Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Blogerlar chempionatining finalchilari aniqlandi

Blogerlar chempionatining finalchilari aniqlandi

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 12-aprelida O‘zbekiston blogerlari chempionatiga start berilgan edi. Chempionatning 22–31-may kunlari bo‘lib o‘tgan 2-bosqichiga 64 ta ijodiy ish (matnli, foto, videobloglar) kelib tushdi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 11 nafar bloger bu bosqichdan qatnashmadi.

Hakamlar hay’ati ikkinchi bosqichga kelib tushgan ijodiy ishlarni baholashni yakunladi. Natijalarni mana bu yerda ko‘rish mumkin.

Chempionatning navbatdagi bosqichiga 20 nafar bloger yo‘l olishi kerak edi. Nizomning 3.3-bandida 20-o‘rindagi ishtirokchi bilan yana bir nechta blogerning natijasi bir xil bo‘lib qolgan taqdirda, ularning barchasi keyingi bosqichga o‘tishi ko‘zda tutilgan edi.

Ikkinchi bosqichda 20–22-o‘rinlardagi ishtirokchilar bir xil natija (4,25 ball) qayd etishdi. Shu bois ularning barchasi chempionat finaliga qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi. Shu tariqa finalda 22 nafar bloger ishtirok etadi.

O‘tgan bosqichlardagi tajribadan kelib chiqqan holda, ya’ni dedlaynga taqab post yuborishini inobatga olib, finalchilarning ijodiy ishlarini baholashda ham yuqoridagi kabi holatlar yuz berishining oldini olish maqsadida hakamlarga blogpostlarni baholash uchun ajratilgan vaqt bir kundan uch kunga uzaytirilgani haqida xabar bergan edik. Endi Blogerlar chempionatining final bosqichiga ijodiy ishlar 10-iyun kuni soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Hakamlar kelib tushgan ishlarni 3 kun davomida baholashadi. Natijalar, g‘olib va sovrindorlar nomi 13 iyun kuni e’lon qilinadi.

Final bosqichida blogerlar xuddi ikkinchi bosqichda bo‘lgani kabi yangi, hali hech qayerda e’lon qilinmagan blogpost taqdim etishi lozim. Avval boshqa joyda e’lon qilingan blogpostlar kelib tushsa, ishtirokchi shu zahoti chempionatdan chetlashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Blogerlar chempionatining g‘oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanishadi:

1-o‘rin (1 ta): 15 million so‘m.
2-o‘rin (2 ta): har biriga 8 million so‘mdan.
3-o‘rin (3 ta): har biriga 5 million so‘mdan.

Bundan tashqari, o‘ndan ziyod nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi. Nominatsiyalar g‘oliblari homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Blogerlar chempionatining g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi 14-iyun — Xalqaro blogerlar kuni bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring