Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Buxoroning suvda aks etgan qalbi:«Labi Hovuz» ansambli

Buxoroning suvda aks etgan qalbi:«Labi Hovuz» ansambli

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan qadim va navqiron Buxoroda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan birinchi san’at Biyennalesi xalqaro maydonda hayajon bilan qarshilanmoqda. 

Ma’lumki, Buxoroda 829 ta madaniy meros ob’yekti davlat muhofazasiga olingan. Bugun ushbu madaniy meros ob’yektlarini asrash va texnogen jarayonlar ta’sirining oldini olish, aholi va turistlar uchun qulay harakatlanish sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilgan ishlar hayratli. «Ark» qo‘rg‘oni qo‘rg‘oni, «Labi Hovuz» ansambli, «Mag‘oki attoron», «Toqi Sarrofon» yodgorliklari, «Chor Minor» va «Isteza» madrasalari, «Samarqand» va «Darvozai Salloxona» darvozalari, «Zindon» va «Masjidi Kalon» va boshqa tarixiy ob’yektlar mehmonlarni qarshilashga shay.

Ayniqsa, «Labi Hovuz» ansambli diqqatga sazovor.

Buxoroning suvda aks etgan qalbi

Buxoro.  Yurakning badiiy tarixi, islom madaniyatining serjilo yuzi, ko‘hna shaharning abadiy qalbi. Uning bu qalbida bir suv ko‘zgusi bor — Labi Hovuz. Bu maskan — tarixiy me’moriy mo‘’jiza, fikr va ruhning ham suvdagi aksidir.

Labi Hovuzning jim-jit tiniqligida asrlar aks etgan. Bu yerda suv - oddiy tabiiy ne’mat emas. U qalb ifodasi. Suv yuzida go‘zal bir uyg‘unlik bilan mavjlanib turadigan masjid qiyofasi suzadi: arkli xonaqoh va muhtasham ayvonlar, asrlarga teng dovu-daraxtlar  — Buxoroning ilohiy va ma’naviy qalbida nima bor bo‘lsa, suv shularni qaytarib turadi. Bu yerda suvga boqsangiz, zamonning yuzida suzib yurgan minglab sayohatchilarni ko‘rasiz. Zarrin nurda silliqlangan ko‘zguda ko‘hna karvonlar soyasi kezadi, bunda odamlarning orzu-tilaklari shivirini, avliyo-anbiyolar duosini, shayx Naqshbandning sukutini eshitish mumkin.

XVII asrda Shayboniylar davrida barpo etilgan, Ko‘kaldosh va Nodir devonbegi madrasasi hamda Nodir devonbegi xanaqohining qoq markazida joylashgan Labi Hovuz ushbu yirik tarixiy binolar bilan birgalikda yagona badiiy va ma’naviy muhitni hosil qiladi. Ayniqsa, hovuz atrofidagi chinor daraxtlari, bejirim va go‘zal tarzda o‘rnatilgan o‘rindiqlar uning tabiiy va madaniy go‘zalligini yanada oshiradi. Bu yerga kelgan har bir inson buyuk mo‘’jizani faqat ko‘z bilan emas, qalbi bilan ham ko‘radi. Odam bu hovuz oldida o‘ziga nazar tashlaydi. Negaki, suv — qalb kabi javobsiz qolmaydi: inson siymosini o‘ziga qaytarib beradi. Hovuz atrofidagi chinorlar suvga egiladi — ular go‘yo tafakkurga botgan hayotni kuzatadi. Hovuzda esa vaqt suzadi. Bir palla quyosh nurida uning aksi to‘lqin bo‘lib raqsga tushsa, bir pallada quyosh botishi bilan suv yuzida odam o‘zini ko‘radi. Bu suv xuddi qalb kabi: goh yashirin va goh oshkor...

-  «Labi Hovuz» fors-tojik tilida «Hovuz bo‘yi» ma’nosini bildirib, mavjlanayotgan hovuz atrofidagi inshootlarni, uning keng xiyobonini ifodalaydi. Hovuz 1620 yilda Nodir Devonbegi mablag‘lari evaziga bunyod etilgan.  Qadimdan - bozori shab (kechki bozor) bo‘lgan bu maydonda keyinchalik katta hovuz qazilgan.  Hovuzning atroflari sinchlar bilan mustahkamlangan, xarsanglardan zinapoyalar, marmardan tarnovlar ishlangan bo‘lib, shag‘al va tuproq bilan to‘ldirilib shibbalangan. Shaharni asosiy suv bilan ta’minlovchi Shohrud arig‘i qirg‘og‘ida joylashgan ushbu hovuzning eni 36 m, bo‘yi 45,5 m bo‘lib, chuqurligi 5 m ni tashkil etadi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Buxoro shahristonining o‘zida 103 ta hovuz bo‘lib, ular o‘z vaqtida shahar qon tomiri  sanalgan. Hovuzlar faqat, iqlimni mo‘’tadil va salqinlashtirish uchun emas, aholini suv bilan ta’minlash uchun xizmat qilgan. Birgina Labihovuzdan saksonta meshkob suv olib, shahar ahliga obihayotni yetkazib turgan. Hovuzlarga suv tarixda “Rudi zar” nomi bilan mashhur bo‘lgan Shohrud arig‘idan oqib kelgan. Labi Hovuz haqida juda uzoq gapirish mumkin. Buxoroning har bir g‘ishtida hikoya, har bir burchagida afsona bor. Labi Hovuz ansambli haqida ham xalq orasida turli rivoyatlar yuradi. Ulardan biriga ko‘ra, bu majmua mahr evaziga berilgan bir juft zirak bahosiga qurilgan. Bu rivoyat o‘tmishda saxovat va fidoyilik, nafaqat, shaxsiy hayotda, balki shahar obodonchiligi uchun ham muhim bo‘lganini ko‘rsatadi,- deydi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonov.

Ha, 1510-1530-yillarda qurilgan Labi Hovuz  ansambli haqida ko‘plab tarixiy faktlar mavjud.

Yana bir tarixiy manbaga ko‘ra, Labi Hovuz aholi uchun suv manbai, balki dam olish, suhbat qurish, savdo-sotiq va diniy faoliyat markazi bo‘lgan. U yerda karvonlar to‘xtab, mehmonlar dam olgan, shoirlar she’r o‘qigan, faylasuflar munozara qilgan. Shu jihatdan u Buxoroning faqat arxitekturasi emas, balki ruhiyati, madaniyati va qalbini namoyon etadi.

Hovuz bo‘ylarida tarixiy tanasi oltin meros sifatida asrlar osha ko‘z qorachig‘idek asrab kelinayotgan va atrofga salobat to‘kib turgan daraxtlarning baquvvat tomirlarida ulkan tarixni ko‘rasiz.  Bu baquvvat tomirlar mana shu hovuz suvlariga tutash: bugun va tarixni bog‘lab turibdi. Mahalliy aholi hamda  minglab sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan Labi Hovuz atrofi zamonaviy kafe va restoranlar, hunarmandlar do‘konlari bilan yanada jozibali. Bunda har kuni milliy libosdagi artistlar va musiqa jamoalari orqali Buxoro madaniyati to‘liq namoyon bo‘ladi. Hovuz suvida aks etgan chinorlar, qadimiy binolar va quyosh nurlari haqiqatan ham uni «Buxoroning suvda aks etgan qalbi» deb atashga to‘la asos beradi.

Zero, suvda qalb aks etadi, chunki suv qalbdek samimiy, qalbdek shishasifat. U har bir tosh, har bir gul bezagini, hatto, inson yuragidagi hisni xam aks kabi qaytaradi. U o‘tmishni eslaydi, bugunni aks ettiradi va kelajakka boqadi. Unda ko‘ringan har bir aks — faqat binolarning tasviri emas, balki inson yuragidagi ehtiros va tilaklarni ham mujassamlaydi. Shunday ekan, Labi Hovuzga qaraganda, suvda o‘zingizni ko‘rasiz. Chunki, Labi hovuzda hayot suvda emas, qalbda aks etgan.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring