Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib ko‘rdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib ko‘rdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, «Boburnoma»da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.

Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lgan. Bu yerda o‘z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620-yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo‘lgan.

Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome’ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident topshirig‘iga muvofiq 2017-yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi ob’yektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Hozirga qadar Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan. 

Prezidentga Axsikent majmua bosh rejasi, uning tadqiqot olib borilgan ob’yektlari, hududda barpo etiladigan turistik majmua loyihasi haqida ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, bu yerda muzey tashkil etiladi. Axsikentning qadimiy dovrug‘ini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Umarshayx Mirzo va Boburning Kamoliddin Behzod chizgan suratlari asosida ularning haykali bunyod etiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo bo‘ylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada ko‘hna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.

Zarur infratuzilma, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qurilib, Axsikent turizm manziliga aylantiriladi.

Shavkat Mirziyoyev majmuada qadimiy tariximizni targ‘ib qiluvchi festival o‘tkazish, Namangan davlat universitetida arxeologiya ta’lim yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Tarixni tarixiy ob’yektlarda o‘qitish, maktab va universitetdagi amaliy mashg‘ulotlar va darslarning ayrimlarini shu yerda o‘tish zarurligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring