AQSh Rossiyani Moldovada davlat to‘ntirishi uyushtirishda aybladi

Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlamoqda. Bu haqda CNN AQSh prezidenti ma’muriyatiga tayanib xabar berdi.
AQSh milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbiga ko‘ra, Rossiya Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga intilayotgan amaldagi Mayya Sandu hukumatini zaiflashtirishga zo‘r berib urinmoqda. Shu maqsadda so‘nggi haftalarda poytaxt Kishinyovda rossiyaparast ekani aytiladigan «Shor» partiyasi tomonidan aksilhukumat namoyishlar uyushtirilmoqda.
Oq uy fikricha, Moskva Moldovadagi barqarorlikni izdan chiqarish uchun dezinformatsiya, soxta axborotlardan ham foydalanmoqda. Masalan, Rossiya mudofaa vazirligi joriy yil fevral oyida Ukraina go‘yoki Dnestrbo‘yiga (Moldovaning Kreml yetovidagi ayirmachi hududi) hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar tarqatdi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken fevral oyida xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida Moldova rahbari Mayya Sandu bilan uchrashib, Rossiyaning beqarorlikka qaratilgan urinishlaridan chuqur xavotir izhor qilgan va mamlakatning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi qo‘llab-quvvatlanishini bildirgan edi.
Bir muddat avval Vashington Moldovadagi beqarorlikni yuzaga keltirishga aloqador shaxslar va tashkilotlarga nisbatan sanksiya joriy etgan.
Avval xabar berganimizdek, prezident Mayya Sandu ham fevral oyida Rossiya Moldovada davlat to‘ntarishi qilish maqsadida qo‘poruvchilik harakatlariga hozirlik ko‘rayotgani haqida bayonot bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter