Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Asaxiy books» loyihasi taqdimoti o‘tkazildi

«Asaxiy books» loyihasi taqdimoti o‘tkazildi

Foto: O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida badiiy asarlarni tarjima qilish, mualliflik huquqi, qalam haqi, matn bilan ishlashda muharrirlar mas’uliyati, tarjima kitoblarning savdosi kabi masalalar «Asaxiy books»  loyihasi misolida muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu loyiha doirasida tarjima qilib chop etilgan Jorj Oruellning «1984», Den Braunning «Raqamli qal’a»  kitoblari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad jahon adabiyotining sara namunalarini tarjima qilish, kitob holida nashr etish, internet orqali sotish va shu orqali daromad ko‘rish ekani aytildi.

Keyinchalik «Asaxiy books»  alohida MChJ ga aylantirilishi, elektron va audio kitoblar sotuvi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Buning uchun kuchli himoya tizimiga ega, nusxa ko‘chirish va skrinshot qilish imkoniyatlari bloklangan maxsus mobil dastur kerak bo‘ladi. Firuz Allayev bu ishni buyurtma asosida belaruslik IT-mutaxassislarga topshirgani, ishlab chiqilayotgan dastur iyun oyida tayyor bo‘lishini bildirdi.

Foto: O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati

Muloqot davomida «Raqamli qal’a» romani internetda juda ko‘p bahslarga sabab bo‘lgani, asardagi ayrim ochiq sahnalar uchun tarjimon va noshirlar sha’niga ijtimoiy tarmoqlar orqali yomon so‘zlar yog‘dirilgani aytildi.

Firuz Allayev faqat bloger Shahnoza To‘raxo‘jayevaning tanqidi qisman asosli bo‘lganini tan oldi. Eslatib o‘tamiz, To‘raxo‘jayeva kitob muqovasiga 18+ begisi qo‘yilishi kerakligini ta’kidlagan edi. Bu – «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talabi. Uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 848-son qarori ilovasida axborot mahsulotlarini yosh toifasiga oid tasniflash tamoyillari bayon qilingan.


Mavzuga doir: Bu safar jim turolmayman!


Qaror ilovasining 11-bandida bolalar o‘rtasida tarqatish taqiqlangan (18+) axborot mahsuloti sifatida «ponografik xususiyatga ega bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan»  axborot ham sanab o‘tiladi. Ya’ni shunday axborot tarqatilayotganda, unga yoshga doir cheklov qo‘yilishi kerak.

Anjumanlar zaliga yig‘ilganlar asarlarda uchraydigan ochiq va beparda sahnalarni tarjima jarayonida imkon qadar silliqlab, ehtirosli tasvirlarni olib tashlashni taklif qilishdi.

Ayrim jurnalistlar, noshirlar «1984» va «Raqamli qal’a»  romanlarida ham imloviy, ham uslubiy xatolar ko‘pligi, bunday kamchiliklar kichik yoki arzimas nuqson bo‘lib ko‘ringani bilan matnda mazmun buzilishga olib kelishini aytishdi.

Foto: O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi matbuot xizmati

«Men Den Braunning asarini hozir qo‘limga oldim, hali varaqlab ham ulgurmadim, shunchaki kitobni o‘rtasidan shunday ochdim: «...u uzukni barmog‘iga kirgizdi» , degan jumlaga ko‘zim tushdi, – dedi «O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Azimboy Boboniyozov. – O‘zbek tilida bunday ifoda yo‘q, «uzukni barmog‘iga taqdi» , deyish kerak edi. Matn uchun tarjimondan tashqari musahhih va muharrir ham birdek mas’ul. Kitob – mahsulot, xaridor esa – iste’molchi. Siz chiqargan mahsulotingizga narx bichdingizmi, uning sifatliligiga ham javob berishingiz, iste’molchilar huquqini hurmat qilishingiz kerak» .

Shundan so‘ng Firuz Allayev davlat va xususiy nashriyotlarga yangi taklif bilan chiqdi. Unga ko‘ra, kitobni nashrga tayyorlash ishlari bilan nashriyotlar shug‘ullanadi. Tarjima tayyor bo‘lgach, elektron shaklda nashriyot ijodiy jamoasiga taqdim etiladi. Musahhih va muharrirlar o‘qiydi. Tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq matn uchun nashriyot javobgar bo‘ladi. «Asaxiy books» faqat tarjimonga hamda nashriyotga (asarni o‘qib bergani, maket qilgani, bosmaxona xarajatlari uchun) haq to‘laydi. Kitob chop qilingach, sotish huquqi «Asaxiy books» da bo‘ladi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tasarrufidagi «O‘zbekiston», «O‘qituvchi», «Cho‘lpon» nashriyotlari hamda «Akademnashr»  xususiy nashriyoti vakillari bu taklifni ma’qullab, kelgusida hamkorlikda ishlashga rozilik bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring