Bog‘cha bolasini kaltaklagan tarbiyachi ishdan haydaldi
Buxoro viloyati, Kogon shahridagi xususiy bog‘chada yosh bolani kaltaklagan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 20 noyabr kuni soat 9:30 larda Kogon shahridagi «Quyoshjon» oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi tarbiyalanuvchi bolani urgan. Holat aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Qayd etilishicha, mazkur ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Kogon shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘rganish olib borilgan.
«Vazifasini qo‘pol ravishda buzgan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Har qanday vaziyatda ham tarbiyachi yoki boshqa xodimning bolalarga ozor yetkazishga, ularni urish yoki kaltaklashga haqi yo‘q. Va bunday shaxslar tizimda faoliyat ko‘rsatishga noloyiq», — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Iroda Oripova.
Ayni paytda tarbiyachining xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter