Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh, Turkiya va Xitoy elchilari o‘zbek tilida tabrik yo‘lladi

AQSh, Turkiya va Xitoy elchilari o‘zbek tilida tabrik yo‘lladi

AQSh, Turkiya hamda Xitoy mamlakatlari elchilari O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan qutladi. E’tiborga molik jihati, diplomatlar mezbon mamlakatga ehtirom ramzi sifatida o‘zbek tilida tabrik yo‘lladi. 

AQSh elchisi: «Bugun mening to‘yim bo‘lgan kun hamdir»

«Amerika xalqi nomidan O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 29 yilligi bilan chin dildan tabriklayman. Bu yil O‘zbekiston mustaqilligini o‘z yaqinlaringiz davrasida nishonlar ekansiz, 29 yil ichida erishgan yutuqlar – kuchli, suveren davlat barpo etish va xilma-xillikka boy aholi ichida milliy o‘zlikni shakllantirish kabi haqida mulohaza qilasiz deb o‘ylayman», – deydi AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum.

Qayd etilishicha, islohotlar jarayonida Qo‘shma Shtatlar hamisha O‘zbekistonga ko‘makka tayyor.  

«Hozirgi jadal islohotlar jarayoni bilan O‘zbekiston kelgusi yillarda yanada ko‘proq natijalarga erishish, jumladan, o‘zbek xalqi farovonligini oshirish hamda yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratish yo‘liga o‘tdi. Yanada yaxshiroq kelajak qurish uchun mehnat qilar ekansiz, har doim Qo‘shma Shtatlar va Amerika xalqi qo‘llovi va do‘stligiga suyanishingiz mumkin», – dedi janob Rozenblyum.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston mustaqilligi bayrami AQSh elchining oilaviy bayrami bilan bir kunda o‘tmoqda.

«Bugun mening to‘yim bo‘lgan kun hamdir. Roppa-rosa 29 yil avval men Ohayo shtati Klivlend shahrida oila qurgandim. Fursatdan foydalanib, rafiqam Sheronni ushbu kun bilan samimiy tabriklayman. Mustaqillik kuning muborak bo‘lsin, O‘zbekiston!» – deya tabrigini yakunlaydi AQSh elchisi.   

Turkiya elchisi: «Fursatdan foydalanib, sizlarga muhim bir xushxabarni yetkazmoqchiman...»

«Qadimiy Movarounnahr zaminida barpo bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi nishonlanayotgan ushbu kunda barcha qardoshlarimizni Istiqlol bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etib, o‘zbek xalqini va yo‘lboshchilarini shu qisqa vaqt ichida erishgan yutuqlari bilan tabriklayman. O‘zbekiston haqiqatan ham o‘z mintaqasiga va butun dunyoga qisqa vaqt ichida nimalarga erisha olishini namoyish etishda davom etmoqda», – deydi Turkiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er o‘z tabrigida.

Qayd etilishicha,  SOVID-19 pandemiyasi global turg‘unlik davriga sabab bo‘ldi. Dunyoning barcha davlatlari singari O‘zbekiston ham bundan ta’sirlanmoqda. Ammo pandemiya keltirgan barcha noqulay sharoitlarga qaramay, O‘zbekiston islohotlarni amalga oshirish rejasidan chekinmay, bunyodkorlik yo‘lida qat’iy davom etmoqda.

«Prezident janob Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan rahbarligi ostida O‘zbekiston kun sayin kuchayib bormoqda va o‘zining 29 yoshida demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasida o‘ziga ishongan holda aniq qadamlar tashlamoqda. Prezident Mirziyoyev rahbarligida plyuralistik demokratiya borasida qo‘yilgan muhim qadamlar ishonch bilan kelajakka intilayotgan va gullab-yashnayotgan O‘zbekistonning qadimiy davlat an’analariga asoslangan o‘ziga ishonchining yorqin namunasidir», – deydi qardosh o‘lka diplomati.

Turkiya elchisi ko‘p asrlik qardoshlik rotibalarini alohida ta’kidlar ekan, 1920-yilda Turkiyada kechgan milliy ozodlik kurashi davrida turkistonliklar moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatganini mamnuniyat ila yodga olgan.   

«1991-yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekistonni birinchi bo‘lib tan olish sharafi Turkiyaga – Onado‘lidagi qardoshlariga nasib qildi; Toshkentdagi ilk elchixona juda qisqa vaqt ichida Turkiya Respublikasi tomonidan ochildi. Shu fursatdan foydalanib, muhim bir xushxabarni sizlar bilan baham ko‘rishni istayman: mustaqillikka erishgandan keyinoq ilk elchixonani ochgan Turkiya yaqin kunlarda mushtarak tamaddunimiz beshigi bo‘lgan ko‘hna Samarqandda birinchi bosh konsulxonasini ham ochish baxtiga musharraf bo‘ladi», – deydi elchi Mehmet Surayyo Er.

Xitoy elchisi: «Murakkab, ammo ahamiyatga molik yo‘l bosib o‘tilmoqda»

«Mustaqil 29 yil davomida O‘zbekiston suveren taraqqiyot yo‘lida muhim qadamlar tashlandi. Mamlakat ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, murakkab, ammo ahamiyatga molik yo‘lni bosib o‘tmoqda. Jumladan, mamlakatda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish borasida zarur sharoitlar yaratilmoqda. Aholining ijtimoiy ta’minoti oshirilib, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanib bormoqda», – deydi Xitoy Xalq Respublikasining yurtimizdagi elchisi Szyan Yan xonim.

Diplomat Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari har tomonlama strategik darajaga ko‘tarilgani, o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada jadal taraqqiy etishiga ishonch bildirgan.

«Bugungi kunda O‘zbekiston jahon hamjamiyati nigohida yangi qiyofada, ya’ni ochiq tashqi siyosati bilan jadal rivojlanayotgan davlat sifatida gavdalanmoqda. Bu esa o‘z navbatida uning porloq kelajagiga katta umid va ishonch bag‘ishlandi», – deydi Xitoy elchisi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring