Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

To‘rt yildan buyon ko‘chaga chiqmagan ayol

To‘rt yildan buyon ko‘chaga chiqmagan ayol

Uyda zerikib ketaman. Ming rahmat. Toshkentdan vakillarni yuborgan prezidentning umri ziyoda bo‘lsin...

Foto: Rafiqjon Soliyev.

Qo‘qon shahar «Artizan bo‘yi» mahalla fuqarolar yig‘ini Shig‘ovul ko‘chasi 16-uyda yashovchi Oysha Abdullayeva tug‘ma nogiron. Unga gipofizar nanizm, ya’ni tug‘ma qo‘li va bo‘yi kaltalik tashxisi qo‘yilgan.

– Otam rahmatli shunday kasallik bilan og‘rigan edi, — deydi 63 yoshni qarshilagan onaxon o‘tmishni yod etib. – Biz oilada ikki o‘g‘il, ikki qiz edik. Opam va akam ham nogiron edi. Sog‘lom akamning esa ikki qizi bor. Jiyanim Madinaxon menga qaraydi. Tani joni sog‘ bo‘lsin, baxtini ko‘rsin. Oilada o‘g‘il yo‘q. Hech kim meni ko‘tarib tashqariga olib chiqa olmaydi. Muammomni hech kim so‘ramaydi. 2-guruh nogironiman. To‘rt yildan buyon ko‘chani ko‘rganim yo‘q. Nogironlik aravachasini so‘rash hech xayolimizga kelmagan ekan. Bugun mehmonlar uyimizga kirib, ahvolimiz bilan yaqindan tanishishdi. Yurishingiz qiyin bo‘lsa, mana aravacha deb yarim kunda keltirib berishdi. Ko‘chalarga chiqib aylanib yuramiz-da endi. Odam taftini odam oladi. Uyda zerikib ketaman. Ming rahmat. Toshkentdan vakillarni yuborgan prezidentning umri ziyoda bo‘lsin...

Opaga gipofizar nanizm, ya’ni tug‘ma qo‘li va bo‘yi kaltalik tashxisi qo‘yilgan. Foto: Rafiqjon Soliyev.

Suhbat chog‘ida xonadondagi elektr hisoblagichning muddati o‘tib ketgani, elektrdan 983 ming so‘mlik qarz yig‘ilib qolgani ham oydinlashdi. Ammo qiynalgan oilaning bu pulni to‘lashga qurbi yetmaydi. Ishchi guruhi ko‘rsatmasiga muvofiq shahar elektr ta’minoti korxonasi mutasaddilari elektr hisoblagichni o‘z hisobidan yangilab berishdi, qarz esa homiylar hisobidan qoplanadigan bo‘ldi.

1992-yilda tug‘ilgan Madina Sodiqova 9-sinfni tugatgach, ammalarini parvarish qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Shu sababli ishchi guruhi unga Yoshlar ittifoqining o‘quv kurslarida bepul o‘qish uchun yo‘llanma berdi. Qizning cheksiz mehri, fidoyiligini ko‘rib kishi to‘lqinlanib ketadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qo‘qon shahri kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda «Mahalla» jamg‘armasi 36 ta, sog‘liqni saqlash boshqarmasi esa 45 ta nogironlik aravachasini aholiga taqdim etgan. Joriy yilning uch yarim oyi davomida jamg‘arma tomonidan 22 ta, sog‘liqni saqlash tizimi esa 10 ta aravachani yetkazib bergan. Qo‘qon tumanlararo tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi xulosalariga ko‘ra, hozir 64 ta nogiron va yoshga doir pensioner shunday aravachaga muhtoj. Ishchi guruhi faoliyati davrida ularning ehtiyoji to‘liq qanoatlantiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring