Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda muhim axborot infratuzilmalari yagona reyestri yuritiladi – loyiha

O‘zbekistonda muhim axborot infratuzilmalari yagona reyestri yuritiladi – loyiha

Davlat xavfsizlik xizmatining axborotlashtirish tizimlarini muhim axborot infratuzilmasi (MAI) obyektlari sifatida aniqlash, MAI obyektlarini toifalash, toifasini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek MAI obyektlarini O‘zbekiston MAI obyektlarining vaqtinchalik yagona reyestriga kiritish tartibini belgilovchi Nizomni tasdiqlashga doir hujjati loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi – Davlat xavfsizlik xizmati, uning ishchi organi Kiberxavfsizlik markazi mazkur reyestrni shakllantiradi va javobgar bo‘ladi.

Hujjat loyihasida belgilanishicha, MAI toifasiga kiradigan O‘zbekiston Respublikasi davlat va nodavlat mulki bo‘lgan va yangidan tashkil etiladigan obyektlar (idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar) reyestrga kiritiladi.

MAI obyektlarini toifalashtirish ularda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli kiberxavfsizlik hodisalari natijasida jamoat va davlat xavfsizligining hayotiy vazifalari, mudofaa qobiliyati, iqtisodiy barqarorlik ishdan chiqishiga, ekologiya va atrof muhit xavfsizligi, qonun ustuvorligi buzilishiga yoki aholi hayotiy faoliyatining xavfsizligi pasayishiga, shuningdek inson hayoti va sog‘ligiga zarar yetishiga olib keluvchi kibertahdidlardan himoyalanganlik darajasini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Jumladan, MAI obyektlariga – davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari ko‘rsatish, mudofaa, davlat xavfsizligini, huquq-tartibotni ta’minlash, yoqilg‘i-energetika majmui (atom energetikasi), kimyo, neft-kimyo tarmoqlari, metallurgiya, suvdan foydalanish va suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, bank-moliya tizimi, transport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida, ishlab chiqarish sohasida, shuningdek, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida va ijtimoiy sohada qo‘llaniladigan axborotlashtirish tizimlari kirtilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, axborotlashtirish tizimi bu – yuridik va jismoniy shaxslarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun axborot resurslari, axborot texnologiyalari hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda sharoit yaratishning tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayonlarni ta’minlovchi vositalar hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring