Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Qizil furiya»

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Qizil furiya»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Ispaniyaga!

Laqabi: «La Furia Roja» («Qizil furiya»).

Konfederatsiya: UYeFA.

Bosh murabbiy: Xulen Lopetegi.

Sardor: Serxio Ramos.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Iker Kasilyas (167).

To‘purar: David Vilya (59).

FIFA reytingida: 8 (2018-yil 12-aprel).

Eng yuqori o‘rin: 1 (2008-yil iyul; 2009-yil iyun; 2010-yil iyul; 2011-yil iyul; 2011-yil oktyabr-2014-yil iyul).

Eng past o‘rin: 25 (1998-yil mart).

Ilk rasmiy o‘yin: Ispaniya – Daniya 1:0 (Antverpen, Belgiya; 1920-yil 28-avgust).

Eng yirik g‘alaba: Ispaniya – Bolgariya 13:0 (Mardid, Ispaniya; 1933-yil 21-may).

Eng yirik mag‘lubiyat: Italiya – Ispaniya 7:1 (Amsterdam, Niderlandiya; 1928-yil 4-iyun). Angliya – Ispaniya 7:1 (London, Angliya; 1931-yil 9-dekabr)

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 14 marta (chempion: 2010).

Yevropa chempionatidagi ishtiroki: 10 marta (chempion: 1964, 2008, 2012).

Ilk taassurot

Ispaniya primerasi dunyoning eng kuchli ligasi hisoblanadi. Unda «Barselona», «Atletiko», «Real» kabi dunyoning eng zo‘r jamoalari ishtirok etadi. Ammo, tan olish kerak, mamlakat milliy terma jamoasi yutuqlarni qo‘lga kiritish borasida klublar darajasida emas. Buning ko‘pgina sabablari bor. Ulardan biri 20-asr boshidagi Ispaniya terma jamoasining siyosiy mojarolar tufayli ko‘pincha dunyo miqyosidagi turnirlardan chetda qolganidir. Hatto 1960-yilgi Yevropa chempionatida ham kuchli tarkibga ega jamoa siyosiy kelishmovchiliklar qurboniga aylangan. Ammo ana shu muammolar ham ispanlarning to‘rt yil o‘tib Yevropaning birinchi jamoasiga aylanishiga to‘sqinlik qilmagan.

Keyinchalik...

«Yevro-84»da finalgacha yetib borgan ispanlar Mishel Platini boshchiligidagi Fransiyaga imkoniyatni boy berishadi. 1990-yillari Ispaniya guruh o‘yinlarida yaxshi natija ko‘rsatib, «pley-off» bosqichida mag‘lubiyatga uchrashni odat qilib oldi. Har gal chempionlik uchun asosiy da’vogar sifatida tilga olinadigan va odatda chorak finalda qoqilgan jamoa tarkibida Fernando Yerro, Raul Gonsales, Gaiska Mendeta kabi zo‘r futbolchilar bor edi.

Tub burilish

2008-yilga kelib ispan futbolida tub burilish sodir bo‘ldi. Bosh murabbiy Luis Aragones tarkib tanlashda o‘z bilganidan qolmadi va o‘sha mashhur Raulni yakuniy tarkibga kiritmaslikka o‘zida kuch topdi. Yakunda uning bu qarori o‘zini oqladi va qit’a birinchiligida «qizil furiya» bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Germaniyaga qarshi kechgan final bahsida Fernando Torresning yagona goli ispanlarga g‘alaba keltirdi.

Del Boske davom ettirdi...

Aragonesning mustahkam poydevori ustiga muhtasham bino qurgan murabbiy Visente del Boske bo‘ldi. U 2010-yildagi jahon va 2012-yildagi Yevropa chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ilk bor Afrika qit’asida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati finaliga Ispaniya va Niderlandiya yo‘l oldi. Keskin, dramatik ruhdagi final bahsining asosiy taymlarida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha vaqtda esa ispanlar iroda namoyish etishdi: Andres Inestaning goli hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

Aragonesning keyingi «missiya»si ham ancha muvaffaqiyatli chiqdi. Ukraina va Polshada bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatining ilk va so‘nggi uchrashuvida italiyaliklar bilan kuch sinashgan Ispaniya terma jamoasi guruh bahsida durang o‘ynagan bo‘lsa, finalda yirik hisobda yengdi – 4:0! Qisqa vaqt ichida uchta yirik turnirda g‘alaba qozongan Ispaniya terma jamoasi yutuqlari mamlakatning yetakchi klublari «Barselona» va «Real» muvaffaqiyatiga ulanib, ispan futbolini yuksak cho‘qqiga ko‘tardi. Bir necha yil davomida Xavi, Inesta, Torres, Kasilyas, Vilya va Puyol kabi futbolchilar jahon yulduzlari darajasidan tushmay kelishdi.

 Pasayish

Chempionlikka erishishdan uni ushlab turish qiyinroq deyishadi. Ispaniya terma jamoasi Yevropada chempionlik unvonini bir marta himoya qilishga kuchi yetdi. Ammo jahon chempionatida yana bir bor zafar quchish unga nasib etmadi. Braziliyadagi chempionat ular uchun ancha omadsiz yakunlandi. Niderlandiya, Chili va Avstraliya kabi terma jamoalarga duch kelgan ispanlar guruh bahslaridayoq omadsizlikka uchradi.

Bugungi Ispaniya tarkibida jahon va Yevropa chempionlari ko‘p emas. Ammo g‘alabaga chanqoq yosh iqtidorlar yetarli. Ular Rossiya maydonlarida oxirgi katta musobaqalardagi muvaffaqiyatsizliklar tasodif ekanligini isbotlashga harakat qilishadi.

 Saralash bahslari

Saralash o‘yinlariga qur’a tashlanganidayoq to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun ispanlarning asosiy raqibi ma’lum bo‘lgan edi. Italiyadagi o‘yinda ochko yo‘qotgan «qizil furiya» qolgan bahslarni o‘z foydalariga hal etdi. Ustiga-ustak olti marta raqiblar yirik hisobda mag‘lub etildi. Lixtenshteyn terma jamoasi esa har ikki o‘yinda o‘z darvozasidan sakkiztadan to‘p olib chiqdi. Ispanlar o‘nta o‘yinda o‘z darbozasidan bor-yo‘g‘i uchta gol o‘tkazib yubordi.

 So‘nggi beshta o‘yin 

Sana

Raqib

Hisob

Gol

mualliflari

Shahar

1

2017-yil 5-sentyabr

Lixtenshteyn

8:0

Ramos,

Morata 2 ta, Isko, D.Silva, Aspas 2 ta, Geppel (avtogol)

Vaduts, Lixtenshteyn

2

2017-yil 6-oktyabr

Albaniya

3:0

Rodrigo, Isko, T.Alkantara

Alikante

3

2017-yil 9-noyabr

Isroil

1:0

Ilyarramendi

Quddus, Isroil

4

2018-yil 23-mart

Germaniya

1:1

Rodrigo

Dyusseldorf, Germaniya

5

2018-yil 27-mart

Argentina

6:1

Kosta,

Isko 3 ta, T.Alkantara, Aspas

Madrid

Asosiy yulduz

Ispaniya terma jamoasidan alohida yulduzni ajratib ko‘rsatish juda qiyin masala. Terma jamoada raqobat shu darajada kuchliki, bosh murabbiy nafaqat asosiy tarkib o‘yinchilarini aniqlashda, balki Rossiyaga olib boradigan 23 futbolchini tanlab olishda ham katta qiyinchiliklarga duch kelishi shubhasiz. Isko, Pedro, Asensio, Vaskes, Kosta, Morata, Aspas, Alkaser, Fabregas, Silva, Kalexon, Deulofeu, Adurits, Torres, Vilya, Nolito, Suso, Vitolo... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo ro‘yxatdagi barcha yulduzlar ham Rossiyaga kelish imkoniyatiga ega emas. Biz kimnidir tanlab olishimiz kerak ekan, shartli ravishda «Real» bilan chempionlar ligasining g‘olibi bo‘lishga yaqin turgan Marko Asensioni tanlaymiz.

Rus mutaxassisi Valeriy Karpin qo‘l ostida bir muddat shug‘ullangan Marko «Real» murabbiylarining nazariga tushdi. «Malorka»ning asosiy tarkibida bir mavsum to‘p surgan yosh futbolchi «qirollik klubi» tomonidan sotib olindi va darhol «Espanol»ga ijaraga berildi. Barselonadagi ilk mavsum kutilganidan a’lo darajada o‘tdi. Yosh yigit uchun mavsumning 34 ta o‘yinida maydonga tushish katta yutuq edi. Uning «Real»ga qaytishini shaxsan bosh murabbiy Zidan xohladi. Asensioning madridliklar safidagi debyuti muvaffaqiyatli chiqdi. Tronxeymdagi Yevropa superkubogi bahsining 21-daqiqasidayoq «Real»dagi ilk golini kiritgan yosh futbolchi keyingi bir yarim yil davomida bir necha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. So‘nggi paytlarda dahshatli raqobat Asensioga «Real»ning asosiy tarkibga kirishiga xalal bermoqda. Bu narsa Ispaniya termasida ham davom etishi ehtimoldan xoli emas. Hamma gap bosh murabbiy Lopetegi va uning chempionatdagi taktikasiga bog‘liq.

Raqiblar

Taqdir uch qo‘shni davlatni bitta guruhga birlashtirdi. Qur’a natijasiga ko‘ra mintaqa jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan Portugaliya, Ispaniya va Marokashga Osiyodan Eron qo‘shiladigan bo‘ldi. Birinchi turda guruhning eng qiziqarli o‘yini bo‘lishi kutilmoqda. 15-iyun kuni Sochi quyoshi ostida o‘tadigan ispan-portugal bahsi balki guruh g‘olibini aniqlab berar?.. Guruhdagi keyingi o‘yinlar Qozonda Eron bilan va Kaliningrad shahrida Marokash bilan bo‘lib o‘tadi.

Ispaniya va Portugaliya terma jamoalari bir-biri bilan 36 marta rasmiy o‘yinlarda uchrashgan. Ularning 19 tasida «qizil furiya»ning qo‘li baland kelgan. Jahon chempionati doirasidagi yagona uchrashuv 2010-yilda bo‘lib o‘tgan. Unda bo‘lajak chempionlar kichik hisobda g‘alaba qozongan.

Bugungi qahramonlarimiz Eron va Marokash terma jamoalari bilan hech qachon uchrashmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring