Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Asadbekdan talab qilingan aliment. «Shaytanat» kitobi, kinosi, prototiplari va... hammasi haqida

Asadbekdan talab qilingan aliment. «Shaytanat» kitobi, kinosi, prototiplari va... hammasi haqida

Tohir Malik bilan 3-suhbat

Xabaringiz bor, «Zo‘rTV»da ko‘p qismli «Shaytanat» badiiy filmi namoyish etila boshlandi. Vaholanki, u ikki yil muqaddam davlat telekanalida ko‘rsatilishi kutilgan, hatto e’lon qilingan edi. O‘shanda saytimizda ushbu asar muallifi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik bilan ikkita suhbat berilgandi.

Birinchi suhbat

Ikkinchi suhbat

Ko‘pchilik muxlislar qatori ustoz ham uzoq vaqt taqiqda bo‘lgan «Shaytanat» filmi namoyishini kutgan edi. Yo‘q, odatdagi «negadir» tufayli o‘shanda film namoyish etilmadi, bunga izoh ham berilmadi. Tohir aka bultur yozda vafot etdi.

Mana endi xususiy telekanal «Shaytanat» filmini ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan e’tiboringizga uchinchi suhbatni havola etishni lozim topdik. Unda «Shaytanat» filmi, kinossenariy yozishni istamagan muallif, Yodgor Sa’diyevdan talab qilingan aliment xususida bilib olasiz. Rejissyorning e’tirozi: bor-yo‘g‘i ikkita odam o‘ldi... Nega Jahongir Qosimov «Shaytanat»ning keyingi qismlariga rejissyorlik qilishdan bosh tortgan?.. «Baxt yo‘q edi, baxtsizlik yordam berdi». Bir kechada yaralgan qo‘shiq. Darvoqe, film nima sababdan to‘xtatilgan? Montaj xonasidan o‘g‘irlangan plyonka. Xitoyda chiqarilgan «Shaytanat»...

A.N.: Ustoz, ayrim fikrlarni takrorlashni yaxshi ko‘rasiz. Hatto ba’zi fikrlar bir kitobdan boshqasiga ham o‘tadi. Bu kamchiligingizmi?

T.M.: – Ba’zilar kamchilik o‘rnida ko‘rishlari mumkin. E’tiborsizligi uchun takrorlayapti, deyishsa ham ehtimol. Lekin unday emas. Men o‘zimga yoqqan fikrlarni atayin takrorlab turishni yoqtiraman. Hayot uchun zarur bo‘lgan qaysidir fikr bir kitobda yozilsa-yu, o‘quvchi e’tiborsiz o‘tib ketgan bo‘lsa, yana diqqatini tortish uchun takrorlayman. Masalan, «Ey Odam farzandi, men zulmni O‘zimga harom qildim, bas, bir-birlaringizga zulm qilmanglar», degan qudsiy hadisni bir necha kitobda takrorlaganman. Aslida bu xitobni har bir odam yodlab, amal qilishini istar edim. Yoki nafs haqidagi fikrlar ham shular jumlasidan. Jalilning «Xudodan qaytibdi» degan gapi ham shunaqa. Biz har qanday ishimiz uchun Allohdan ajr olmog‘imizni unutmasligimiz kerak. Agar bu haqiqatni o‘zimiz ham takrorlab turmasak, unutib qo‘yishimiz mumkin. Asadbeklar shunday unutuvchilardan edi. Biz unday bo‘lmaylik.

A.N.: «Shaytanat» videofilmi ham suratga olindi va o‘sha paytda chinakamiga «bum» bo‘ldi. Rejissyor Jahongir Qosimov ishlagan birinchi fasl, hatto Rossiya telekanali orqali namoyish etildi. O‘sha kunlarni bir yodga olsangiz. Videofilm ssenariysini ham o‘zingiz yozganmisiz?

T.M.: – Avvalo «videofilm» emas, balki «to‘liq metrajli badiiy film» deb sifatlanadi. Ssenariy yozishni esa istamagan edim. Bu ish vaqtimni o‘g‘rilab, asosiy ijoddan chetga chiqib ketishim mumkin edi. Umuman, kino san’atkorlaridan sal uzoqroq yurishni ma’qul ko‘raman. Ular tartib-intizom nimaligini bilishmaydi. Suratga olishni ertalab o‘nda boshlaymiz, maslahatingiz kerak, deb chaqirishadi. Boraman. Mo‘ljaldagi ish kech soat o‘nda ham boshlanmaydi. Yo asosiy aktyor kechikadi, yo grimchining qorni og‘rib qoladi... Bir kuni Jahongir keldilar. «Filmning uch qismini olib bo‘ldik. Endi ikkita odam o‘ldi, bunaqada film qiziqarli chiqmaydi», dedilar. Ajablandim: «Nechta odam o‘lishi kerak? Aytavering, istaganingizcha «o‘ldirib» berayin, ammo siz artist yetkazib bera olarmikinsiz? – deb hazillashdim, so‘ng jiddiy tarzda tanbeh berdim: – «Shaytanat» ur-sur, bos, ot, o‘ldir!» tarzidagi asar emas. Balki, tomoshabinni fikrlash, tahlil qilish va hayotdan to‘g‘ri xulosa chiqarishga da’vat etuvchi bo‘lishi kerak». Shundan so‘ng Yodgor akamiz «Ssenariyni o‘zingiz yozasiz», deb qattiq talab qilib turib oldilar. Suratga olish jarayoniga tez-tez taklif qiladigan bo‘ldilar. Ssenariyni «pishitish»da birga o‘qib, «maslahat» qilardik. «Maslahat»ni qo‘shtirnoq ichiga olganimning boisi, biroz o‘zgartirishni maslahat sifatida aytardilar va... o‘z bilganlaridan qolmasdilar. Kamina tabiatan yuvosh bo‘lganimdanmi, barcha injiqliklariga ko‘nganman. Kitob bilan kino orasidagi farq asosan Yodgor akamizning talablariga ko‘ra yuzaga kelgan. Bir kuni u kishiga «Asadbek endi ikkalamizning farzandimiz bo‘ldi», desam, «Roziman, faqat men otasi, siz onasi bo‘ldingiz», dedilar. «Roziman, faqat menga aliment to‘lab turasiz», – dedim. Kulishdik. «Xo‘p», dedilar-u, ammo o‘zlari aliment to‘lashdan qochib yuruvchi nomard otalardan ekanliklarini bildirib qo‘ydilar.

Jiddiy gapga ko‘chsam, kinofilmda qanchalik o‘zgarish bo‘lganidan qat’i nazar, kinofilm yuksak professional mahorat bilan yaratilgan. Yodgor Sa’diyev birinchi kitobni o‘qiboq, «Men shu asarga kasal bo‘ldim», dedilar. Aslida «Shu asarga homilador bo‘ldim», deganlari to‘g‘riroq edi. Chunki barcha to‘lg‘oq azoblarini o‘z zimmalariga oldilar. Barcha tashkiliy-moliyaviy ishlar Yodgor akamizning zimmalarida edi. Bosh rol ijrosi, so‘ngroq sahnalashtiruvchi rejissyorlik... oson ish emas. Dadil aytishim mumkinki, bu filmni Yodgor akamizdan boshqa hech kim ololmas edi! Kishi doimo yaxshi niyat qilib yurishi kerak. Birinchi kitobni yozayotganimdayoq, «agar shu asar kino bo‘ladigan bo‘lsa Asadbekni Yodgor Sa’diyev o‘ynashi kerak», deb niyat qilgan edim. Farishtalar «omiyn» degan ekan. Asardagi Jalil obrazini yozishda kursdosh do‘stim Abdujalil Zokirovning fe’l-atvoridan foydalanganman. Abdujalil g‘oyat pokiza, to‘g‘riso‘z, dangalchi edi. Kinofilmdagi Jalilning uyi sahnasini aynan Abdujalilning uyida olishgan. Dastlabki olti qism namoyish etilganida do‘stim qo‘ng‘iroq qilib: «Ha, boplabsanlar», dedi. Bu uning menga aytgan oxirgi gapi edi... Men Abdujalilning Yodgor akamizga mahalladosh ekanini bilardim. Kinoga olish jarayoni boshlanganda bildimki, u «Asadbek» akamiz bilan bir sinfda o‘qigan ekan. «Jalilni to‘ppa-to‘g‘ri yozgansiz, sinfda hamma mendan qo‘rqar edi, faqat Abdujalil qo‘rqmasdi. Do‘q qilsam, «Bor-ye!» deb qo‘l siltab ketvorardi», – dedilar Yodgor akamiz. Xayrulla aka esa Jalil rolini ijro etishga mahliyo bo‘lib qoldilar. Hatto oltmish yilcha olinmagan sochlarini oldirishga ko‘ndilar. Artistlarga xos hazil-huzul bilan maxsus «soch olish marosimi» ham o‘tkazilgan. Deyarli barcha artistlar o‘zlariga belgilangan rollarni jonu dillari bilan ijro etdilar. Filmni ishlashga qiziqish juda kuchli edi. Ayrim aktyorlar «tekinga o‘ynab beramiz», deb kelishardi.

Yaqinda bir rejissyor yosh aktyordan nolidi: «Ellik million so‘m talab qilyapti, men unga shuncha pulni qayerdan topaman, kinoning yarmini suratga olganman. Endi shu bolaning rolini chiqarib tashlashga majburman...»

«Shaytanat» kinofilmini ishlashda bunday muammolar bo‘lmagan. Film biron kishining uyida yo idorasida olinsa, ularga ham haq to‘lanishi kerak ekan. Ko‘p uy va idora egalari bundan ham voz kechdi. Xullas, kinofilmni suratga olish jarayonida xolis xizmatlar ko‘p bo‘ldiki, kino ekranda o‘zlari ko‘rinmasalar ham xizmatlari katta bo‘lgan barcha-barchaga minnatdorlik bildirib, haqlariga qayta-qayta duolar qilamiz.

A.N.: Jahongir Qosimov keyingi fasllarni suratga olmadi. U filmdan ketdi. Qosimov bilan birga Zaynabni o‘ynagan Navro‘za Biynazova ham o‘zini chetga oldi. Navbatdagi qismlarni Yodgor Sa’diyev suratga tushirdi. Qosimovning nima sababdan ketganiga jurnalistlar javob olisholmadi. Mana, yillar o‘tib bu savolga siz javob bersangiz...

T.M.: – Yodgor akamizga kinofilmga Jahongir rejissyor bo‘lsin, deb men taklif qilganman. Chunki Jahongir o‘zbek kinorejissyorlarining yangi mahoratli avlodiga mansub edi. Asarni nozikta’blik bilan tushunardi. Uning telefilmlaridagi rejissyorlik mahorati meni lol qoldirgandi. San’at olamida rejissyor bilan aktyorning til topishib ishlashi og‘ir masala. Lekin Jahongir bilan Yodgor akamiz ahillik bilan ish boshlashdi. Yodgor akamizning tabiatlarida o‘jarlik, keskinlik bor. Ish paytida baqirib yuborishlari ham mumkin. Lekin ish yakuniga yetgach, uzr so‘rash fazilatlari ham bor. Yodgor akamiz Jahongirning barcha injiqliklarini ko‘tardilar. Unga mehribon aka maqomida edilar. Agar kinofilmni chiroyli saroyga o‘xshatsak, Jahongir bu saroyning poydevorini pishiq qilib qurib berdi. Dastlabki olti qism namoyish qilinib, shuhrat topgan kezlarda Jahongir hech kutilmaganda rejissyorlikdan voz kechdi. Bu qarorni eshitib, Yodgor akamiz juda qattiq ezildilar. Jahongirga yalinganlariga o‘zim guvohman. Jahongirning qarori va o‘jarligiga sabab-bahona yo‘q edi. Hozir ham asl sababini aytmasa kerak. Lekin mening taxminim bor. Gap shundaki, asar shuhrat topib borgani sayin unga g‘ayirlik qiluvchilar soni ortib bordi va turli yo‘llar bilan xalaqit berishga intilish boshlandi. Jahongirning qarori shunday intilishlarning natijasi edi. Nazarimda u o‘z tashabbusi bilan qilmadi bu ishni. Qaysidir akalarining taklifi, balki talabi bilan o‘zi yaxshi ko‘rib boshlagan ishdan voz kechdi. Bu uning katta xatosi edi. Bu xatoni hozir tan oladimi yo yo‘qmi, bilmayman. Lekin o‘shanda tan olmagandi.

G‘ayirlik qiluvchilar Jahongir rejissyorlikdan ketishi bilan kinoga olish ishi to‘xtaydi, deb o‘ylab yanglishishdi. Ruslarning «Baxt yo‘q edi, baxtsizlik yordam berdi», degan maqoli bor. Shu bahonada Yodgor akamizning kinorejissyorlik mahoratlari ko‘p qirralari bilan yanada ochildi. Jahongir rejissyorlikdan voz kechgach, Navro‘za bosh rolni ijro etishdan bosh tortdi. Aslida men unga bu rolning berilishiga qarshi bo‘lgan edim. Birinchidan, husni binoyi bo‘lgani bilan, mening tasavvurimdagi Zaynab emasdi. Ikkinchidan, o‘zbek tilini bilmasdi. Uchinchidan, u professional aktyor emas, telejurnalist edi. Zaynabning ruhiy kechinmalari, qalbdagi azoblarni bera olmasdi. Uning voz kechishidan men quvondim, Yodgor akamiz esa, tabiiyki, g‘oyat ezildilar. Unga ham yalindilar. Navro‘za bilan Jahongir televideniyeda birga ishlardilar. Uning o‘jarligi bilan Jahongirniki hamohang edi. Ehtimol, oralarida aka-singillik mehr-muhabbati bo‘lgandir, Xudo biladi.

Xullas, kinofilmning yettinchi qismini suratga olish ishlari ana shunday asabiy holda, qiyinchilik bilan boshlandi. Boshqa aktyorlarga ham «Bu filmda o‘ynasang kelajaging bo‘lmaydi», degan gaplar aytilgan ekan. Lekin bunday noxushlik yuz bermadi. Filmni suratga olish yuqori saviyada davom etdi. Qaysidir qism tayyor bo‘lganida televideniyedagi montaj xonasidan plyonka o‘g‘irlandi. Bu tasodifmidi yo ko‘ngli qoralarning navbatdagi qilig‘imidi, menga noma’lum, Xudo biladi! Menga, sizga va barcha muxlislarga ma’lumi – kinofilmning yarmini namoyish qilish to‘xtatildi. Nima uchun to‘xtatilgani muxlislarga ham, sizga ham, hatto menga ham ma’lum emas. Asarga yuqori idoralarning e’tirozi bo‘lmagan, bo‘lsa edi, kaminaga «Xalq yozuvchisi» unvoni berilarmidi, kitoblar qayta-qayta nashr etilarmidi? Kinofilmni badiiy kengash a’lo bahoda qabul qildi, ammo noma’lum sabab bilan yo‘li to‘sildi, afsuski, hamon to‘siq. Ammo yo‘l ochilishiga umidimiz bor edi.

A.N.: O‘zbekiston xalq artisti, Asadbek roli ijrochisi, mahoratli aktyor Yodgor Sa’diyev bilan shu film bahonasida yaqin munosabatlar o‘rnatilgan bo‘lsa kerak?

T.M.: – Biz tengdosh bo‘lsak-da, bu filmga qadar yaqin bo‘lmaganmiz. Men Yodgor akamizning mahoratlarini hamisha qadrlab kelganman. Ayniqsa «So‘nggi o‘q» videofilmidagi ijrolari barcha kabi meni ham lol qoldirgan. Men shu film bahonasida Yodgor akamizning bolalikdagi do‘stlari bilan ham tanishdim. Ularning o‘zaro mehr-oqibatlari «do‘st» degan tushunchaga sig‘maydi. Bunday oqibatli va mehribon do‘stlar hayotda kam topiladi. Mening odatim: tobim qochsa, hatto shifoxonada yotsam ham boshqalarga bildirmanglar, deyman. Ikkinchi jarrohlikkadir (operatsiyaga) yotganimda ham shunday bo‘ldi. Lekin Yodgor akamiz kimdandir eshitib keldilar, «sizga begonamanmi, nega xabar qilmadingiz?» – deb mendan ranjidilar. Amaliyot 5-6 soat davom etibdi. Mashhur jarroh professor Nizomxo‘jayev (hozir u kishiga «O‘zbekiston Qahramoni» sharafli unvoni berilgan) amaliyotni tugatib chiqsalar, eshik yonida Yodgor akamiz turganmishlar. «Operatsiya yaxshi chiqdi, bir ozdan keyin hushiga keladi», desalar, Yodgor akamiz «Endi mastava icha oladilarmi?» – deb so‘rabdilar. Professor ertasiga mendan xabar olgani kirib, «Yodgor aka sizni juda yaxshi ko‘rar ekan, faqat mastava haqidagi gaplariga tushunmadim», dedilar. «Yodgor akamiz bilan mening farqim – men mastava ichmayman, hatto qaynonamnikiga borganimda ham ichmaganman, Yodgor akamiz esa aksincha, mastavaxo‘rlar, har kuni bir kosa ichmasalar bo‘lmaydi. Hayronman, mastavaning kuchi bilan qanaqa kino ishlash mumkin? Yodgor akamiz «Tohir Malikka baribir mastava ichiraman», deb katta ketganlar, shuning uchun operatsiya natijasini ilhaq kutganlar», – deb hazillashdim.

A.N.: «Shaytanat» filmi uchun maxsus yozilgan she’r va qo‘shiqning tarixi haqida ham so‘zlab bersangiz. Adashmasam, she’r matni muallifi rahmatli Mashrab Boboyev bo‘lgan.

T.M.: – Yo‘q, undagi ikki qo‘shiqning she’rlaridan birini Qutlibeka, ikkinchisini Shukur Qurbon film uchun maxsus yozib berishgan. Qutlibeka kitobdan ta’sirlanib, menga qo‘ng‘iroq qilgan edilar. Qo‘shiq uchun she’r yozib berish taklifimni darrov qabul qildilar. Bu qo‘shiqni G‘ulomjon Yoqubov ijro etdilar:

Biz ham tug‘ilganda gulg‘uncha edik,

Yurak sevgi to‘la tuguncha edi,

Hayot baxtga egiz tushuncha edi.

Bizni sen yaratding, Zolimlik!

Bu masalada Shukur Qurbonga ham murojaat etib, Elchinning to‘yda aytadigan qo‘shig‘ini Abdulhamid Cho‘lpon uslubida yozib berishni iltimos qilgan edim, bu ham ko‘nglimdagiday bo‘ldi. Bilishimcha, xonanda Azim Mullaxonovga ham ma’qul kelib, qo‘shiq bir kechada yaralibdi. Men birinchi eshitganimdayoq sehrlanib qoldim. Zaynabning to‘yi sahnasi «Tabassum» qahvaxonasida olindi. Tasodifni qarangki, mening nikohdan o‘tish marosimim ham shu yerda bo‘lgan edi. Suratga olish paytida qo‘shiq bir necha bor yangradi. Bir mahal qarasam, qahvaxona xodimlari yig‘lab o‘tirishibdi. Bu qo‘shiq xalq orasida tez tarqaldi, hatto to‘ylarda ham aytiladigan bo‘ldi-ki, buni shoir va xonandaning katta yutug‘i deb hisoblayman.

Hayot – gulzor, deya kezdim, tikonlari chiqdi yo‘ldan,

Na-da tikonlari, turfa ilonlari chiqdi yo‘ldan.

* * *

Bormi hayrixohim, dedim va yo hamdard, muhabbatning –

Tohir Malik, Shukrdayin qurbonlari chiqdi yo‘ldan...

(bu bayt qo‘shiqqa kirmagan).

Qo‘shiq uchun she’r yozib berishni shoirlardan iltimos qilishimning sababi: durustroq she’r yozishga mening qobiliyatim yo‘q. Qofiyadan nariga o‘tmaydigan narsalarni yozishdan o‘zgasi qo‘limdan kelmaydi. Shuning uchun nuktadon shoirlarning she’rlaridan foydalanaman. Kitobda, yuqorida aytganimday, marhum do‘stim Asqar Qosimning she’rlaridan ko‘proq foydalanganman. Asarda mumtoz nazmdan, xususan, shayx Sa’diy, Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Boborahim Mashrab, So‘fiy Ollohyor hazratlari g‘azallaridan, ulug‘ ustoz Abdulhamid Cho‘lpon, rahmatli Rauf Parfi, Sadriddin Salim Buxoriy, zamondosh shoirlarimizdan Abdulla Oripov, Tursunboy Adashboyev she’rlaridan ham foydalandim. Fursatdan foydalanib, marhumlarni Alloh mag‘firat qilsin, deb duo qilaman, zamondoshlarga esa minnatdorligimni izhor etaman.

A.N.: «Shaytanat» rus tiliga tarjima qilina boshlangandi, ammo kechikib nashr qilindi.

T.M.: – Birinchi kitobi nashrga tayyor bo‘lgan, deb eshitgandim. Lekin noshirlar «kitob sotilarmikan?» degan xavotirda ishni oxiriga yetkazishdan cho‘chib turishdi, shekilli. Ancha keyin chop etildi. Xitoyda uyg‘ur tilida nashr etildi, deb eshitdim, lekin kitobni ko‘rganim yo‘q.

A.N.: Sizning epopeyangizdan so‘ng detektiv yozadiganlar rosa ko‘payib qoldi. Ayniqsa, «yangi» yozuvchilar kirib kelishdi. Ularning ayrimlari xorij detektiv asarlaridan plagiatlik  – ko‘chirmakashlik qilgani ham fosh etildi. Alxusus, o‘zi bizda detektiv maktabi bormi? Yoxud duch kelgan qalamkash «Artur Konan Doyl», «Agata Kristi» bo‘lib ketaveradimi?

T.M.: – Qani edi shunday bo‘lsa! Hozirgilar Rossiya televideniyesida ko‘rsatilayotgan nihoyatda zaif, mantiqsiz seriallardan o‘rganishyapti. Oddiy jumla tuzishni bilmaydiganlar ham «detektiv-roman» yozishyapti. Bu «roman»larning badiiy adabiyotga mutlaqo aloqasi yo‘q. Hozir bema’ni ashulalar ko‘payganidek, detektiv «asarlar» ham ko‘paydi. Bema’ni ashulalarga chek qo‘yish, qobiliyatsiz qo‘shiqchilarni san’atning pokiza gulshanidan chetlatishning bir yo‘li bor – agar ularga to‘ylarda tirikchilik qilish yo‘li to‘silsa, sahna, teleekran yo‘li ham o‘z-o‘zidan to‘siladi. Bu mening xomxayolim, chunki bu narsa hech qachon amalga oshmaydi. Endi bema’ni asarlarga kelsak, «serial asarlari»ni bosuvchi gazetalar yopilsa, «yozuvchilar» yo‘li to‘siladi. Har bir narsada me’yor bo‘lish kerak. Agar «detektiv romanlar» ko‘payaversa, badiiy adabiyotga salbiy ta’sir ko‘rsata boshlaydi.

A.N.: Detektiv yozadiganlar va mazkur janr o‘quvchilariga nimalar degan bo‘lardingiz?

T.M.: – Bu savolingizga ustoz Abdulla Qodiriyning hikmatlari javob bo‘ladi: «Yaxshi bilish kerakkim, qalam o‘qlog‘i va matbuot ketmon bozori emas. Yo‘sunsiz ravishda xotirg‘a kelgan har bir so‘zdan jumlalar to‘qimoq fazilat sanalmaydir. So‘z qolip, fikr uning ichiga qo‘yilg‘an g‘isht bo‘lsin, ko‘bchilik xumdonidan pishib chiqg‘ach, yangi hayot ayvoniga asos bo‘lib yotsin».

O‘quvchilarga esa taklifim bor: detektiv asarni o‘qib chiqqaningizdan so‘ng, unga baho berishdan oldin «O‘tkan kunlar» yoki «Mehrobdan chayon»ni sinchiklab o‘qib chiqing. Ana shunda o‘qiganingiz detektivga badiiy asar talabi asosida to‘g‘ri baho bera olasiz.

A.N.: «Shaytanat» kabi o‘tkir syujetli boshqa asarlar bilan ham detektiv ishqibozlarini xursand qilasizmi?

T.M.: – Afsuski, yo‘q. Mening boshqa rejalarim bor. Alloh zehn quvvatini bersa, aziz muxlislarimizning xolis duolari bilan ikkita tarixiy qissa yozish niyatim bor.

«Tohir Malik gurunglari» kitobidan

 Ustoz Tohir Malikning ruhi poklari shod bo‘lsin...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring