Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bola o‘g‘irlikka qo‘l urdi. Nega?

Bola o‘g‘irlikka qo‘l urdi. Nega?

foto: chatgpt

Yoshlar haqida gap ketganda, ko‘pincha umumiy va chiroyli iboralar ishlatiladi. Ammo hayotda-chi? Ayrim hollarda ba’zi yoshlarning xatti-harakatlari tarbiyadagi yetishmovchilikni, e’tiborsizlikni yoki atrof-muhit ta’sirini ochiq ko‘rsatib qo‘yadi. Bu holatni faqat «tarbiyasizlik» deb baholash oson, ammo masalaning mohiyati undan ancha chuqur. Chunki bolaning xulqi – uni o‘rab turgan muhitning, munosabatning va nazoratsiz qolgan jihatlarning natijasidir.

– Nodir (ismi o‘zgartirildi) hozirda sakkizinchi sinfda o‘qiydi, – deydi Parkent tumani IIB HPB voyaga yetmaganlar masalasi bo‘yicha ins­pektor-psixolog, katta leytenant Gulchehra Mirzaxmedova. – U o‘g‘rilik sodir etgan. Mazkur holatning sabablari o‘rganilganda, bolaning ota-onasi dehqonchilik orqasida tirikchilik qilishi, u buvisining qaramog‘iga ishonib qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Dastlab Nodir buvisining erkasi bo‘lib, uning pensiya pullarini bemalol ishlatib yurgan, keyin «ehtiyojlari» ortgan. Va begona cho‘ntakka qo‘l solib, pul o‘g‘rilagan. Tashvishlisi, bolaning o‘g‘rilik qilishdan maqsadi osongina pul topish ekanligi. Vaholanki, hozir u o‘qish, o‘rganish, kelajakdagi orzulari poydevorini qo‘yish pallasida. Biroq oilaviy muhitning nosog‘lomligi, nazoratsiz qolishi, vaqtini behuda sarflashi bilan bog‘liq bir-birini to‘ldirgan vajlar sabab huquqbuzarlikka qo‘l uryapti. Hozirda Nodir jinoyat sodir etishga moyil o‘smirlar ro‘yxatida turadi. U bilan goh yakka, gohida  ota-onasi ishtirokida profilaktik suhbatlar olib borilmoqda.   

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan taqdim etilgan mavzuga doir raqamlarni keltirib o‘tsak. Mamlakatimiz bo‘yicha 2024-yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 3 112 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 2 798 taga tushgan. Ya’ni, jinoyatlar soni 10,1 foizga kamaygan. Bu esa maktab, oila, mahalla va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Biroq bir nafar bolaning qonun chegarasini buzib o‘tishi ham uning kelajagiga salbiy ma’noda soya solishi mumkinligi bizni tashvishlantirishi kerak. Masalaning o‘ylab ko‘riladigan tomoni ham shunda.

– Yoshlar tomonidan sodir etilgan  jinoyatlarni o‘tgan yil misolida tahlil etadigan bo‘lsak, har ikkinchisi (1313ta) o‘g‘rilikka to‘g‘ri keladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti Jinoyatchilik omillarini tadqiq qilish markazi ilmiy xodim-tadqiqotchisi, mayor Madina Abdijalilova. – Shuningdek, 84 ta firibgarlik, 193 ta bezorilik, 87 ta talonchilik, 68 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 68 ta transport vositasini olib qo­chish, 36 ta nomusga tegish, 17 ta bosqinchilik va 15 ta qotillik holatlari qayd etilgan. Shu o‘rinda yana bir xavotirli jihatni aytib o‘tishim kerak. Ushbu  jinoyatlarning 12 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan. Bu bevosita internet yoshlar uchun imkoniyat eshiklarini ochish barobarida, kiberfiribgarlik va virtual tajovuz kabi xavf-xatarlarni ham olib kelayotganini dalillaydi.

Jamiyatda yoshlar jinoyatchiligi haqida gap ketganda, ko‘pincha oqibatga e’tibor qaratiladi. Aslida esa muammoni tushunish uchun sabablarga nazar tashlash muhim. Tahlillarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida jinoyatga olib kelayotgan omillar orasida ota-onaning tarbiyaviy namunasi omili yetakchi o‘rinda turadi. Bu ko‘rsatkich bola shaxsining shakllanishida oilaning hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Chunki bola, eng avvalo, ota-onasining kundalik xulq-atvori, munosabati va hayot tarzidan o‘rnak oladi. Oilada qonunga hurmat, mehnatsevarlik va mas’uliyat hissi ustuvor bo‘lsa, bolada ham shu qadriyatlar shakllanadi. Aksincha, beparvolik yoki zo‘ravonlik mavjud muhitda o‘sgan bolaning salbiy xulq-atvorga moyil bo‘lishi ehtimoli oshadi.

Ha, dono xalqimiz tilidagi «Qush uyasida ko‘rganini qiladi» maqoli yosh avlod tarbiyasida hayotiy asoslariga tayangan hikmatdir. Bugun voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi faqatgina ichki ishlar organlarining muammosi emas. Bolalardagi salbiy o‘zgarish avvalo ota-onani, qolaversa, maktab, mahalla va butun jamiyatni tashvishga solishi lozim. Bunda eng muhim maqsad – bolaning xatosini  o‘z vaqtida to‘g‘rilash, uning xatti-harakatlarini nazoratga olish. Shuningdek, balog‘at davrining beqaror  kayfiyati, qiziqqonlik va o‘zini namoyon qilish istagining kuchliligi, huquqiy savodxonlikning yetishmasligi ham  kutilmagan og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishini unutmaslik kerak.

Bolalarning savollari ko‘p. Bu savollarga ular ulg‘aygani sayin javob topib boradi. Kimning ko‘magida? Albatta, yaqinlari, ota-onasi, ustoz-murabbiylari, tengdoshlari bilan muloqotda, o‘zaro suhbatda.  Demak, hamma istakning ro‘yobi maslak birligi, do‘stona tillashishda, to‘g‘ri tarbiyada.

Gulnoza Turg‘unboyeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring