Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh generali: Ukraina bu yil Rossiyani yengadi, faqat bir shart bor...

AQSh generali: Ukraina bu yil Rossiyani yengadi, faqat bir shart bor...

AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Hojes DW nashriga bergan intervyusida Ukrainaning Rossiya ustidan tezkor g‘alaba qozonishi shartini ma’lum qildi.

Generalga ko‘ra, agar G‘arb mamlakatlari Ukrainaga hozirgi sur’atda harbiy ko‘mak ko‘rsatsa, Rossiya qo‘shini ustidan g‘alaba cho‘zilishi mumkin.

«Hozirgi darajada qo‘llab-quvvatlashda davom etsak, Ukraina shubhasiz g‘alaba qozonadi. Ammo buning uchun 5 yil kerak bo‘ladi va ushbu vaqt davomida ko‘plab begunoh insonlar qoni to‘kiladi», – deydi sobiq qo‘mondon.

Ta’kidlanishicha, agar G‘arb Ukrainaga qiruvchi uchoqlarni tez fursatda taqdim etsa, joriy yildayoq Kiyevning qo‘li baland kelishi, hatto Donbass va Qrimni ham qaytarib olishi mumkin.

Ben Hojesning fikricha, Ukraina uchuvchilarini G‘arb qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatish oson bo‘lmasligi tayin. Ammo bu omil samolyotlarni taqdim etishga to‘siq bo‘lmasligi kerak.

«Ukraina yangi qiruvchi uchoqlar boshqaruvini albatta eng mohir uchuvchilariga topshiradi. Bu universitetda barini noldan boshlashni anglatmaydi», – deydi AQSh generali.

G‘arblik ba’zi siyosatdonlar Ukrainaga qiruvchi uchoqlar berilishi «qizil chiziq» ekani, ya’ni bu Moskva bilan NATOning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga borishini anglatishini aytmoqda. Ammo Ben Hojes bu nuqtai nazarga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, Kiyevga qiruvchi uchoqlar berilishi HIMARS raketa majmuasi yoki Panzerhaubitze 2000 artilleriya aslahasini taqdim etishdan farq qilmaydi. Sobiq qo‘mondon yagona «qizil chiziq» sifatida AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya bilan muhoraba maydoniga askar yuborishi ekanini uqtiradi.

Qayd etilishicha, Ukraina Qrimni qayta qo‘lga kiritmaguncha to‘laqonli g‘alaba haqida gapirish mumkin emas.

«Cuveren hududlar to‘liq tiklanishi kerak. Rossiya Qrimda qolar ekan, biz e’tiborni susaytirishimizni poylab, yana hujum boshlaydi», – deb ogohlantiradi B.Hojes.

Yaqinda Germaniya boshliq Yevropa mamlakatlari Kiyevga «Leopard» tanklarini topshirishga rozilik bergan edi.

Buning ortidan Ukraina rahbariyati NATOdan jangovar qiruvchi samolyotlar so‘ramoqda. Hozircha Polsha va Fransiya ma’muriyati harbiy uchoqlar yetkazish imkonini istisno etmagan. Ayrim tahlilchilar G‘arb mamlakatlarining bu qarorga kelishi vaqt masalasi ekani, joriy yil ikkinchi yarmida Kiyevga jangovar samolyotlar berilishi mumkinligi aytmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring