Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aliyev Rossiya armiyasining mudhish qilmishini eslatdi

Aliyev Rossiya armiyasining mudhish qilmishini eslatdi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev “Al-Arabiya” (Saudiya Arabistoni) telekanaliga bergan intervyusida muhim xalqaro masalalar qatori Rossiya bilan munosabatlarga ham to‘xtaldi. Suhbat matni “Azertac” davlat axborot agentligi saytida to‘liq holda chop etilgan.

Aliyev, avvalo, Ozarbayjonning zamonaviy mustaqil respublika tuzish yo‘lidagi urinishi yuz yil avval Rossiya tomonidan yo‘qqa chiqarilganini yodga olgan.

“Rusiya imperiyasi parchalanganidan keyin... Ozarbayjon demokratik respublikasi tuzildi. Bu musulmon dunyosida, 1918 yil may oyida ta’sis etilgan ilk demokratik respublika edi. Respublika 1920 yil aprelga qadar, Rossiya armiyasi Ozarbayjonga bostirib kirib, mamlakatni bosib olgunga qadar yashadi. 1917 yilda inqilob qilgan bolsheviklar xalqni aldadi. Ular “Ishchilarga – zavod-fabrikalar, dehqonlarga – yer, xalqqa – erkinlik” shiorini ko‘tarib chiqqan edi. O‘z davlatimizni tuzdik, ammo bolsheviklar uni bizdan tortib oldi”, – deya 1991 yilga qadar cho‘zilgan mustamlaka tarixini esga olgan Ilhom Aliyev.

So‘nggi vaqtlarda Moskva va Boku orasiga sovuqchilik tushdi. Bunga 2024 yil oxirida ro‘y bergan aviahalokat ham sabab bo‘ldi.

Azerbaijan Airlines kompaniyasiga qarashli samolyot 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan, oqibatda o‘nlab yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan edi.

Halokatning ilk daqiqalaridayoq Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan Embraer 190 uchog‘i Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani haqida taxmin ilgari surildi.

Uchoq halokatidan so‘ng Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyaga tashrifini bekor qilgandi.

Rasmiy Boku Moskvadan aybini tan olish, aybdorlarni jazolash va aviahalokat jabrlanuvchilariga kompensatsiya to‘lashni talab qilib kelyapti.

Aliyev “Al-Arabiya” muxbiri bilan suhbatda ushbu masalani yana bir karra ko‘targan.

“Sizga bir misol keltirsam. Ikkinchi Qorabog‘ urushi davrida, urushning so‘nggi kunlari, (2020 yilning) 9 noyabrida Ozarbayjon tasodifan Rossiya vertolyotini urib tushirdi. Vertolyot taqiqlangan hududga – Ozarbayjon chegarasiga yaqinlashayotgan edi. Gap shundaki, 30 yil mobaynida Armaniston hududidan Ozarbayjon chegarasiga biror marta Rossiya vertolyotlari yaqinlashib kelmagan edi. U (vertolyot) Armaniston tomonidan kelayotgan edi. Ya’ni uni urib tushirganlar Armaniston vertolyoti bizning hududga kirishga urinmoqda deb o‘ylagan... Men o‘sha kunning o‘zida, zudlik bilan Rossiya prezidentiga qo‘ng‘iroq qildim va uzr so‘radim. Biz darhol halok bo‘lgan uchuvchilarning oila a’zolari va (Rossiya) mudofaa vazirligiga kompensatsiya to‘ladik. Tergov o‘tkazdik va fojiaviy xatoni sodir etganlar javobgarlikka tortildi. Rossiya tomonidan esa bunday munosabatni ko‘rmadik”, – degan Ozarbayjon rahbari.

Aliyev suhbat davomida rasmiy Boku Moskva bilan munosabatlar yomonlashuvi uchun javobgar emasligi, qonun doirasida harakat qilishi, ammo hurmatsizlik, agressiyaga aslo toqat qilmasligini ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ozarbayjon millatiga mansub 50 dan ortiq shaxs qo‘lga olingani, hibsga olish payti ikki kishi halok bo‘lgani ham ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik taranglikning ortishiga olib keldi.

Avgust oyi boshida Ozarbayjon hukumati Rossiyani mamlakatning Ukraina hududidagi ob’yektlariga qasddan zarba berishda ham ayblagandi.

Tahlilchilar tobora geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan Ozarbayjon Rossiyaning “katta og‘alik” qilishiga ortiq toqat qilmasligini aytmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring