Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Tobora yolg‘iz qolayotgan Falastin. Arab davlatlari Falastin ortidan pichoq urdimi? (tahlil)

Tobora yolg‘iz qolayotgan Falastin. Arab davlatlari Falastin ortidan pichoq urdimi? (tahlil)

Kecha, 4 aprel kuni (hijriy yil hisobi bo‘yicha: Ramazon oyining 14 kuni) kechqurun Isroil xavfsizlik kuchlari Quddusdagi masjid Al-Aqsoga bostirib kirdi.

Manbalarga ko‘ra, seshanba kuni kechqurun Isroil xavfsizlik kuchlari masjidning namozxonasiga bostirib kirib, u yerdagi falastinliklarga shovqinli granatalar, zaharli gaz, rezina o‘qlar va boshqa vositalar bilan hujum qilgan.

Falastin asirlari qo‘mitasi vakili Riyod al-Ashkarining jurnalistlarga bergan ma’lumotiga ko‘ra, hujum natijasida 200 dan ortiq falastinlik qo‘lga olingan. 100 ga yaqin inson esa yaralangan. Qo‘lga olinganlar esa Isroilning Quddusdagi Anatadagi harbiy bazasiga yuborilgan.

Мусулмон дунёси ғазабда – Исроил полицияси ўтган йил Рамазон ойидаги қилмишини бу йил ҳам такрорлади

Isroil xavfsizlik kuchlari nega har Ramazon oyida masjid Al-Aqsoga bostirib kirishi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Ha, masala odamni o‘ylantirib qo‘yadi. XX asrda vujudga kelgan Yaqin Sharq muammosi bugungi kungacha o‘z yechimini topa olmay kelmoqda. Nega bugungi kunda arab davlatlari bir bo‘lib, Falastinni qo‘llamaydi?

Agar tarixga nazar tashlasak, Isroil kuchlarining masjid Al-Aqasoga uyushtirayotgan hujumlari aynan Ramazon oyida yuz berganiga guvoh bo‘lasiz.

So‘z isboti bilan deganlaridek, dalillarni sanashga o‘tsak:

2021 yil 7 may – Ramazon oyining 25 kuni Isroil politsiyasi taroveh namozini o‘qiyotgan bir pallada masjid Al-Aqsoga bostirib kirdi. Buning natijasida o‘rta katta to‘qnashuv sodir bo‘lib, mojaroning qulochi yoyilib, ikki o‘rtada urush kelib chiqqan edi.

image

11 kun davom etgan o‘sha qonli to‘qnashuvlarda G‘azo sektorida yashovchi 232 nafar arab halok bo‘lgan va 1900 ga yaqini jarohat olgan. Isroil tomondan esa 12 nafar inson vafot etgan, yuzlab odamlar yaralangandi.

Bu fojiadan bir yil o‘tganidan keyin, aniqrog‘i, 2022 yilning 22 aprel kuni – Ramazon oyining 22 kuni (juma kuni) bomdod namozidan keyin Isroil politsiyasi Al-Aqso masjidiga yana bostirib kirdi.

Bugun ham Isroil xavfsizlik kuchlari aynan Ramazon oyida musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanmish masjidga bostirib kirdi. Xo‘sh, bundan ko‘zlangan maqsad nima?

Arab davlatlari Falastinga xiyonat qildimi?

Sovuq urush davrida Arab davlatlari (Misr, Iordaniya, Iroq, Suriya, Livan, Saudiya Arabistoni, Yaman)ni SSSR, Isroilni esa AQSh ham harbiy, ham moliyaviy tomondan dastakladi. Biroq SSSR parchalangach, arab davlatlarini Isroilga qarshi qurollantiruvchi kuch yo‘q bo‘ldi. Shundan so‘ng arab davlatlari birin-ketin AQSh tomoniga og‘a boshladi.

Bir vaqtlar Isroilga qarshi qurol ko‘targan arab mamlakatlari bugun Isroilning yaqin hamkorlari hisoblanadi.

Ayniqsa, AQShning 46-prezidenti Donald Tramp arab davlatlari bilan Isroilni yarashtirishda jonbozlik ko‘rsatdi. Aynan u 2018 yilda Isroil rasmiy idoralarini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishini qo‘llab, Quddusni Isroil poytaxti deb e’lon qildi.

undefined

Aynan Tramp davri (2017-2021yillar)da arab mamlakatlari Isroil bilan tashqi aloqalarni jadal tarzda tikladi. Masalan, 2020 yilning avgust oyida AQSh vositachiligida Birlashgan Arab Amirligi (BAA) Isroil bilan munosabatlarni to‘liq normallashtirish bo‘yicha kelishuvga qo‘l qo‘ydi. Oktyabr oyida esa Bahrayn Isroil bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatdi. Falastin rahbariyati esa bu kelishuvlarni «ortdan urilgan pichoq» deb atadi.

2020 yil oxiriga kelib, BAA, Bahrayn, Sudan va Marokash Isroil bilan to‘liq tartibga solinadigan iqtisodiy va diplomatik munosabatlarni o‘rnatib bo‘lgan edi. Misr (1979) va Iordaniya (1994) qolganlardan ko‘ra oldinroq Isroilga qo‘l berib bo‘lgandi. Arab davlatlaridan faqatgina Saudiya Isroil bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan edi.

AQSh Saudiya Arabistoni va Isroilni kelishtirish uchun ko‘p ter to‘kdi. Biroq hokimiyatiga Jo Bayden kelgach, bu harakatlar havoga uchdi, qo‘ydi.

Turkiya Falastinning yagona xaloskorimi?

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Yaqin Sharq muammosini ko‘p bor tilga olib keladi. Ammo shu vaqtga qadar Turkiya amaliy jihatdan Falastinga na harbiy, na iqtisodiy yordam berdi,

Buni bir nechta sabablari bor. Masalan, agar Turkiya Falastinni amaliy qo‘llab-quvvatlashni boshlasa, katta ehtimol bilan NATO tarkibidan chiqarib yuborilishi mumkin. Tabiiyki, Alyans tarkibidan chiqish Turkiya manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, Turkiyada AQShning bir necha harbiy istehkomlari ham borligini esdan chiqarish kerak emas.

Muxtasar qilib aytganda, Isroil deyarli barcha arab davlatlari bilan kelishuvga erishib, asta-sekin Quddusni egallash taraddudida. Arab mamlakatlarining Falastindagi voqealarga kuppa-kunduz kuni ko‘z yumishi Isroilni yanada ilhomlantirayotgan bo‘lsa ajab emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring