«Yechimi 15 kunlab vaqt oladi» — bir yilda bankomat pul bermasligi bilan bog‘liq 290 mingta murojaat qayd etildi
2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 42 mingdan ortiq bankomat va infokioskalar o‘rnatilgan bo‘lib, har 100 ming aholiga 55 tadan shunday qurilma to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, Gruziyada bu ko‘rsatkich 108 ta, Rossiyada 105 ta, Yaponiyada 103 tani tashkil etadi. Muomaladagi bank kartalari soni esa qariyb 70 milliontaga yetgan. Bu haqda Senat yig‘ilishida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ma’lum qildi.
Senatorning ta’kidlashicha, moliyaviy qulayliklarning ortishi bilan bir paytda, bankomatlar bilan bog‘liq muammolar fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Minglab odamlar bankomatdan pul yechib olishdagi texnik kamchiliklar sababli haftalab sarson bo‘lmoqda. Ularning muammolarini hal etadigan tezkor mexanizmlar esa amalda joriy etilmagan. Ba’zi bankomatlarga tiqilgan kartalar hisobidan mijoz buyrug‘iga ko‘ra mablag‘ yechilsa-da, bankomat pulni naqd shaklda bermayotgani yoki karta tiqilib qolgani to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar, jumladan, ichki ishlar bo‘limlariga ham kelib tushmoqda.
Ta’kidlanishicha, birgina 2025-yilda mamlakat bo‘yicha aholi bankomatdan pul yechib olishda 290 ming marta ana shunday noxush holatga duch kelgan. Fuqaro murojaati asosida uning mablag‘larini tezkor ravishda olib berish, sanoqli daqiqalarda plastik kartalarni bankomat ichidan qaytarib olishni ta’minlovchi servis xizmatlari yo‘lga qo‘yilmagan. Fuqarolarning bu holatlar yuzasidan banklarga qilayotgan murojaatlari odatda bir ish kunidan 15 ish kunigacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilmoqda.
Jumladan, 2025-yildagi 290 mingta murojaatning 97 mingtasi 2-3 ish kunida, 22 mingtasi 4-6 ish kunida, 9700 tasi 7-15 ish kunida, qariyb 10 mingtasi esa 15 kundan ortiq muddatda ko‘rib chiqilgan.
«Endi tasavvur qiling, 500 ming so‘m pulni bankomatdan chiqarib, zarur oziq-ovqat yoki dori-darmonni sanoqli daqiqalarda olishi zarur bo‘lgan inson 15 kungacha bank oldida muammoni yechimini kutub o‘tirsa, bunni qanday izohlash mumkin?», — dedi Qutbiddin Burxonov.
Ta’kidlanishicha, aksariyat fuqarolar bu masala yechimini tezkor topish uchun ichki ishlar bo‘limiga ham murojaat qilishmoqda. 2024-2025 yillarda hamda 2026-yilning birinchi choragi davomida Ichki ishlar vazirligining 102 axborot tizimiga bankomatlar faoliyati bilan bog‘liq jami 3122 ta murojaat kelib tushgan. Ya’ni, ichki ishlar bo‘limlari jinoyatchilikni jilovlash bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan bir paytda, fuqaroning bankomatda tiqilib qolgan kartasini chiqarib olishga ham jalb etilmoqda.
Senator 290 mingga yaqin holat mas’ullarni o‘ylantirishi kerakligini aytib o‘tdi.
Masalaning yechimi sifatida banklarning mas’uliyatini oshirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qonun bilan aniq belgilash, fuqarolarning mablag‘larini tezkor qaytarish mexanizmlarini joriy etish taklif etildi.
Markaziy bank mas’ullaridan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berish so‘raldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter