefaktlarning maxsus ko‘rgazma-taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Markazning jahon islom merosini o‘rganish, asrab-avaylash va uni keng jamoatchilikka zamonaviy formatlarda namoyish etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarining amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Tadbirning eng muhim jihatlaridan biri — Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i asosida Londondan O‘zbekistonga olib kelingan noyob artefaktlarning jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida maxsus tarzda ochilgani bo‘ldi.

— Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning boy madaniy va ma’naviy merosini yurtimizga qaytarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida davlat rahbari bu masalaga alohida to‘xtalib, o‘zbek xalqiga tegishli bo‘lgan noyob qo‘lyozmalar, artefaktlar va tarixiy boyliklarni Vatanga qaytarish ezgu orzularidan biri ekanini ta’kidlagan edilar. Bugungi kunda Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida qariyb 2 mingga yaqin madaniy boyliklar O‘zbekistonga olib kelindi. Ayni paytda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida namoyish etilayotgan ko‘plab noyob qo‘lyozmalar, tarixiy ashyolar va artefaktlar ham ana shu tashabbus samarasidir.
Davlatimiz rahbari mazkur ishlarni izchil davom ettirish, madaniy merosni izlash va qaytarish bo‘yicha maxsus ilmiy ekspeditsiyalar hamda fondlar tashkil etish vazifasini ham qo‘ygan edilar. Bugun bu topshiriqlar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, YeXHT va London politsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan maxsus reyd davomida madaniy boyliklar aniqlanib, ularning bir qismi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu voqea nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro madaniy merosni muhofaza qilish sohasida ham muhim voqea sifatida baholanmoqda. Bugun esa Islom dini va muqaddas qadriyatlarimizga oid yana bir qator noyob yodgorliklar — Kisva parchalari, muqaddas buyumlar va tarixiy ashyolar yurtimizga olib kelindi.
Qurbon hayiti arafasida xalqimizga taqdim etilayotgan bu bebaho tuhfalar yurtdoshlarimiz uchun katta ma’naviy ahamiyat kasb etmoqda, — dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.


Ko‘rgazmada islom olamining eng muqaddas maskanlari bilan bog‘liq yuksak ma’naviy ahamiyatga ega yodgorliklar namoyish etilmoqda. Xususan, XIX asrga oid muqaddas Ka’ba eshigining metall iplar bilan tikilgan pardasi — «Burqa» ko‘rgazmaning markaziy eksponatlaridan biriga aylandi. 1880-yilga mansub ushbu yodgorlik muqaddas Ka’ba eshigini bezab turgan tarixiy yopinchiq sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, XIX asr oxiri — XX asr boshlariga oid Ka’ba kisvasining bir qismi — «Xizom» ham jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Kisva muqaddas Ka’bani o‘rab turuvchi mato bo‘lib, uning har bir qismi musulmon olami uchun yuksak qadriyat sifatida baholanadi.
Ko‘rgazmada Madinai Munavvaradagi Ravza maqbarasi yopinchig‘i — «Ravza» eksponati ham namoyish etildi. 1900-yilga oid ushbu artefakt islom tarixi va musulmonlar ma’naviy hayoti bilan chambarchas bog‘liqligi bilan katta qiziqish uyg‘otdi.

Ekspozitsiyaning yana bir muhim qismi sifatida Ka’baning shimoliy qismi tomiga o‘rnatilgan zarhal suv oqizgich — «Mizob ar-Rahmon» taqdim etildi. Ushbu noyob yodgorlik muqaddas Ka’ba arxitekturasining muhim qismi sifatida alohida tarixiy ahamiyatga ega hisoblanadi.
Shu bilan birga, «Muhammad» va «Alloh» yozuvlari tushirilgan badiiy pannolar, XVIII asr oxiriga mansub «Daloil al-xayrot» hamda «Al-hizb al-a’zam» asarlaridan iborat noyob duo kitobi ham ko‘rgazmadan o‘rin oldi. 1793–1795-yillarda ko‘chirilgan mazkur qo‘lyozma kitob islom xattotlik san’ati va diniy adabiyot tarixining nodir namunasi sifatida mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.
— O‘zbekiston azaldan boy tarix va yuksak madaniyat makoni sifatida dunyo e’tiborini tortib kelgan. Biroq turli tarixiy davrlarda yurtimizga tegishli ko‘plab noyob artefaktlar, qo‘lyozmalar va san’at durdonalari chet ellarga olib chiqib ketilgan. So‘nggi yillarda muhtaram Prezident tashabbusi bilan ushbu madaniy merosni Vatanga qaytarish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda. Markaz tomonidan jahonning turli davlatlaridagi auksion uylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan yurtimizga oid artefaktlarni aniqlash, sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur artefaktlar nafaqat muzey ekspozitsiyasini boyitadi, balki xalqimizning boy tarixi, ma’naviy merosi va bag‘rikenglik an’analarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidillo Munavvarov.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi so‘nggi yillarda jahonning turli davlatlari, ilmiy muassasalari va muzeylari bilan hamkorlikni kengaytirib, xalqimizning boy ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, shuningdek, islom sivilizatsiyasiga oid noyob eksponatlarni jamlash va tadqiq etish borasida qator yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur taqdimot ham Markazning ana shu yo‘nalishdagi amaliy faoliyatining muhim qismi sifatida baholadi.
Ko‘rgazma madaniy merosni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish va yoshlarda tarix hamda ma’naviyatga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyat kasb etadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter