Tarixiy voqea: O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari London birjasiga joylashtiriladi
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi London fond birjasida IPOʼga chiqadi.
Bugun — 18-may kuni, London fond birjasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) jarayoniga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tadi.
Mazkur voqea mamlakatimiz kapital bozorini xalqaro moliya maydoniga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarixida yangi sahifa ochadi.
Jamg‘armaning London birjasiga chiqishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yurtimizdagi keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini kengaytirish hamda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarining amaliy ifodasidir.
Kutilayotgan IPO O‘zbekistonning jahon moliya bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, korporativ boshqaruvning zamonaviy standartlari va shaffof tizimni joriy etishga kuchli turtki beradi. Bu jarayon, ayni paytda, xorijiy hamkorlarning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarkibiy yangilanishlarga bo‘lgan yuqori ishonchini namoyon etadi va xalqaro investorlarga mamlakatimiz iqtisodiyoti hamda mahalliy kompaniyalar salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Rasmiy marosimda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Hakimov va boshqa mas’ullar ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter