Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

708 ming dollarlik «xomxayol»: g‘ijduvonlik rahbarning firibi restoranda fosh bo‘ldi

708 ming dollarlik «xomxayol»: g‘ijduvonlik rahbarning firibi restoranda fosh bo‘ldi

Illyustrativ foto

Buxoro viloyatida taqiq ostidagi katta yer maydonini sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev ma’lum qildi.

G‘ijduvon tumanida istiqomat qiluvchi R.Sh. (52 yoshda) o‘zi rahbarlik qilayotgan MChJga tegishli, qarzdorligi sababli xatlangan va sotilishiga taqiq qo‘yilgan 380 gektar noturarjoy yer maydonini 700 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan.

Bundan tashqari, R.Sh. fuqaro X.P.ga mazkur yer maydonida zamonaviy kottejlar barpo etish uchun qurilish sohasida ishlovchi tanishlari orqali tegishli tashkilotlardan ruxsatnomalar olib berishni va’da qilib, buning evaziga qo‘shimcha ravishda 8 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan. Jami talab qilingan mablag‘ 708 ming AQSh dollarini tashkil etgan.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi Buxoro shahridagi restoranlardan birida 8 ming AQSh dollarini bo‘nak sifatida olgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida R.Sh.ning muqaddam jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan ham bir necha bor sudlangani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi (firibgarlik), 211-moddasi (pora olish) ga asosan, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring