Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Dam yeb» yotgan ijro hujjati: hokimlikka nisbatan qonunning quvvati yo‘qmi?

«Dam yeb» yotgan ijro hujjati: hokimlikka nisbatan qonunning quvvati yo‘qmi?

Kollaj: «Xabar.uz»

Gap boshida «Qonun barchaga barobar» ma’nosida uch-to‘rt jumla tizishning keragi yo‘qday. Bunaqa gaplar ko‘p va xo‘p aytilaverganidan odamga erish tuyuladi goho. Qonun oldida barcha barobar ekani rost. Biroq o‘sha qonun barchaga birdek tatbiq etilmas ekan, bunaqa balandparvoz gaplardan kishining ensasi qotadi, xolos.

Misol kerakmi? Marhamat.

Fuqaro Farrux Mansurovning «Eski shahar buyum bozori»dagi (Jizzax shahri) savdo do‘koni buziladigan bo‘ldi. Bu 2014-yildagi gap. Hozir-ku mutasaddilarda sal-pal insof va yaxshigina imkoniyat borligi bois davlat va jamiyat ehtiyoji uchun buzilayotgan inshootlarning tovon puli avvaldan belgilanib, iloji boricha, o‘z vaqtida ado etishga harakat qilinmoqda. Shundayam ming g‘avg‘o bor baribir. To‘rt-besh yillar avval vaziyat boshqacharoq edi: mulki buzilayotgan fuqaroga beriladigan kompensatsiya masalasi inshootning kuli ko‘kka sovurilganidan keyingina kun tartibiga chiqardi. Farrux Mansurovga ham o‘sha vaqtda va’da quyuq qilindi: mulkning tovonini to‘laymiz, kamiga yangi do‘kon uchun yer maydoni ham beriladi!

Ammo, sezib turganingizdek, va’da shundog‘icha qolib ketdi. Do‘kon esa o‘sha paytning o‘zidayoq buzib tashlandi. Buzish ishlari shu darajada tezkorlik bilan amalga oshirildiki, inshoot qiymatini aniqlash uchun tegishli ekspertiza o‘tkazilmadi hatto.

Farrux Mansurov u yoqqa chopdi-bu yoqqa chopdi. Qayoqqa bormasin, kimga uchrashmasin, topgani qop-qop va’da bo‘ldi. Sarsongarchiligining uchinchi (!) yili, nihoyat, sudga murojaat qildi. Sudda javobgar tomon — Jizzax shahar hokimligi vakili da’vodan tonmadi. Kompensatsiya? Bosh ustiga. Faqat miqdorini aniqlash uchun ekspert xulosasi zarurligini ta’kidladiki, bu talabi ham ado etildi. Ekspert uch yil avval buzilgan do‘kon tovonini 26 million so‘mga baholadi. Miqdor biroz kulgili va hayratlanarli bo‘lmasin, Farrux Mansurov murosaga bordi: boshqa chorasi ham yo‘q edi-da. Qolaversa, do‘kon uchun yer maydoni beramiz, deyishdi. Zora...

Alqissa, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudi fuqaro foydasiga Jizzax shahar hokimligidan 26 million so‘m undirish haqida qaror chiqardi!

Shu bilan hammasi hal bo‘ldi, dersiz? Hech-da.

2017-yilning mart oyida chiqarilgan sudning hal qiluv qarori haligacha ijro etilmaganiga nima deysiz? Sud qaroriki «dam yeb» yotgan ekan, va’da qilingan yer maydonini qo‘yavering!

Sud qarori — ijrosi majburiy bo‘lgan hujjatlar toifasiga kiradi. Majburiyligi shu qadarki, ijroni paysalga solish qator huquqiy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Sud qarorini to‘la bajarmaslik ne, hatto vaqtida ado etmaslik ma’lum miqdorda jarima solinishiga olib keladi. Sud departamenti tugatilib, Majburiy ijro byurosi tashkil etilganidan keyin bu boradagi ishlar yanayam qat’iylashdi. Rost-da, ijro etilmagan sud qarorining oddiy qog‘ozdan nima farqi bor?! Shu bois MIB xodimlari qarzdorning oh-vohiga endiyam qarab o‘tirishmayapti: puli yo‘qmi, darhol mulki hatlanadi, uni sotib bo‘lsayam haqdorning murodi hosil qilinmoqda. Ijroga to‘sqinlik qilganlar jarimalarga mustahiq etilmoqda, jinoiy javobgarlikka tortilganlar ham yo‘q emas. Vaqtida aliment to‘lamaganlar-ku 10-15 sutkaga qamab qo‘yilmoqda hatto.

Nima deysizki, shunday choralar belgilangan qonun... Jizzax shahar hokimligiga kelganda quvvatini yo‘qotyapti go‘yo! Yo‘qsa, Farrux Mansurov foydasiga chiqarilgan sud qarori shu choqqacha tuya go‘shti yeb yotarmidi?! MIBning azamat xodimlari ushbu qaror ijrosi uchun shu choqqacha nimalar qilishgan – bu endi katta savol.

Xo‘p, erta bir kun mazkur sud akti ijro etilar ham. Xo‘sh, bundan fuqaroga nima foyda? 2014-yilda 26 million so‘mga baholangan do‘kon puliga bugun, ya’ni 2019-yilda o‘shanday savdo nuqtasi qurish tugul, chog‘roq tovuqkatak tiklab bo‘ladimi? Albatta, yo‘q! Shu nuqtai nazardan ijrosi paysalga solinib kelingan sud qarori qonuniydir balki, biroq uni asosli va adolatli deb bo‘ladimi? To‘g‘ri, fuqaroda pulning qadrsizlanishi darajasi va boy berilgan imkoniyatlarini chamalab Jazzax shahar hokimligiga nisbatan sudda yana da’vo qo‘zg‘ash huquqi bor. Biroq sud jarayonida bir g‘urbat, sud qarori ijrosida ming g‘urbatga girftor etilayotgan fuqaroda bunga ishonch va ishtiyoq qayda, deysiz?!

Nima qilmoq kerak?

Masalaga prokuratura aralashar balki?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring