Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Vatanida vatansizlar

Vatanida vatansizlar

Foto: «Google.com»

Myanmada musulmon-roxinjalarni qirg‘in qilish bilan bog‘liq holatlar haqida 2017 yilning avgust oyida jahon ommaviy axborot vositalari qator xabarlar tarqata boshladi.

Roxinjalar kim? Myanmada musulmon ummatiga mansub yagona millatni nega qirg‘in qilishmoqda? Janubi-sharqiy Osiyoda yangi yirik gumanitar fojia qayerdan paydo bo‘ldi? Bu savollar barchamizni birdek o‘ylantiradi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2017-yil 25-avgustda «Roxinjalarni qutqarish Arakan armiyasi» (RQAA) Rakxayn shtatidagi 30 ta tayanch nuqtalariga hujum uyushtiradi. Myanma xavfsizlik kuchlari bunga javob tariqasida harbiy amaliyotlarni boshlaydi. «Chegara bilmas shifokorlar» xalqaro tashkilotining aytishicha, mintaqada to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon qurbonlar soni 10 ming nafardan ortgan.

Roxinjalar soni dunyo miqyosida qariyb 2,2 million kishi bo‘lib, Myanmada 1 million, Bangladeshda 800 ming, Pokistonda 200 ming, Taylandda 100 ming, Malayziyada 40 ming nafari istiqomat qiladi. Ular bengal tilining chittagong lahjasida so‘zlashadi va islom diniga e’tiqod qilishadi. Ular har 5 yilda 20 foizdan ko‘payib bormoqda va haddan ortiq demografik o‘sish shunday ham bir joydan muqim o‘rin olmagan xalqning tashvishlarini yanada ko‘paytirmoqda.

Roxinjalar Myanmaga asosan Britaniya mustamlakachiligi vaqtida, bir qismi Birma mustaqillikka erishgach, 1971 yili Bangladesh-Pokiston urushi chog‘ida ko‘chib kelishgan. Myanma hukumati roxinjalarni Bangladeshdan kelib qolgan noqonuniy migrantlar deb hisoblaydi va ularning fuqaroligini tan olmaydi. Myanma hukumati roxinja atamasini umuman qo‘llamaslikni, ularni «bengaliyalik» deb chaqirishni tavsiya qiladi.

Roxinjalar esa Rakxayn shtatining tub aholisi bo‘lganini ta’kidlashadi. Ularga 1785-yilga qadar bu yerda qudratli Arakan qirolligi mavjud bo‘lganini eslatishadi. Shu sababli Rakxayn shtatini Arakan deb atashadi. 1826-yilda birinchi ingliz-birma urushi natijasida britaniyaliklar Arakanni bosib olishdi va bu yerdagi sholi dalalariga arzon ishchi kuchi sifatida bengallarni ko‘chirishdi.

1942-yili roxinja musulmonlari va arakan-buddaviylar o‘rtasidagi urushda 50 ming kishi nobud bo‘ldi. Oqibatda ushbu mintaqa etnik jihatdan turli qutblarga ajralib qoldi.

Roxinjalar bu yerga bostirib kirgan yapon qo‘shinlariga qarshi kurashish uchun ittifoqchilaridan qurol-yaroqlar olishdi. Yo‘l-yo‘lakay etnik raqiblarini ham mavh etishdi. Bu paytda yaponlar bilan yaqin hamkorlik qilgan birmaliklar esa roxinjalarni ayovsiz qirg‘in qildi. 40 ming roxinjani zamonaviy Bangladesh hududiga chiqarib yuborishdi. Birma mustaqillikka erishganining ilk yillarida Rakxayn shtatidagi musulmon aholisi o‘rtasida ayirmachilik kayfiyati kuchaydi. O‘shanda roxinjalar Sharqiy Pokiston, ya’ni hozirgi Bangladeshga qo‘shilish niyatida edi. Ammo Bangladesh va Pokiston o‘rtasida urush boshlanib qolishi ularni umidsiz qoldirdi.

Birmada harbiylar hokimiyat tepasiga kelgach, roxinja musulmonlarini mamlakat fuqarosi deb tan olishmadi. 1982 yili mamlakatda fuqarolik haqidagi qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, roxinjalarga fuqarolik va siyosiy huquqlar berilmadi. Vaholanki, bu yerda 135 ta etnik guruh yashaydi, ammo faqat roxinjalar ayirib qo‘yilgani ularning g‘azabini qo‘zitdi, ichki noroziligini kuchaytirdi.

Rakxayn shtatida 3 million aholining faqat 2 millioni ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, qolgan 1 million roxinja bu jarayondan chetda qoldi. Boz ustiga shtat Myanmadagi eng qashshoq hudud bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘ta og‘irdir.

Qiynoqlar, noqonuniy hibsga olishlar, e’tiqod erkinligi va mamlakat ichida harakatlanish cheklangani, ishga joylashishdagi kamsitishlar, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishga qo‘yilgan to‘siqlar – barchasi yig‘ilib, taranglikni muttasil kuchaytirmoqda. Hozir rasmiy Myanmadagi boshqa millat va elatlar hamda siyosiy elita o‘rtasida roxinjalarga qarshi yagona front hosil qilishga intilishmoqda.

Myanma rahbariyati ayirmachi RQAA jangarilarini xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan yaqin aloqaga ega va ulardan moddiy yordam olib keladi, jangarilari esa xorijdagi yollanma lagerlarda tayyorlanadi deb hisoblamoqda. Roxinjalar esa terrorizm bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytishmoqda. Ular roxinja xalqi uchun demokratik islom davlati tuzish maqsadini yashirmayapti.

Avvaliga ro‘y bergan kichik-kichik to‘qnashuvlar yillar o‘tib, yiriklashib bordi. 2012 yilda qonli nizoga aylandi. O‘shanda 200 kishi qurbon bo‘lgan va 140 ming inson qochoqqa aylangan edi. O‘n minglab musulmonlar kemalarda Malayziya, Indoneziya, Taylandga ko‘chib o‘tdi.

Myanma 2015-yil 8-noyabrdagi demokratik saylov natijasida fuqarolik boshqaruviga o‘ta boshladi va xalqaro yakkalanib qolish siyosati ochiqlik tamoyiliga almasha bordi. Ammo bu xayrli o‘zgarishlarning roxinjalar uchun hech qanday nafi bo‘lmadi. Ularning erkinlik va huquq so‘rab boshlagan harakatiga chetdan bir guruh boshqaruvchilar kelib qo‘shildi va yonayotgan ziddiyatga moy sepishdi.

Xalqaro inqirozga qarshi guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, RQAA tashkiloti yetakchisi Otaullo Ammar Yununiy Pokistonning Karachi shahrida tug‘ilgan, Saudiya Arabistonida voyaga yetgan va diniy ta’lim olgan. U 2012-yildagi nizolardan keyin mintaqaga qaytgan va tarafdorlarini radikal harakat qilishga undagan. 2016-yil oktyabrda u «Harakat al-yaqin» guruhining yetakchisi deb ommaga tanishtirildi. Bu tashkilotning bosh qarorgohi Makka shahrida bo‘lib, nima qilib bo‘lsa ham roxinjalarning mustaqil davlatini tuzishni istaydi.

Natijada 2016-yil 9-oktyabrda Myanmaning 3 ta chegara postiga ikki yuz kishi qurolli hujum qildi va 9 ta chegarachini o‘ldirdi. Javob tariqasida Rakxayn shtatiga qo‘shin kiritildi. Ikki oy ichida 21 ming nafar roxinja Bangladeshga qochib o‘tdi.

2017-yil avgustdagi hodisalar esa barchasidan oshib tushdi. Qo‘shni Bangladesh hududiga 650 mingdan ortiq qochoq o‘tdi. Bir qarashda 170 millionlik aholiga ega Bangladesh uchun bu dengizdan tomchidek tuyuladi. Ammo qochoqlar chegara hududidagi mintaqalar iqtisodiyotiga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda, jinoyatchilik soni oshmoqda, ularni boqish uchun juda katta sarf-xarajat qilinmoqda, ijtimoiy yuk o‘sayapti. Lagerlardagi yordamga muhtoj va qaram xalq jinoyatchilikning, qul savdosining qurboniga aylanmoqda, ayollar va qizlar jinsiy zo‘ravonlikka uchrayapti, yurtsiz millat ochlikdan aziyat chekayapti. Ishsiz yoshlar narkotiklar savdosiga jalb qilinmoqda. Ularning 90 foizi kofein va metamfetamin aralashmasi bo‘lgan «yaba» narkotiklarini Naf daryosi orqali Myanmadan Bangladeshga yetkazishmoqda. Har tomonlama bo‘g‘ib tashlangan lagerlardagi aholi orasida jihodchilik kayfiyati kuchaymoqda. Suriya va Iroqdagi xalqaro jangarilar o‘z homiylari tomonidan «yordam» niqobi ostida bu yerga ko‘chib o‘tmoqda.
BMTning Bolalar jamg‘armasi ma’lum qilishicha, Bangladeshdagi qochoqlarga oziq-ovqat, ichimlik suv va yotish uchun joy yetishmayapti. Eng yomoni, qochoqlarning 60 foizi yosh bolalardir. Sharoit shu qadar og‘irki, hatto atrofdagi yovvoyi fillar ham himoyasiz chodirlarga qo‘qqisdan bostirib kirib, qochoqlarni ezib-majaqlamoqda.

Hozir Bangladesh hukumati Bengaliya qo‘ltig‘idagi odam yashamaydigan ayrim orollarga 100 ming roxinjani joylashtirish rejasi ustida ishlamoqda. Bu Koks-Bozor okrugidagi qochoqlar lagerlari yukini vaqtincha yengillashtirish uchun qo‘llanar ekan. Ma’murlarning aytishicha, bu «imkoniyat» tufayli ularning istalgan vaqtda orolni tark etishi, Myanma yoki boshqa uchinchi davlatlarga chiqib ketishi oson kechar emish.

Xalqaro huquq himoyachilari bu loyihani fashistlarning konslagerlariga tenglashtirmoqda. Chunki ular tashqi dunyodan to‘liq uzib qo‘yiladi. Britaniyalik va xitoylik muhandislar allaqachon infratuzilma yaratish ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Chunki aprel oyidan musson yomg‘irlari mavsumi boshlanadi va halokatli toshqinlar ko‘pchilikning umriga zomin bo‘lishi mumkin.

Bangladesh hozir Myanma bilan munosabatlarni buzishni istamaydi. Uning xavfsizlik kuchlari lagerlarda maxsus amaliyot o‘tkazib, ayirmachi kuchlar rahbarlarini tutmoqda va qo‘shni Myanmaga topshirmoqda. Bu esa ichki muxolifatning e’tiroziga sabab bo‘layapti.

Bangladeshda general Zillur Rahmon boshqaruvi yillarida (1977 — 1981-yillar) u armiya razvedkasi rahbarini roxinjalar bilan muloqot o‘rnatishga yuborgan va Shimoliy Rakxayn islom davlatini tuzish uchun kurashda qo‘llab-quvvatlashga va’da qilgan edi. Natijada roxinjalarning faolligi oshdi. Birma harbiylari 1978 yil fevralda ularga qarshi qaqshatqich «Naga Min» operatsiyasini o‘tkazdi. Bangladeshda roxinjalarning katta qochoqlar oqimi ilk bor o‘sha chog‘larda paydo bo‘lgandi. 

Zillur Rahmon asos solgan Bangladesh milliy partiyasiga hozir uning bevasi Xolida Ziyo rahbarlik qilmoqda va davlatda asosiy muxolif partiya yetakchisi sanaladi. U ikki bora bosh vazir lavozimini egallagan va roxinjalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Bangladesh hukumati esa ijtimoiy keskinlikni yumshatish, bangladeshliklar va roxinjalar o‘rtasidagi aloqani minimallashtirishga intilmoqda. 2014-yildan bangladeshliklarning roxinjalar bilan oila qurishi qonun bilan taqiqlandi. Bu tartibni buzganlarga 7 yillik qamoq jazosi belgilandi. Bu bilan roxinjalarning Bangladesh fuqaroligini olish imkoniyati to‘sib qo‘yildi.

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, hozir Bangladeshda 650 ming roxinja bor. Ular asosan Koks-Bozor okrugida to‘plangan.

2017 yil sentyabrda roxinja qochoqlarining okrugda erkin harakatlanishiga cheklov joriy etildi. Endilikda ular Myanma bilan chegara yaqinidagi lagerlarda joylashtirilishi va ma’murlar ruxsatisiz bu yerdan chiqib ketmasligi kerak. Deportatsiya qilinayotganlar esa Myanmaga qaytgach, xavfsizlik kuchlari tomonidan ta’qib qilinmoqda, shubhalilari qamab tashlanayapti.

O‘tgan yili noyabrda Myanma va Bangladesh o‘rtasida qochoqlarni qaytarish to‘g‘risida ikkitomonlama bitim imzolangan edi. Ammo Myanma Bangladesh qochoqlarning shaxsiy ma’lumotlari qayd etilgan hujjatlarni taqdim etsagina ularni qayta qabul qilishini bildirdi. Aksiga olib ko‘p yillardan buyon Bangladeshda yashayotgan roxinjalarning shaxsini tasdiqlovchi hech qanday hujjat yo‘q.

20-fevralda 6-ming nafar qochoq o‘z yurtiga qaytarildi. Myanma kuniga faqat 1500 qochoqni qabul qila olishini aytmoqda. Barcha qochoqlarning to‘liq qaytishi uchun salkam ikki yil zarur bo‘ladi.

Qochoqlar qaytishni boshlagan bir paytda Rakxayn shtati markazi Situe shahrida yuqori martabali amaldorlar ofisi va uylarida birdaniga uchta portlash sodir bo‘lgani bu ish ayrim kuchlarga yoqmayotganini tasdiqlaydi.

Myanma hukumati uchun hozir ayirmachilarni jilovlash juda muhim. Chunki mamlakatdagi 7 ta shtatning barchasi zimdan mustaqillik uchun intilib keladi. Agar bir hudud ajralib chiqsa, «domino effekti» yuz berishi mumkin.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Myanma bosh vaziri Aun San Su Chji xonim 2017-yilda roxinjalar muammolari bo‘yicha maxsus komissiya tuzdi va unga rahbarlik qilishni BMTning sobiq bosh kotibi Kofi Annandan shaxsan iltimos qildi. Komissiya tarkibida o‘n kishi bo‘lib, beshtasi xorijlik ekspertlardir. Jahonning sobiq birinchi diplomati Rakxayn tumanlarida tanishuv safarlarida bo‘lib, vaziyatni atroflicha o‘rgandi va xulosasini BMTga taqdim qildi.

Unga asoslanib BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh tashkilotning inson huquqlari bo‘yicha 37-sessiyasida roxinjalar quvg‘inini «etnik tozalash» deb atadi. BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi ham xalqaro hamjamiyatni bu bedodlikka chek qo‘yishga chaqirmoqda.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Ra’d Husayn Myanma hukumati rahbari Aun San Su Chjini tinchlikka erishish uchun sidqidildan harakat qilishga undamoqda. U roxinja musulmonlariga qarshi qatliomni tanqid qilar ekan, mamlakat harbiylari o‘tkazayotgan operatsiyani keskin qoraladi.

Ming afsuski, eng dolzarb muammolarni hal qilishda BMTning o‘rni sezilmayapti. Tashkilot og‘riqli masalalarni tezda yechish o‘rniga og‘irkarvonlik qilayapti. U Myanmada gumanitar inqirozning oldini olish uchun 434 million dollar yordam puli ajratmoqda, xolos.

«Human Rights Watch» tashkiloti sun’iy yo‘ldosh orqali olingan, roxinjalarning qishloqlari yoqib yuborilgani ko‘rinib turgan suratlarni namoyish etdi. Hatto qishloqlardan birining aholisi vertolyotdan o‘qqa tutilgan ekan. Hibsga olinganlar orasida esa 10 yoshdan kichik, 75 yoshdan katta kishilar ham borligi kishining g‘azabini qo‘zg‘otadi.

Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq Myanmadagi harakatlarni genotsid deb atadi va uni tanqid qilmoqda.

Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari katta mablag‘ ajratib, ularni Malayziya yoki Indoneziyaga ko‘chirishlari ham mumkin edi. Ammo Janubi-sharqiy Osiyodagi ushbu davlatlar bu taklifga rozilik bermayapti, boshqa tarafdan loyihani moliyalashtirishga hech kim astoydil intilayotgani ham yo‘q.
E’tiborli tomoni — Afrikaning Gana davlati bir necha yil ilgari barcha roxinjalarni qabul qilish va ularning huquqlarini ta’minlash taklifi bilan chiqqan edi. Ammo bu taklifni roxinjalarning o‘zi rad etishgan.

Xo‘p, insonparvarlik bilan nom qozongan G‘arb davlatlari roxinjalarga nega muhojirlik kvotalarini ajratmayapti? Chunki ular Suriya va Yaqin sharqdagi qochoqlar oqimidan charchashgan. Ular yangi oqimga nisbatan hech qanday ma’naviy mas’ullikni his qilmaydi.
Yevropa ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Federika Mogerini 50 mamlakatni o‘z ichiga olgan ASEM (Yevropa-Osiyo forumi) doirasida va muzokaralar vositasida inqirozni hal qilishni taklif etmoqda. 16 fevralda Yevropa parlamenti Myanmada insoniyatga qarshi jinoyatlarni mustaqil tergov qilish bo‘yicha taklifni ilgari surdi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson 10 fevralda Bangladesh janubi-g‘arbidagi Koks-Bozor okrugidagi qochoqlar yashaydigan lagerga tashrifi chog‘ida Myanma hukumati ularning o‘z vataniga qaytishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishi kerakligi haqida bayonot berdi.

AQSh qochoqlarga 104 million dollarlik moddiy yordam taqdim etdi. Myanma bilan harbiy-texnik hamkorlikni bekor qildi. AQSh davlat departamenti Rakxayndagi qishloqlardan birida ommaviy qatl etilgan musulmon roxinjalar ko‘milgan 5 ta qabr topilganidan bezovta. Hukumat avvaliga bu ma’lumotni rad etgan edi. Biroq fevral oyi o‘rtalarida roxinjalarni ommaviy qatl etgan xavfsizlik xizmatining o‘n nafar vakilini javobgarlikka tortish bilan buni rad etish foydasizligini tan olmoqda.

Kanada esa Myanma qurolli kuchlari general-leytenanti, roxinjalarga qarshi jinoyatlarda asosiy rolni o‘ynagan Maung Maung Soega qarshi sanksiya qo‘lladi.

So‘nggi davrda Myanma-Xitoy aloqalarining kuchayishi aftidan ayrim qudratli davlatlarga yoqmayotgan ko‘rinadi.

Rasmiy Pekin o‘z ittifoqchisi hududi orqali Hind okeaniga chiqishni rejalashtirmoqda. Ammo terrorizm gurkiragan bu mintaqada uning global istagi ro‘yobga chiqmasligi mumkin.

Xitoy muammoning Bangladesh va Myanma o‘rtasidagi muloqot orqali hal qilinishini istaydi va bunga chet kuchlarning har qanday aralashuvini qoralaydi.

Hindiston esa Myanmani tezroq Bangladeshning amaldagi hukumati bilan kelishuv imzolashga undamoqda. Dehli siyosatchilari agar hukumat o‘zgarib qolsa, muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish juda qiyin bo‘lishi mumkin demoqda.

Rossiya inson huquqlarini buzmagan holda muammoni hal qilish uchun o‘zaro siyosiy hamkorlik yo‘lini topish kerakligini ta’kidlayapti. Shu bilan birga yaqinda uning Myanmaga 6 ta «Su-30» qiruvchi samolyotini sotgani G‘arbning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov maxsus fond orqali ozroq yordam berayotganini hisobga olmaganda, Rossiya roxinjalarga unchalik  ko‘maklasha olmayapti. Ekspertlarni boshqa narsa hayratga solmoqda. Roxinja muammosi bo‘yicha rasmiy Moskva bilan uning ushbu sub’yekti o‘rtasidagi yondashuvlar ikki xil bo‘lib qoldi.

Albatta, Myanmada yuzaga kelayotgan vaziyat, xususan, mamlakatdagi ozchilikni tashkil etuvchi musulmonlarga qilinayotgan zo‘ravonlik O‘zbekistonni jiddiy tashvishga solmay qo‘ymaydi.

O‘zbekiston Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va BMT ustavida mustahkamlab qo‘yilgan prinsiplar, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti ustaviga asoslangan holda har qanday shakldagi zo‘ravonlikni qoralaydi. O‘zbekiston har bir insonning irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy yoki boshqa holatidan qat’i nazar barcha huquq va erkinliklari so‘zsiz ta’minlanishining tarafdoridir.

Shu munosabat bilan rasmiy Toshkent Myanma rahbariyatini aybsiz musulmonlarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun choralar ko‘rishga, muammoni faqat tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirmoqda. 2017 yil sentyabr oyida O‘zbekiston hukumati Myanma qochqinlari uchun gumanitar yordam yuborgan edi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, roxinjalar albatta o‘z vataniga qaytishi kerak. Ularni ta’qib qilmaslik va hibsga olmaslik uchun Myanma ishonchli kafolat berishi zarur. O‘z navbatida, ayirmachi kuchlar qurolli qarshilikni to‘xtatib, tashqi aralashuvlarga yo‘l qo‘ymasdan, umumiy tinchlikka erishish kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring