Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«Blogerlar ham odammi, aka» degan gaplar o‘tmishda qoldi

«Blogerlar ham odammi, aka» degan gaplar o‘tmishda qoldi

Foto: «Xabar.uz»

So‘nggi yillarda menga eng ko‘p aytilgan gaplar ro‘yxati bilan tanishing:

— Siyosatga qarshi chiqma!

— Oqimga qarshi suzma!

— Hukumatni tanqid qilma!

— Bu ketishda tepadagilar seni aniq «sindirishadi»!

— Nima qilasan rahbarlarning ko‘ziga yomon ko‘rinib?

— Qamab qo‘yishmasa go‘rga edi...

— va h.k.

Mana, misol uchun yaqindagina kunduzi chiroq yoqib yurish masalasiga oid maqolamdan keyin bir hurmatli akamiz quyidagicha shaxsiy xabar yuboribdilar (so‘zma-so‘z keltiraman):

«Odamlarni isyonga da’vat etish, davlatning qonun-qoidalariga ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otish kabi ayblar qo‘yilishi mumkin sizga. Yoshlik qilib, istiqbolingizni kuydirib qo‘ymang».

Ba’zan shayton yuragimga qutqu solganidan, «rostdan hammaga yomon ko‘rinib zarilmi menga?» deb o‘ylab qolardim. Hukumat vakillariyu, vazirlar, hokimlaru tashkilot rahbarlarini ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi bo‘lmasa kerak, kelajagimni barbod qilishga arziydimi shu blogerligim derdim.

2014-2017-yillarda bitta tanqidim tufayli TVdagi ayrim rahbarlar meni ba’zi telekanallarning «qora ro‘yxatiga» kiritib qo‘yishganini ham yaxshi eslayman (tovba, xuddi TVga chiqmasam o‘lib qoladiganday, menga «zapret» qo‘yishganiga balo bormi?).

Lekin bugun amin bo‘ldimki, bularning barchasi ichki qo‘rquvimiz xolos. Senzurani o‘zimiz o‘ylab topganmiz, o‘zimiz kuchaytirganmiz va o‘zimiz uni eng yuqori cho‘qqiga olib chiqqanmiz. Chunki hammaga hadik bilan qaraymiz, hammadan qo‘rqamiz, ovozimizni birovlar emas, birinchi bo‘lib aynan o‘zimiz bo‘g‘amiz!

Bugun tarixda ilk bor 2 nafar bloger davlat mukofotlari bilan taqdirlandi: men hamda @davletovuz kanali muallifi. Bir qarashda Telegramdagi eng «g‘alamis», Hukumatni eng ko‘p tanqid qiladigan, birovlar ko‘zi bilan qaraganda «xalqni eng ko‘p gij-gijlaydigan» ikki nafar bloger. Ammo tasavvurlarimiz yana bizni aldadi, «yuqoridagilar» blogerlarga umuman boshqacha, xayrixohlik ko‘zi bilan qarashar ekan.

Mening o‘ta shaxsiy fikrimcha, Prezident ushbu Farmonga imzo chekar ekan, mamlakatdagi so‘z erkinligining yangi bosqichiga start berdi. Siz o‘ylashingiz mumkin, shu ikkala bloger davlat mukofoti oldimi, demak bo‘ldi, yutuq ularniki, faqat ularga mazza, deb. Aslida unday emas.

Agar masalaga kengroq qarasak, bu Farmon bilan O‘zbekistondagi har bir fuqaro, u qaysi sohada, kim bo‘lib ishlashidan qat’i nazar, erkin va mustaqil fikr ayta olsa, o‘z so‘ziga va fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lsa, biz o‘ylaganday, Hukumat ularni yomon ko‘rmasligi, aksincha ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilmoqchi.

Bu Farmon bilan, fuqarolik jurnalistikasining har bir vakili, har bir bloger eng yuqori darajada tan olinishi mumkinligiga ishora qilishmoqchi.

Davlat mukofoti berilgandan keyin men yoki Davletov.uz darrov «bizda hammasi yaxshi, hammasi zo‘r, yashasin musaffo osmon» degan pozitsiyaga o‘tmasligimizni, aksincha bundan ilhomlanib, yanada o‘tkirroq mavzularda tahliliy va tanqidiy qalam tebratishda davom etishimizni rahbarlar ham juda yaxshi bilishadi. Aslida ularga aynan shu kerak.

Bu mukofot ovozni o‘chirish emas, aksincha uni yanada balandroq ko‘tarish, qolgan fuqarolarni ham qo‘rqmasdan «gapirishga» undash ekanligini yaxshi anglashimiz kerak.

Davlat rahbari mazkur Farmon orqali bizdan aynan shuni so‘ramoqda, shu jamiyat rivoji uchun erkin va hur fikrli, niyati xolis bo‘lgan insonlarning ko‘payishini xohlamoqda.

Xo‘sh, biz bu chaqiriqqa tayyormizmi? Shu jamiyat va yurt rivoji uchun kerak joyida maqtab, kerak joyida rahbarlarning jon-jonidan o‘tkazib yuboradigan achchiq tanqidlarimiz bilan ularga ko‘zgu tutishga tayyormizmi? Hech qaysi bir guruhlarning nog‘orasiga o‘ynamasdan, xolis va asosli, eng asosiysi erkin fikrlarimiz bilan olis safarga chiqqan davlatga yordam berishga tayyormizmi?

Sizchi, siz bunga tayyormisiz?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring