Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bukhara investment Forum»da 200 dan ortiq investitsiya ob’yektlari va loyihalar taqdim etiladi

«Bukhara investment Forum»da 200 dan ortiq investitsiya ob’yektlari va loyihalar taqdim etiladi

Foto: Behzod Ne’matov

Buxoroning iqtisodiy, investitsion va turizm salohiyatini namoyish etish hamda istiqbolli investitsion loyihalarni muhokama qilish maqsadida Buxoro yoshlar markazida «Bukhara investment Forum» tashkil etilganini xabar qilgan edik. Ushbu tadbir Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyevning tabrik so‘zi bilan ochildi.

Foto: Behzod Ne’matov

Forumda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish maqsadida Xitoy, Turkiya, Hindiston, Iordaniya, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Isroil, Rossiya va Yevropaning bir qator mamlakatlari hamda Mustaqil hamdo‘stlik davlatlaridan kelgan biznes vakillari qatnashdi.

«O‘tgan ikki yillik qisqa davrda Davlatimiz rahbari boshchiligida tashqi siyosatda ochiqlik prinsipiga amal qilinib, 46 ta mamlakat aholisi yurtimizda 30 kungacha vizasiz bo‘lishi, 76 ta davlat fuqarolari yengillashtirilgan tartibda elektron viza olishi, 101 ta mamlakat aholisi uchunchi davlatga borishda O‘zbekistonda 5 kungacha vizasiz kirishi kabi qator imtiyozlar joriy etilishi milliy turizm salohiyatimizni yanada yuksaltirish imkonini yaratmoqda. Birgina, 2018 yilning o‘zida yurtimizda xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq muhim Farmon va qarorlar qabul qilinganligi fikrimizning yaqqol dalilidir, - dedi o‘z so‘zida Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, - Bu ijobiy o‘zgarishlarni qayd etadigan bo‘lsak, 2018 yilda sayyohlar soni 2,5 mln. kishiga yetdi. Xorijiy sayyohlar soni 301 mingdan ortib, qariyb 2 baravarga ko‘paydi. Istiqbolda Buxoroga sayyohlar oqimi keskin ortishini hisobga olib, joriy yilda 60 ga yaqin mehmonxonalar, 20 dan ortiq restoranlar, bir qator istirohat bog‘lari, saylgohlar qurilmoqda»

Forumning dastlabki qismida viloyatimizda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud erkin iqtisodiy zonalar haqida so‘z yuritildi.

Bunda Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Vinod Kumar, O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Said Rustamov, Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov va boshqalar so‘zga chiqishdi.

Foto: Behzod Ne’matov

Forumda xorijiy investitsiyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashgan holda o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish imkoniyati yaratilgan.

Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasida investorlar, xususan xorijiy investorlar uchun ko‘plab yengilliklar yaratilayotgaligi natijasida 2017 yilda 18 ta, 2018 yilda 53 ta xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalar tashkil etilib, ularning umumiy soni 156 taga yetgan.

Foto: Behzod Ne’matov

Forum davomida viloyatning shahar va tumanlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida 200 dan ortiq investitsiya ob’yektlari va loyihalar taqdimoti tashkil etilishi mo‘ljallangan.

Forum ishi davom etmoqda.

Laylo Hayitova

 

Foto: Behzod Ne’matov
Foto: Behzod Ne’matov

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring