Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

O‘n bir taqdir, o‘n bir fojia... Sud zalidagi uch soatlik og‘ir manzara tafsilotlari

O‘n bir taqdir, o‘n bir fojia... Sud zalidagi uch soatlik og‘ir manzara tafsilotlari

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

1

...Maqola kechikyapti, tezroq qog‘ozga tushirish kerak. Avvaldan xabar berib qo‘yganmiz: Oliy sudda o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan 11 nafar ayolning «ishi» ko‘riladi, deb... Bu yog‘ini tezlashtirishdan boshqa iloj yo‘q. Biroq uch soatga yaqin bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislari tafsilotlarini muxtasar maqolaga sig‘dirish qiyin. O‘n bitta taqdir, o‘n bitta fojia... Ularning har biri alohida-alohida mavzuki, bu puxta tayyorgarlik va jiddiy yondashuvni talab etadi.

Shu bois hozircha to‘rt-besh chizgilar bilan bugungi sud jarayonlari haqida tasavvur berishga harakat qilamiz.

2

Xullas, Oliy sud binosidamiz. Mahkamaning sud majlislari o‘tadigan eng katta zali. Unda mahkumalarning yaqinlaridan tortib, xotin-qizlar qo‘mitasi vakilalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘tiribdi. Xullas, zal liq to‘la odam. Sud majlislariga Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov raislik qilmoqda. Ikki yonida sudlov hay’ati a’zolari. Quyiroqda davlat ayblovchisi — prokuror. Uning ro‘parasida advokat, bir qator narida esa Jazoni ijro etish muassasasi vakili joy olgan...

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Alohida qayd etish kerakkim, sud majlislarida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Ma’rupova ham ishtirok etdi. Chunki, barcha mahkumalarni qo‘mita kafillikka olmoqda.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

3

O‘n bir nafar mahkumaning nazorat tartibidagi murojaatlari ko‘rib chiqilgan sud majlislarida bitta so‘z ko‘p takrorlandi: PUShAYMONMAN! Bu kalomni aytmagan yoki eshitmagan odam yo‘q. Ammo mahkumalar og‘zidan takror-takror chiqqan bu so‘zning zalvori shu bugun odamni ezib yubordi, rosti.

Avval bunchalar ta’sir etmagan edi...

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

4

Mahkuma T.Gulasar samarqandlik. Sakkiz farzandning onasi. Oltmish uch yoshda. O‘n yil-u to‘rt oydan beri «o‘tiribdi». Jinoyat kodesining 273-moddasi 5-qismi (giyohvand moddalar savdosi) bilan ayblangan. 2006 yilda ham shu jinoyat bilan qo‘lga tushib, ayolligi sabab yengillik berilgandi. Uch yil o‘tib, yana shu jinoyatga qo‘l urgach, qonunning qattiq talabidan qutulib qololmadi: 12 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Pushaymonligi dunyoga sig‘maydiki, qamoqdaligida ko‘p yaqinlari vafot etgan. Ularning hatto sovuq diydorini ko‘rish nasib etmadi. O‘ziyam bir siqim bo‘lib qolgan. Tavbasiga chandon tayangan bu ayolni yana bir yil-u sakkiz oy «ushlab» turishdan ma’no bormi? Bu yoqda xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligini olmoqda.

Ayol muddatidan avval ozodlikka chiqarildi.

5.

A.Hamrobonuning qismati ham shunday. O‘zi samarqandlik. Bu yil oltmish beshga to‘ladi. Olti nafar farzandi, 25 ta nevara, 3 ta chevarasi bor. Bir marta giyohvand moddasi savdosiga aralashib, sudga tortilgandi. Biroq qonun bergan yengillikdan xulosa chiqarmadi. Kim bilsin, yana qo‘lga tushsam, yengilligina qutulaman ekan, deganmi?! 2011 yilda yana shu jinoyatga qo‘l urdi va... 11 yilni «olib ketdi»! Sakkiz yil-u sakkiz oydan beri «zona»da. Ayolning pushaymonligiki, qamoqqa tushib yo‘qotmagan narsasining o‘zi qolmadi! Ko‘z xiralashgan, beldagi churrasi sabab gavdasini tik tutolmaydi. Oilasi qay ahvolga tushganini aytib bo‘lmaydi, yozib bo‘lmaydi...

Davlat uning o‘talmay qolgan ikki yilu to‘rt oylik jazosidan muddatidan avval ozod qildi. Bu muruvvat Oliy sud vositasida amalga oshirildi.

6

A.Dilfuza ham ilgari ikki marta sudlangan. 168-modda (firibgarlik) bilan. Uchinchisida o‘zini giyohvand moddalar savdosida sinab ko‘rishni xohlagandiki, «bir» deganda qo‘lga tushdi. Sodir etgan o‘ta og‘ir jinoyatiga avval ikki marta sudlangani ham qo‘shilib, 12 yilni «olib» ketdi. O‘shanda to‘rtinchi farzandiga og‘iroyoq ekan. Kenjasi (qiz) hisbxonada dunyoga keldi... O‘sha qizaloq hozir o‘n yoshda. Maktabda a’loga o‘qiydi, deydi ayol. Shu bolani diydoriga dunyoni almashmoqqa tayyor. Pushaymonligini shu bilan izhor etdi u. Salomatligi borasida jiddiy muammolar bor: «qancha umrim qolgan bilmadim, borini bolalarimga bag‘ishlasam...»

O‘n bir yil-u bir oydan beri jazo o‘tayotgan shu ayolga ham muddatidan ilgari ozodlik ravo ko‘rildi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

7

A.Mahliyo bugun «ishi» ko‘rilgan mahkumalar orasida eng yoshi. Qirq bir yoshda. Tayinlangan jazo (12 yil) tugashiga sakkiz oy qolibdi. Ikki nafar o‘g‘li bor. Qamalganda kichigi olti oylik chaqaloq edi. Bugun o‘sha bolaning bo‘yi onasiga yetay deb qolibdi. Ozodlikka chiqqan Mahliyoni to‘ng‘ich o‘g‘li qarshi oldi. Bolaning egnida uniqqan ko‘ylak-shim. Oyog‘ida eski shippak... Shuning o‘zi oilaning qanday ahvoldaligini aytib turibdi...

 «Otang kelmadimi?» deb so‘radim yigitdan.

 «Dadamiz yetti yil avval vafot etgan»!

«Kimning qo‘lida qoluvdinglar, bolam?»

«....»

8

Y.Gulbahorning (56 yosh) muddatidan avval qamoqdan ozod etilishi jarayonida biroz qiziq, ammo o‘ta og‘riqli holat kuzatildi. Avvaliga tartib-taomilga amal qilingan holda raislik etuvchi, prokuror, advokat, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari gapirdi. Mahkumaning oxirgi so‘zidan so‘ng sudlov hay’ati maslahatxonada ko‘p ushlanmay, ajrimni o‘qib eshittirdi: Ya.Gulbahor «... sud zalidan ozod etilsin!». Ayol go‘yoki karaxt: yuzidagi ifodani ilg‘ab bo‘lmaydi. Ko‘zlari bir nuqtada qotib qolgandek. Hatto soqchi ham qimir etmaydi, deng. Raislik etuvchi uning ozod etilganini takror aytdi. Yana o‘zgarish yo‘q. Shundan so‘ng ovozini rostmana ko‘tarishiga majbur bo‘ldi (soqchiga): «Nega qarab turibsan? Chiqar ayolni bu yoqqa?!»

O‘n ikki yil-u uch oyga «kesilib», o‘n yildirki «ichkari»da o‘tkazgan ayol muddatidan avval ochiqqa chiqishiga ishonmagan chog‘i? Uning holati mo‘’jiza qarshisida tang qolgan odamning ahvolini eslatdi...

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

9

Mahkumalarning aksariyati giyohvand moddasi savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari sabab uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilganlar edi. Ular orasidan faqat bittasi — sirdaryolik B.Sabohat (56 yosh) tovlamachilik va boshqa jinoyatlari sabab 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan ekan. Muddatning salkam yetti yilini o‘tab bo‘lgan ayolga jazo tayinlashda (ayblovlarni malakalashda) xatoga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Ayblovlar qayta malkalangan ediki, tayinlanajak jazo o‘tab bo‘lgani oydinlashdi. Demak, ayolning qamoqda qolishiga asos yo‘q... Ko‘zlarida duv-duv yosh bilan ozodlikka chiqqan B.Sabohat bino yo‘lagidagi o‘rindiqqa holsizgina o‘tirib qoldi... Yaqinlaridan hech kim kelmabdi! Advokati aytdi: «bitta o‘g‘li Rossiyada, ikkkinchisi kasal...».

10

Bugun ozod etilgan o‘n nafar ayolning oltitasi haqida qisqacha ma’lumot berdik.

Yetar?

Negaki, barchasining qismati deyarli bir xil. Faqt bir nafar ayol (14 yilga «kesilib», 9 yildan beri jazo o‘tamoqda) ozodlikka chiqmadi. Uning jinoyati yopiq sud majlisida ko‘rilishi taqazo etilgani bois ommmaviy axborot vositalari xodimlari zalni tark etishiga to‘g‘ri keldi. Sud majlisi tugagach, ma’lum qilindiki, ayolning o‘talmay qolgan jazo muddati sezilarli qisqartirilibdi...

11

...Sud majlislari yakuniga yetdi. Biroq Oliy sud binosini ko‘plar, hatto hozirgina sobiqqa aylangan mahkumalar, ularning yaqinlari ham tark etgani yo‘q hali. Hovli chetrog‘ida Xolmo‘min Yodgorov bir-biriga ulab sigaret chekmoqda. Hamkasblarimiz uni suhbatga tortishga shay turibdi...

Shu payt ichkaridan Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G.Ma’rupova chiqib keldi. Uch soatlik og‘ir jarayon, baxtiqaro ayollarga berilgan kafolat yuki zalvoridan ezilib qolganini sezish qiyin emas. Ko‘zlari qizarib ketibdi, qon bosimi ko‘tarilgan, chamasi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring